Mamarajabova Iroda Fayzullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilida “vaqt” konseptli lingvistik birliklar taraqqiyoti”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil.1714.
Ilmiy rahbar: Xolmanova Zulxumor Turdievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Sobirov Abdulxay Shukirovich, filologiya fanlari doktori, professor; Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbek tili, adabiyoti va folklori insituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi eski turkiy til, eski o‘zbek adabiy tilidagi “vaqt” konseptli lingvistik birliklarni tarixiy-etimologik jihatdan ochib berish, struktur-semantik o‘zgarishlarni aniqlash, hozirgi o‘zbek adabiy tiliga munosabatini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tilidagi “vaqt” konseptiga oid lingvistik birliklar tarixiy-etimologik, lingvostatistik jihatdan tekshirilib, taraqqiyot bosqichlariga xos xususiyatlar aniqlangan;
eski turkiy til, eski o‘zbek tili manbalaridagi “vaqt” konseptini ifodalovchi o‘z va o‘zlashma qatlam leksemalari struktur-semantik jihatdan aniqlanib, tarixiy bosqichlardagi temporal tizim, o‘zgaruvchanlik, arxaiklashuv, morfemik tuzilish jihatidan farqlanish jarayonlari ochib berilgan;  
 tarixiy bosqichlardagi “vaqt” konseptini ifodalovchi lingvistik birliklarning hozirgi o‘zbek adabiy tiliga munosabati belgilanib, konseptual tahlili amalga oshirilgan hamda semantik o‘zgarishlar, ma’no kengayishi, ma’no torayishi dalillangan;
frazemalar, maqollar, so‘z birikmasi, gaplarning  “vaqt” konseptini obrazli va ta’sirchan ifodalash imkoniyatlari, paradigmatik va sintagmatik xususiyatlari ochib berilib, o‘zbek tilining o‘ziga xos lingvistik birliklari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. o‘zbek tilidagi “vaqt” konseptli lingvistik birliklarning struktur-semantik  taraqqiyoti tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
eski turkiy til, eski o‘zbek adabiy tili  manbalaridagi “vaqt” konseptini ifodalovchi leksemalarning konseptual tahlillaridan, eski turkiy til davridagi “vaqt” konseptli leksemalarning, asosan, turkiy qatlamga oidligi, eski o‘zbek adabiy tili davriga kelib arabcha, forscha-tojikcha leksemalarning faollashgani, leksemalar, frazemalar, maqollardagi struktur-semantik o‘zgarishlarga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021–2023- yillarda bajarilgan PZ–2020042022 raqamli “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 13-dekabrdagi 01/4-2670/1- son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyot bosqichlariga xos turkiy leksemalar  aniqlangan, lingvistik birliklar taraqqiyotidagi o‘zgarishlarning umumturkiy fonetik,  leksik jarayonlar bilan aloqadorligi asoslangan,  “vaqt” konseptini ifodalovchi leksik vositalarning hozirgi o‘zbek adabiy tiliga konseptual qiyosi “vaqt” konsepti va zamon kategoriyasini ifodalovchi umumturkiy vositalarni aniqlash imkonini bergan;
o‘zbek tilidagi “vaqt” konseptiga oid birliklarning tarixiy-etimologik, statistik tahlillari, “vaqt” konseptiga oid frazemalar,  maqollarning sintagmatik va paradigmatik tasnifi hamda matn hosil qilishdagi imkoniyatlarini aniqlashga qaratilgan ilmiy xulosalar, dissertatsiya doirasida ishlab chiqilgan arxaik leksemalarni o‘rganish haqidagi ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamentining 2023-yilda o‘tkazilgan targ‘ibot faoliyatida joriy qilingan, xususan, vazirliklar va idoralar rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari uchun tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati Davlat tilini rivojlantirish departamentining 2023-yil 6-dekabrdagi 24-14-5-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilining yozma nutq  me’yorlari va qoidalari amaliy material bilan boyitilgan;
o‘zbek tilining taraqqiyot bosqichlarini tavsiflashga doir ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-2023-yillardagi o‘zbek tili va uni rivojlantirishga doir targ‘ibot faoliyatida tatbiq etilgan. O‘zbek tilidagi “vaqt” konseptiga oid   birliklarning tarixiy-etimologik, statistik tahlili;  “vaqt” konseptini ifodalovchi o‘z va o‘zlashgan qatlam so‘zlarining  matn hosil qilish imkoniyatlari, “vaqt konseptiga oid forscha-tojikcha hamda arabcha leksemalar tahlilidan foydalanilgan (Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining 2023-yil 13-dekabrdagi 02-22/1441-son ma’lumotnomasi). Natijada “vaqt” konseptli lingvistik birliklarning arxaik ko‘rinishlari  aniqlangan;
eski turkiy til, eski o‘zbek adabiy tili  manbalaridagi, xususan, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur  asarlari, “Boburnoma”da “vaqt” konseptini ifodalovchi leksemalarning axborot berish, voqelikni ta’sirchan ifodalash xususiyatlari, “vaqt”ni aks ettiruvchi arxaik birliklar semantikasiga oid ilmiy xulosalardan, turkiy leksemalarning denotativ va konnotativ xususiyatlaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali “Bir so‘z ta’rifi”, “Siz efirdasiz” ko‘rsatuvlarining  hamda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan maxsus dasturlarning ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “Madaniyat va ma’rifat” davlat muassasasining 2023-yil 13-dekabrdagi 02-02/254-son ma’lumotnomasi). Natijada dastur uchun tayyorlangan materiallar vaqt mazmunidagi barqaror birikmalar bilan boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish