Xudaynazarova Nargiza Xudoyarovnaning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda xorijiy pista (Pistacia vera L.) navlarining o‘sib rivojlanishini baholash va etishtirish texnologiyasi”, 06.03.01 – O‘rmon ekinlari. Seleksiya, urug‘chilik va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish. O‘rmonlar agromelioratsiyasi va himoya
o‘rmonlarini barpo etish (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Qx1232.
Ilmiy rahbar: Eshankulov Bobomurod Inayatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Qayimov Abdixalil, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor; Baltaniyazov Jaqsibay Sersenbaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Akad. M.Mirzaev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi xorijiy pista navlari – Axmadi, Akbari, Fandugilarni O‘zbekiston sharoitida o‘sib-rivojlanishini baholash va etishtirish agrotexnikasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor xorijiy pista navlarining O‘zbekiston sharoitida mahalliy navlarga nisbatan 2 barobarga tez o‘sishi va 2-3 yil erta hosilga kirishi aniqlangan;
xorijiy pista navlari urug‘larining unuvchanligi va yashovchanligi o‘rtacha 70% ni tashkil qilishi aniqlangan;
urug‘larni ekishga tayyorlashda Fandugi navini qum bilan 1:5 hajm nisbatda, Akbari va Axmadi navlarini 1:7 nisbatda stratifikatsiya qilish 70-72% unuvchanlikni ta’minlashi isbotlangan;
urug‘ko‘chatlar sug‘oriladigan sharoitda asosan bo‘yiga o‘sishi sababli ildizining o‘sishi past bo‘lishi, ildiz bo‘yni qalinligi Akbari navida - 3,5 mm, Axmadi navida - 3,0 mm va Fandugi navida esa 2,5 mm ni tashkil qilishi aniqlangan;
xorijiy pista navlarini 10x40 sm hajmli konteynerlarda yopiq ildiz tizimida etishtirilgan ko‘chatlarini dala sharoitida ekilganda o‘sish ko‘rsatkichlari 116-220% ga yuqori bo‘lishi aniqlangan;
ko‘chat etishtirishda o‘stiruvchi moddalarni (gumat) 5 g/10 l me’yorida qo‘llash eng yaxshi natijani qayd etib, uning me’yorini oshirgan sari bo‘yiga o‘sishi, ildiz diametrining ortishi, ildizining rivojlanish ko‘rsatkichlari ortib borishi aniqlangan;
plantatsiyalarda xorijiy navlarni payvandlash muddatlari mahalliy navlarga nisbatan lalmi sharoitda 20 kun, sug‘oriladigan sharoitda 1 oy oldin boshlanishi va 15-20 kun uzoqroq davom etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Konteynerlarda etishtirilgan xandon pistaning xorijiy navlari ko‘chatlaridan foydalanib plantatsiyalar barpo etish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
xorijiy pista navlarini payvandlash orqali ko‘paytirish ishlanmasi Jizzax viloyati G‘allaorol tumani “Pistachilik ilmiy tajriba stansiyasi” da 2 gektar, Xo‘jamushkent davlat o‘rmon xo‘jaligida 1 gektar, Qashqadaryo viloyati Dexqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligida 1 gektar maydonga joriy qilingan (Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2023 yil 17 oktyabrdagi 03-03/3-5838 sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida hosildorlikning ortishi hisobiga 130-200% rentabellikka erishilgan;
xorijiy pista navlari ko‘chatlarini etishtirish ishlanmasi Namangan viloyati Chust tumani “Shokir ota bog‘lari” fermer xo‘jaligida 1 gektar, Namangan viloyati Chust tumani “Chust Najmiddin bog‘lari” fermer xo‘jaligida 1 gektar, Andijon viloyati Asaka tumani “Bog‘i bo‘ston ko‘rki” fermer xo‘jaligida 1 gektar, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani ko‘p tarmoqli “Bog‘i bo‘ston” fermer xo‘jaligida 1 gektar maydonga joriy qilingan (O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2023 yil 25 sentyabrdagi 01/03–1910 sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida xorijiy pista navlari plantatsiyalaridan sarflangan xarajatlarga nisbatan 5 barobar yuqori daromad olishga erishilgan.