Yaxshibekov G‘olib Ravshan o‘g‘lining falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Klariy laqqasi (Clarias gariepinus) lichinkalarini oziqlantirishda ozuqabob tirik organizmlardan foydalanish samaradorligi», 03.00.15 – Ixtiologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/B1072.
Ilmiy rahbar: Mullabaev Nodirbek Ravshanbekovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Kuzmetov Abdulaxmet Raymberdievich, biologiya fanlari doktori, professor; Atamuradova Muhayyo Shavkatovna, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: klariy laqqasi lichinkarini parvarishlashda tabiatiga mos tirik ozuqa organizmlarini tanlash va ular bilan oziqlantirishning biologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marta respublikada mavsumdan tashqari davrda olingan sanoat baliqchiligi ob’ekti sanalgan klariy laqqasining lichinkalarini etishtirishda bir qator tirik ozuqalardan foydalanish imkoniyati aniqlangan;
klariy laqqasi lichinkalarini etishtirishda 15 kungacha bolgan davrda tirik ozuqalardan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan tajribalarda o‘sish ko‘rsatkichlari sanoat boshlang‘ich ozuqasiga nisbatan o‘rtacha 0,7 gram yuqori bo‘lishi aniqlangan;
zooplankton bilan 15%, auloforus bilan oziqlantirilganda zooplanktonga qaraganda 27% ga baliqlar o‘sishi va biomassasining ortishi bilan bir qator tirik ozuqalar sifati o‘rtasidagi bog‘liqlik, lichinkalarni chavoqlik davrigacha bo‘lgan yashovchanlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgani asoslangan;
parvarishlashning 27oC optimal haroratida auloforusni o‘stirish ko‘rsatkichlari hamda 8 kun turli ozuqa komponentlarida jo‘xori, bug‘doy va suli yormasi foydalanilgan va bu davrda suli yormasi samarali ekanligi aniqlangan;
klariy laqqasi lichinkalarini parvarishlashda kam tukli chuvalchanglardan auloforus, oddiy tubifeks, shuningdek, dafniya magna, artemiya quritilgan nauplilaridan tirik ozuqa sifatida foydalanish boshqa turdagi emlar shu jumladan yuqori oqsilli tarkibi muvozanatlashtirilgan emlarga nisbatan istiqbolli ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Klariy laqqasi (Clarias gariepinus) lichinkalarini oziqlantirishda ozuqabob tirik organizmlardan foydalanish samaradorligini oshirish borasidagi olingan ilmiy natijalar asosida:
“Tuyabo‘g‘iz” suv ombori zooplanktoni bilan klariy laqqasi lichinkalarini parvarishlash usuli Toshkent viloyati “Halol hazina” MChJ da joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 30 yanvardagi 06/27-06/162-son ma’lumotnomasi). Natijada, 15 kunlik chavoqlarning hayotchanligi tajriba variantiga nisbatan 15 foizga, iqtisodiy samaradorlikni esa 127 foiz oshirish imkonini bergan;
klariy laqqasi lichinkalarini biologik ko‘rsatkichlarini oshirishda tirik auloforus lichinkalaridan foydalanish usuli Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Fish cluster” MChJ sida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 30 yanvardagi 06/27-06/162-son ma’lumotnomasi). Natijada, 15 kunlik klariy laqqasi chavoqlarining o‘sish ko‘rsatkichi 1,02 grammni, iqtisodiy samaradorlikni 166 foizga oshirish imkoniyati yaratilgan;
auloforus tirik organizmi bilan klariy laqqasi lichinkalarini parvarishlash ishlari Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi Baliqchilik ilmiy markazida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 30 yanvardagi 06/27-06/162-son ma’lumotnomasi). Natijada, 15 kunlik klariy laqqasi 20 000 dona chavoqlarini parvarishlash orqali iqtisodiy samaradorlikni 140 foizga oshirish imkonini bergan.