Jo‘raev Anvar Qurbonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sho‘rlangan tuproqlar sharoitida g‘o‘za va kuzgi bug‘doy etishtirishda suv resurslaridan samarali foydalanishning ilmiy-amaliy asoslari (Buxoro vohasi misolida)”, 06.01.02 – Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Qx264.
Ilmiy maslahatchi: Xamidov Muxammadxon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetining Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Norqulov Usmonqul, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Durdiev Normat Hasanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Buxoro voxasining sho‘rlangan tuproqlari sharoitida global iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligining salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida suv tejovchi texnologiyalardagi g‘o‘zani maqbul sug‘orish va oziqlantirish tartiblarining xamda kuzgi bug‘doyni ekish muddatlari, sug‘orish va oziqlantirish tartiblarining ilmiy amaliy asoslarini ishlab chiqish hisoblanadi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tomchilatib sug‘orish texnologiyasida Buxoro-8 g‘o‘za navining ChDNS ga nisbatan sug‘orish oldi tuproq namligini 75-80-65 foizda ushlab turib, 3685m3/ga mavsumiy sug‘orish xamda N200; R150; K100 kg/ga oziqlantirish me’yorlarida parvarishlash uning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi va tolaning sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi hamda sug‘orishda suv resurslarini 1405-1486 m3/ga iqtisod qilishi aniqlangan;
tomchilatib sug‘orish texnologiyasida g‘o‘zaning Buxoro-8 navini maqbul sug‘orish hamda oziqlantirish tartiblari g‘o‘za hosildorligini 8,9-9,6 s/ga ga yuqori bo‘lishini hamda tolaning sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’siri qilishi aniqlangan;
g‘o‘zaning Buxoro-8 navini tomchilatib sug‘orish texnologiyasidagi maqbul sug‘orish va oziqlantirish tartiblarida sof foyda 8 mln 454 ming so‘m/ga bo‘lib, rentabellik darajasi 61-63 % ni tashkil qilgani aniqlangan;
g‘o‘zaning Buxoro-8 navini egatga plyonka to‘shab sug‘orilganda suv resurslari 1487-1516 m3/ga tejalishi, paxta hosili 7,8-10,8 s/ga yuqori bo‘lishi hamda 1 m3 sug‘orish suvi hisobiga etishtirilgan hosil miqdori 1131-1223 grammni tashkil qilishi aniqlangan;
g‘o‘zaning Buxoro-8 navini gidrogel` polimer birikmasini qo‘llab sug‘orilganda suv resurslari 692-738 m3/ga tejalishi, paxta hosili 5,4-6,6 s/ga yuqori bo‘lishi hamda 1 m3 sug‘orish suvi hisobiga etishtirilgan hosil miqdori 833-854 grammni tashkil qilishi aniqlangan;
kuzgi bug‘doyning Starshina navini ChDNS ga nisbatan sug‘orish oldi tuproq namligi 70-80-70 foizda ushlab turib, 4615-4628 m3/ga mavsumiy sug‘orish hamda N250, R175, K90 kg/ga oziqlantirish me’yorlarida parvarishlash uning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi va donning sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir qilib, sug‘orishda suv resurslarini 731 m3/ga iqtisod qilishi aniqlangan;
kuzgi bug‘doyning Starshina navini oktyabr oyining 10-20 sanasi oralig‘ida 250 kg/ga me’yorlarda ekish va N250, R175, K90 kg/ga me’yorlarda oziqlantirish uning o‘sishi, rivojlanishi va donning sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir qilib, hosildorligining 14,2 s/ga yuqori bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Buxoro vohasining sho‘rlangan tuproqlari sharoitida g‘o‘za va kuzgi bug‘doy etishtirishda suv resurslaridan samarali foydalanishning ilmiy amaliy asoslari bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish texnologiyasida etishtirishdagi sug‘orish va oziqlantirish tartiblari Buxoro viloyatining Buxoro, Vobkent, Jondor, Kogon va Qorako‘l tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarining sho‘rlangan mexanik tarkibi o‘rta qumoq tuproqlari sharoitida jami 460 gektar maydonda joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 24 dekabrdagi 03/37-4145-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish texnologiyasida sug‘orish oldi tuproq namligini ChDNS ga nisbatan 75-80-65 % da ushlab turib, 2-13-1 tizimda sug‘orish hamda N-200; P-150; K-100 kg/ga me’yorda oziqlantirish tartibida g‘o‘zadan o‘rtacha 45-47 s/ga hosil olishga erishilgan, sug‘orishga ishlatiladigan suv resurslari egatlab sug‘orishga nisbatan 27-29 % ga yoki 1300-1500 m3/ga ga kam suv sarflangan;
g‘o‘zaning Buxoro-8 navini egatga plyonka to‘shab sug‘orish texnologiyasidagi sug‘orish tartiblari Buxoro viloyatining Buxoro, Vobkent, Jondor va Qorako‘l tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarining o‘rtacha darajada sho‘rlangan tuproqlar sharoitida jami 110 gektar maydonda joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 24 dekabrdagi 03/37-4145-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘zani sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNS ga nisbatan 70-75-65 % da ushlab turib, 1-2-1 tizimda 4 marta 750-950 m3/ga sug‘orish me’yorlari bilan va 3650 m3/ga mavsumiy sug‘orish me’yori bilan sug‘orish, g‘o‘zadan 44-45 s/ga hosil olish va 1600 m3/ga suv resurslarini iqtisod qilish imkonini bergan;
Buxoro viloyatining sho‘rlangan tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning Starshina navini sug‘orish oldi tuproq namligini ChDNS ga nisbatan 70-80-70 % da ushlab turib, 2-3-1 tizimda sug‘orish Buxoro tumanida 300 gektar, Vobkent tumanida 200 gektar, Romitan tumanida 310 gektar va Kogon tumanida 150 gektar, jami 960 gektar fermer xo‘jaliklarining maydonlarida joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 24 dekabrdagi 03/37-4145-son ma’lumotnomasi). Natijada har gektar sug‘oriladigan erlarda 650-700 m3 suv tejalib, qo‘shimcha 6,4-7,5 s/gacha hosil olishga erishilgan;
kuzgi bug‘doyning Starshina navini 10 oktyabrdan 20 oktyabrgacha ekish, sug‘orish oldi tuproq namligini ChDNS ga nisbatan 70-80-70 % da ushlab turib, sug‘orish ishlarini amalga oshirish, N-250 kg/ga, P-180 kg/ga, K-90 kg/ga oziqlantirish me’yorlarini qo‘llash Buxoro viloyatining Buxoro, Romitan, Kogon, Vobkent hamda Jondor tumanlari fermer xo‘jaliklarining jami 2400 gektar kuzgi bug‘doy maydonlarida joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 24 dekabrdagi 03/37-4145-son ma’lumotnomasi). Natijada kuzgi bug‘doyning Starshina navidan o‘rtacha 66,7-68,2 s/ga don hosili olishga erishilgan hamda suv resurslari 18-22 % gacha iqtisod qilingan;
tadqiqotlar natijalari bo‘yicha “Buxoro viloyati sharoitida g‘o‘zaning Buxoro-8 navini tomchilatib sug‘orish va oziqlantirish tartiblarini ishlab chiqish orqali g‘o‘zadan yuqori hosil olishni ta’minlash”, “Buxoro viloyatining tuproq iqlim sharoitlarida yangi istiqbolli kuzgi bug‘doy navlarini ekish muddati va sug‘orish tartibining don hosildorligiga ta’siri” va “Buxoro viloyati sharoitida kuzgi bug‘doyning Starshina navini sug‘orish va oziqlantirish tartiblarini ishlab chiqish” nomli tavsiyanomalar tasdiqlangan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 24 dekabrdagi 03/37-4145-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur tavsiyanomalar fermer xo‘jaliklari hamda suvdan foydalanuvchilar tomonidan qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda.

Yangiliklarga obuna bo‘lish