To‘raeva Matluba Xoliqulovnaning
tarix fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbekistonning janubiy hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlar tarixi (1920-1945 yy.)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2020.4. DSc / Tar 169.
Ilmiy maslahatchi: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti,
PhD. 03/27.02.2022.Tar.70.05. raqamli Ilmiy Kengash asosidagi bir martalik Ilmiy Kengash
Rasmiy opponentlar: Hayitov Shodmon Ahmadovich, tarix fanlari doktori, professor; Yunusova Xurshida Erkinovna, tarix fanlari doktori, professor; Bobojanova Dilorom Babajonovna, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1920–1945 yillarda O‘zbekiston janubiy hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlar tarixi mavzusini ilmiy jihatdan ochib berish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
1920-1924 yillarda BXSR tarkibida bo‘lgan Qashqadaryo va Surxondaryo vohalari aholisi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy o‘zgarishlarga tortilgani, sovetlashtirish va kommunistik mafkura ta’sirida an’anaviy xo‘jalik va kundalik maishiy turmushdan uzoqlashishi yuz berganligi, qishloq xo‘jaligini hukmron mafkura foydasiga yaxshilash maqsadida aholiga kredit berishning joriy etilganligi, aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarning keng tarqalganligi, tibbiyot muassasalarining deyarli yo‘q ekanligi, maktab ta’limini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilganligi, murakkab tarixiy vaziyatda ham janubiy hududlar aholisi milliy o‘zligini va madaniy merosni saqlab qolishga intilganligi dalillangan;
1925-1941 yillarda janubiy hududlar iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi yetakchi o‘rin tutganligi, er-suv islohotlarini amalga oshirish jarayonida jiddiy qarama-qarshiliklar sodir etilganligi, jamoa xo‘jaliklarini tashkil etishda ixtiyoriylikka amal qilinmaganligi, quloqlashtirish siyosatining amalga oshirilish jarayonlarining zo‘ravonlik xususiyatlari, dehqonchilikda paxtachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilganligi, sanoat korxonalarining 90 foizi qishloq xo‘jaligi xom-ashyosini qayta ishlashga mo‘ljallanganligi, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalarida, asosan, hunarmandchilik artellari faoliyat ko‘rsatganligi isbotlangan;
1930-yillardan boshlab, aholi yashash sharoitlarida (erlar bo‘lib berilganligi, tibbiy xizmatning yaxshilanishi va h.k.) o‘zgarishlar qilinganligi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash muammosi ta’sirida o‘lkada ijtimoiy muammolarning keskin tus olganligi, kundalik ehtiyoj mollariga bo‘lgan talab, asosan, hunarmandchilik artellari hisobidan qondirilganligi, davolash muassasalari sonining ko‘payganligi, xotin-qizlarni ijtimoiy mehnatga jalb qilish jarayonlari bilan bog‘liq muammolar (erta turmushga berish, ish bilan ta’minlanishi, “Hujum” harakati tufayli xotin-qizlarga o‘tkazilgan taz’yiqlar va bosh) va ularning oqibatlari tarixiy dalillar asosida ko‘rsatib berilgan.
XX asrning 20-30 yillarida ta’lim tizimida yangiliklar qilinganligi, xususan an’anaviy maktab va madrasalarning yopilishi, aholining barcha qatlamlari uchun majburiy ravishda sovet ta’lim tizimining joriy etilganligi, maktablar uchun binolarning etishmasligi, o‘qituvchi kadrlar bilan ta’minlash jarayonida muammolarning mavjudligi, tashkil qilingan klub, qizil choyxona, qizil burchak va an’anaviy choyxonalarning sovet siyosati targ‘ibotiga xizmat qiluvchi tadbirlar markaziga aylantirilganligi, aholining ijtimoiy faollashuvi, savodsizlikning tugatilishi kabi ijobiy natijalari bilan birga, milliy qadriyatlarning yo‘q qilinishi, ijtimoiy psixologik muhitni mafkuraga moslashtirish kabi salbiy oqibatlarini keltirib chiqarganligi dalillangan.
Ikkinchi jahon urushi yillarda janubiy viloyatlardan frontga safarbar etish sharoitida yuzaga kelgan vaziyat, safarbar etilganlar orasida xotin-qizlarning ham mavjudligi, aholi yashash sharoitlarining o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lganligi, mahalliy sanoat korxonalari, jangchilarni issiq kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatganliklari, 1943-yilda Qashqadaryoda 42,0 ming gektar er qo‘shimcha o‘zlashtirilganligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishda janubiy hududlar aholisi yetakchilik qilganligi, Dehqonobod rayonidan osh tuzi qazib chiqarilganligi arxiv hujjatlari asosida ko‘rsatib berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston janubiy hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlar tarixiga (1920–1945 yy.) oid ishlab chiqilgan ilmiy natijalar va takliflardan:
1925-1941 yillarda O‘zbekiston janubiy hududlari iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi yetakchi o‘rin tutganligi, er-suv islohotlarini amalga oshirish jarayonida jiddiy qarama-qarshiliklar sodir etilganligi, jamoa xo‘jaliklarini tashkil etishda ixtiyoriylikka amal qilinmaganligi, quloqlashtirish siyosatining amalga oshirilish jarayonlarining zo‘ravonlik xususiyatlari, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalarida, asosan, hunarmandchilik artellari faoliyat ko‘rsatganligiga oid ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2023-yil 10-apreldagi 06-48-994-son ma’lumotnomasi). Natijada tomoshabinlarning janubiy viloyatlar tarixi bo‘yicha yangi ma’lumotlarga, va teletomoshabinlarda janubiy viloyatlar aholisining 1925-1941 yillardagi hayoti haqida tassurotlarga ega bo‘lish imkoniyatini bergan;
1920-1924 yillarda O‘zbekiston janubiy hududlar aholisi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy o‘zgarishlarga tortilgani, sovetlashtirish va kommunistik mafkura ta’sirida an’anaviy xo‘jalik va kundalik maishiy turmushdan uzoqlashishi yuz berganligi, maktab ta’limini yaxshilashga alohida e’tibor qaratganligi, murakkab tarixiy vaziyatda ham janubiy hududlar aholisi milliy o‘zligini va madaniy merosni saqlab qolganligiga oid taklif va tavsiyalar Qashqadaryo viloyat hokimligining 2021-2022 yillardagi yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatida amaliyotga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati hokimligining 2023-yil 10-maydagi 07-01072-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlarning o‘tmish tariximizga oid bilimlarini boyitishga shunungdek, ularni vatanparvarlik ruhida, komil inson sifatida tarbiyalanishiga xizmat qilgan.
1930-yillardan boshlab, aholi yashash sharoitlarida bir oz bo‘lsa-da o‘zgarishlar qilinganligi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash muammosi ta’sirida o‘lkada ijtimoiy muammolarning keskin tus olganligi, xotin-qizlarni ijtimoiy mehnatga jalb qilish jarayonlari bilan bog‘liq muammolar uning oqibatlari ochib berilgan ilmiy natijalardan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan dasturlarida foydalanilgan. (O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 2023-yil 12-apreldagi 02-02/18-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining saylovoldi dasturlarini ishlab chiqish va qabul qilish imkonini bergan.
XX asrning 20-30 yillarida ta’lim tizimida o‘zgarishlar qilinganligi, sovet ta’lim tizimining joriy etilganligi, tashkil qilingan klub, qizil choyxona, qizil burchak va an’anaviy choyxonalarning sovet siyosati targ‘ibotiga xizmat qiluvchi tadbirlar markaziga aylantirilgani, aholining ijtimoiy faollashuvi, savodsizlikning tugatilishi kabi ijobiy natijalari bilan birga, milliy qadriyatlarning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq ma’lumotlardan respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-2023 yillarda o‘tkazilgan targ‘ibot faoliyatida tadbiq etilgan (Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2023-yil 4-maydagi 168-son ma’lumotnomasi). Natijada joriy etilgan ma’lumotlar orqali aholining ma’naviy saviyasining oshishiga, xalqimizning mehnatsevarligi, mehmondo‘stligi, bag‘rikengligi kabi fazilatlari haqidagi tasavvurlari yanada kengaygan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston janubiy viloyatlar aholisining frontga safarbar etilishi jarayonlari, yuzaga kelgan qiyinchiliklar, ular orasida xotin-qizlarning ham mavjudligi, urush yillarida aholi yashash sharoitlarining o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lganligi, jangchilarni issiq kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatganliklari haqidagi ma’lumotlardan madaniy meros sohasidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan boyitishga xizmat qilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2023-yil 4-maydagi 04-05/1409 – son ma’lumotnomasi). Natijada Ikkinchi jahon urushi yillarida vohalar aholisining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti haqida etarli ma’lumotga ega bo‘lib, urush yillaridagi o‘ta og‘ir jarayonlarni mardona engib o‘tgan insonlarga nisbatan mehr-muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otishga xizmat qilgan.