Mo‘minova Ma’suma G‘olib qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Suv komponentli lisoniy birliklarning lingvokulturologik xususiyatlari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2396
Ilmiy rahbar: Xolmanova Zulxumor Turdievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, DSc.03/30.12.2021.Fil.70.01.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Xo‘jamurod, filologiya fanlari doktori, professor; Ikromov Islom Xushboqovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi suv leksemasi semantikasining axborot berish, ta’sir ko‘rsatish, to‘plash belgilarini izohlash, konseptual xususiyatlarini yoritish, til sohibining lisoniy ongi, tafakkuri, idroki bilan bog‘liq ifoda ko‘rinishlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
suv komponentli sodda va qo‘shma leksemalar semantikasidagi metafora, metonimiya asosidagi ko‘chimlar, til sohibining lisoniy ongi, tafakkuri, idroki, bahosi bilan belgilanuvchi birliklar, o‘xshatishlarda ifodalangan “xotira”, “tezlik”, “tiriklik”, “hayot” kabi ijobiy munosabat, “balo”, “ofat” kabi salbiy munosabat aks etgan madaniy semalar dalillangan;
milliy-madaniy belgilar aks etgan barqaror birikmalar, xususan, biologik jarayon, shaxsning jismoniy faoliyati, to‘siqlarni engish qobiliyati, ruhiy, psixologik holati, empirik bilimi, turmush tajribasi, etnik qadriyatlar, urf-odat, an’analar mazmuni aks etgan frazemalardagi milliy-madaniy semalar ochib berilgan;
“shiddatlilik”, “to‘xtamaslik”, “ta’minlash”, “to‘kin-sochinlik”, “soflik”, “tiniqlik”, “kuchlilik”, “shafqatsizlik” mazmuni aks etgan suv komponentli maqollar semantikasiga asoslanib, suv komponentli lisoniy birliklarning “xotiraga egalik”, “axborotni saqlash va uzatish”, “shiddat”, “harakat” asosidagi ijobiy bahoga asoslangan milliy-madaniy belgilari isbotlangan;
o‘zbek tilidagi til sohibining idroki, milliy-madaniy semalar aks etgan suv komponentli sodda va qo‘shma leksemalar, frazemalar, maqollar miqdori lingvostatistik jihatdan aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi suv komponentli lisoniy birliklarning lingvokulturologik xususiyatlari tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
suv komponentli sodda va qo‘shma leksemalardan, suv asosli yasama leksemalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan A-OT-2019-raqamli “O‘zbek tilida neyming: huquqiy-me’yoriy asoslarini yaratish” (2019-2022) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan. Amaliy loyihada og‘zining suvi kelmoq, suvga tushsa quruq chiqmoq, sirtiga suv yuqtirmaslik, suvga urib ketmoq, tagiga suv ketmoq, tushini suvga aytmoq, suvda cho‘kmas, o‘tda yonmas, suvi qochgan, suvni loyqalatmoq, qo‘lini sovuq suvga urmoq, g‘alvirni suvdan ko‘tarmoq, suvini ichib yurmoq, og‘ziga suvluq solib olmoq kabi frazemalar semantikasidagi nomlash funksiyasidan onomastik birliklarning uslubiy-semantik xususiyatlarini yoritishda, nomlarning axborot berishdan tashqari emotsional-ekspressiv vazifalarga xoslanish masalalarini yoritishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 5-iyundagi 04/1-1089-son ma’lumotnomasi). Natijada birikma xarakterida nomlarning shakllanish asoslari yoritilgan;
suv komponentli sodda va qo‘shma leksemalar semantikasidagi metafora, metonimiya asosidagi ko‘chimlar, til sohibining lisoniy ongi, tafakkuri, idroki nuqtayi nazaridan bergan bahosi aks etgan birliklar, o‘xshatishlar ishtirokidagi matnlardan “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining 94-sonli “Chekka qishloq hududlardagi” “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan qizlarga kompyuter grafikasi dasturlarini o‘qitish orqali ularni ish bilan ta’minlash” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot institutining 2023-yil 31-maydagi 01-09/1480-son ma’lumotnomasi). Natijada xotin-qizlar bilan muloqotda tilning ta’sir etish funksiyasidan keng foydalanish imkoniyati yaratilgan;
milliy-madaniy belgilar aks etgan barqaror birikmalar, xususan, biologik jarayon, shaxsning jismoniy faoliyati, to‘siqlarni engish qobiliyati, ruhiy-psixologik holati, empirik bilimi, turmush tajribasi, etnik qadriyatlar, urf-odat, an’analar mazmuni aks etgan frazemalardan, shiddatlilik, to‘xtamaslik, ta’minlash, to‘kin-sochinlik, soflik, tiniqlik, kuchlilik, shafqatsizlik mazmunli maqollardan O‘zMTRK “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining “Assalom, O‘zbekiston”, “Oydin hayot” ko‘rsatuvlarining ssenariylarini yozishda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2023-yil 25-maydagi 01-18-819-son ma’lumotnomasi). Natijada dastur uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni xalq qadriyatlari aks etgan ma’lumotlar bilan boyitilgan.