Begmatov Toir Muxtorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bombyx mori L. tut ipak qurtining yadro poliedrozi kasalligiga qarshi kurashning seleksion va profilaktik chora-tadbirlarini ilmiy  asoslash”, 06.02.04 – Ipakchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Qx1229.
Ilmiy rahbar: Ismatullaeva Diloram Adilovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti, PhD.36/30.01.2020.Qx.103.01
Rasmiy opponentlar: Daniyarov Umirzak Tuxtamuradovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Yalg‘ashev Xurshid Abdug‘anievich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tut ipak qurtining yadro poliedrozi (sariq) kasalligini qurt parvarishlash davrida tarqalishini oldini olish  maqsadida yangi vositalarni qo‘llash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda an’anaviy seleksiya usuli yordamida kasallikka chidamli seleksion tizimlarni yaratishni ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tut ipak qurtini yadro poliedrozi kasalligiga chidamlilikni oshirish maqsadida yangi mahalliy «Hosildor» va «Omad plyus» stimulyatorlarining  ta’sir mexanizmi aniqlangan;    
«Hosildor» 0,05 % li stimulyatori tut ipak qurtining xorij va mahalliy  duragaylar hayotchanligini nazoratga nisbatan o‘rtacha 14,7 % va 11,3 % ga oshirish mumkinligi isbotlangan;
tut ipak qurtining Ipakchi 2, Ya-120 zotlari va  Liniya 27, Liniya 28 seleksion tizimlarida yadro poliedrozi kasalligiga chidamli oilalar aniqlangan va
ularning 6 ta inbrid avlodlari olingan;
sovuq harorat ta’sirida sariq kasalligi induksiya qilingan populyatsiyalarda hayotchanlik ko‘rsatkichi F1-F3  avlodlarda  Ipakchi 2 (79,9-70,8 %) va Ya-120 (80,0-71,9 %) zotlarida keskin pasayib,  F4-F6  avlodlarga kelib seleksion tanlov ishlari natijasida 83,6-87,4 % va 83,0-85,1 % ga ko‘tarilganligi isbotlangan;
tut ipak qurti rivojlanishining barcha davrlarida tanlash usuli orqali kasalliklarga eng chidamli oilalar aniqlangan va reyting bo‘yicha baholangan;
tut ipak qurtini yadro poliedrozi kasalligiga chidamli yangi «LD-1» va «LD-2» seleksion tizimlari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tut ipak qurtining yadro poliedrozi kasalligiga qarshi kurashning seleksion va profilaktik chora-tadbirlaridan foydalanishni yangi usulini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
«Tut ipak qurtining yadro poliedrozi (sariq) kasalligiga chidamliligini oshirish maqsadida mahalliy stimulyatordan foydalanish usuli» nomli uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgan va ushbu stimulyator Farg‘ona viloyati «Farg‘ona Pilla Naslchilik» MChJ da mahalliy Iqbol-2 x Iqbol-3  duragay qurtlarning 15 qutisida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish» qo‘mitasining 2024-yil 2-fevraldagi 1-2/57-son ma’lumotnomasi). Natijada parvarishlangan tajriba variantidagi 15 quti mahalliy duragay ipak qurtining har bir qutisidan 5,7 kg qo‘shimcha pilla olinib, bir quti hisobidan 3138000 so‘m iqtisodiy samaradorlik olingan, sof foyda 495800  so‘mga teng bo‘lib, rentabellik darajasi 18,8 % ni tashkil etgan;
ipak qurtining hayotchanligi va pilla hosilini oshirish maqsadida yangi stimulyator «Hosildor» 0,05 % Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani «Bog‘iston MFY» ga qarashli kasanachi M.Turg‘unov xonadonida, 7 quti horij duragay qurtlarini parvarishlashda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish» qo‘mitasining 2024-yil 2-fevraldagi 1-2/57-son ma’lumotnomasi).  Natijada etishtirilgan har bir quti hisobidan qo‘shimcha 8,3 kg pilla olinib, iqtisodiy samaradorlik 3658800 so‘mni, sof foyda 724100 so‘mni tashkil etgan, rentabellik darajasi 24,7 % ga etishiga erishilgan;
eng samarali deb topilgan «Hosildor» stimulyatorining 0,05 % li varianti Farg‘ona viloyati «Farg‘ona Pilla Naslchilik» MChJ da mahalliy Iqbol-2 x Iqbol-3 duragay qurtlarning 3 qutisida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish» qo‘mitasining 2024-yil 2-fevraldagi 1-2/57-son ma’lumotnomasi). Natijada etishtirilgan har bir quti hisobidan qo‘shimcha 6,0 kg pilla hosili olingan va iqtisodiy samaradorlik 1 quti ipak qurti hisobidan 4101784,3 so‘mni, sof foyda 802219,8 so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi 30,1 % bo‘lishiga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish