Moyliev Elyor Baxtiyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: “O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lishining agrar sektoriga ta’siri”, 08.00.09 – Jahon iqtisodiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Iqt3563.
Ilmiy rahbar: Tashpulatova Laylo Maratovna, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSc.11/25.08.2022.I.24.03.
Rasmiy opponentlar: Yusupov Nosirjon, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Qurbonov Alisher, iqtisodiyot fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonining O‘zbekiston agrar sektoriga ta’sirini tahlil qilish orqali ilmiy asoslangan takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
JSTning qishloq xo‘jaligini tartibga solish bo‘yicha xalqaro qoidalarini chuqur o‘rganish asosida O‘zbekiston Respublikasining institusional chora-tadbirlari JSTning qishloq xo‘jaligi qoidalariga muvofiqligi aniqlandi va ushbu tadqiqot natijasida mamlakat qishloq xo‘jaligi uchun zarur tavsiyalar ishlab chiqildi;
Filippin, Isroil, Niderlandiya, Turkiya va Braziliya kabi mamlakatlarda hosildorlikni hamda ishchilarning o‘rtacha mehnat unumdorligini baholash asosida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining samaradorligini qiyosiy tahlil qilib, O‘zbekistonda ushbu sektorning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha xulosalar olindi;
TRIST modeli yordamida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining uning qishloq xo‘jaligiga ta’siri modellashtirilgan hamda asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun o‘rtacha o‘rnatilgan tarif 8,9 %, o‘rtacha undirilgan tarif 0,6 % bo‘lgani aniqlangan. Modellashtirish natijasida JSTga a’zolik jarayonida import tariflari bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqilgan;
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari JSTni qo‘llab-quvvatlash guruhlarining tegishli mezonlariga muvofiq tasniflangan: “Yashil savat”, “Rivojlanish dasturi” va “Amber quti”. Ushbu taqsimot asosida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘paytirish yoki kamaytirish imkoniyatlari bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqilgan;
JSTga a’zo bo‘lishda rivojlangan yoki rivojlanayotgan mamlakat maqomini olish bo‘yicha xorijiy tajribani har tomonlama tahlil qilish asosida O‘zbekistonning rivojlanayotgan mamlakat statusi bilan tashkilotga a’zo bo‘lishi uning imkoniyatlarini oshirishi hamda rivojlanayotgan mamlakat statusini olish uchun dalillar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Dissertatsiya ishining ilmiy-nazariy va amaliy xulosalaridan “60412000-Xalqaro iqtisodiyot va menejment” ta’lim yo‘nalishi malaka talabining umumiy kompetensiyalarini ishlab chiqishda hamda “Jahon iqtisodiyoti” fani o‘quv dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2023-yil 8-noyabrdagi 02/01-01-155-son ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya ishining birinchi ilmiy yangiligidan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Prezident Administratsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–181-sonli qarori loyihasi uchun takliflarni shakllantirishda hamda JSTning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro savdosini tartibga solish qoidalari to‘plamini o‘rganish natijalaridan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga JSTga a’zo bo‘lish jarayonida takliflar berishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2023-yil 13-noyabrdagi 02-287-son ma’lumotnomasi // Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi “WTO Chairs Program in Uzbekistan” loyihasining 2023-yil 13-noyabrdagi 187/23-son ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya ishining ikkinchi ilmiy yangiligidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF–5853-son Farmonining 1-ilovasida belgilangan vazifalarni ijro etishda, xususan, qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini hamda qo‘shilgan qiymatni oshirish uchun sohaga zamonaviy boshqaruv shakllarini va eng so‘nggi texnologiyalarini jalb qilish,  sohadagi muammolarni bartaraf etish, fermerlarning ilm-fan bilan hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2023-yil 13-noyabrdagi 02-287-son ma’lumotnomasi).
Tadqiqot ishining uchinchi ilmiy yangiligidan O‘zbekiston Respublikasining JSTga a’zo bo‘lish jarayonida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun import bojlarini samarali o‘rnatish yuzasidan takliflar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2023-yil 13-noyabrdagi 02-287-son ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya ishining to‘rtinchi ilmiy yangiligidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risidagi PF–158-sonli farmoni 1-ilova 93-maqsadida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda, ya’ni milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini Jahon savdo tashkilotining qoida, me’yor va bitimlariga moslashtirish jarayonida foydalanilmoqda (O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2023-yil 13-noyabrdagi 02-287-son ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya ishining beshinchi ilmiy yangiligidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risi”dagi PF–27-sonli farmonining 97-maqsadida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda, ya’ni JSTga a’zo mamlakatlar bilan muzokaralar o‘tkazish jarayoni uchun takliflar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2023-yil 13-noyabrdagi 02-287-son ma’lumotnomasi // Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi “WTO Chairs Program in Uzbekistan” loyihasining 2023-yil 13-noyabrdagi 187/23-son ma’lumotnomasi).

Yangiliklarga obuna bo‘lish