Ziyadov Shuqurillo Rahmatulloevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turli ekologik sharoitlarda efir moyli o‘simliklarni ko‘paytirishning innovatsion usullari (Toshkent shahri va Sirdaryo viloyati misolida)», 06.03.03 - Dorivor o‘simliklar introduksiyasi, etishtirish texnologiyasi va agrofarmoekologiyasi, 11.00.05 – Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/B256.
Ilmiy rahbar: Allaberdiev Rustamjon Xamraevich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xojimatov Olimjon Kaxxorovich, biologiya fanlari doktori, professor; Buriev Salimjon Samedjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli tuproq-ekologik sharoitlarda efir moyli o‘simliklar urug‘larining unuvchanlik samaradorligini oshirish, biostimulyatorlar yordamida ko‘karuvchanlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash va sho‘rga chidamli turlarini tanlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor dorivor, efir moyli o‘simlik urug‘lariga ul`trabinafsha nurlar va elektromagnit impul`s ta’sir ettirish orqali turli ekologik sharoitlarda urug‘ unuvchanligining samaradorlik ko‘rsatkichlari aniqlangan va urug‘larga turli usullar yordamida ishlov berish orqali urug‘larni unuvchanlik ko‘rsatkichi 11-17 % gacha oshirilishi isbotlangan;
dorivor, istiqbolli efir moyli o‘simliklarning vegetativ organlariga kornevin va epin biostimulyatorlar yordamida ishlov berish orqali ko‘karuvchanlik ko‘rsatkichlari yaxshilanganligi isbotlangan va epin biostimulyatori yordamida o‘simliklar vegetativ organlarining ko‘karuvchanlik ko‘rsatkichi 11-13 % ga hamda kornevin biostimulyatori yordamida 13-16 % ga oshirilganligi aniqlangan;
etishtirilgan o‘simliklardagi efir moylarining miqdori va kimyoviy tarkibi tuproq-ekologik sharoitlarga bog‘liqligi ya’ni Guliston tumani va O‘zMU Botanika bog‘i sharoitlarida Salvia officinalis L. ning er ustki qismida mos ravishda 0,25- 0,30%, gulida 0,50-0,60 %, Lavandula angustifolia Mill. ning er ustki qismida 0,32-0,40%, gulida 0,60-0,88%, Inula helenium L.ning er ustki qismida 0,20-0,30%, gulida 0,50-0,70% va Origanum tyttanthum Gontsch. ning er ustki qismida 0,60-0,80%, gulida 0,20-0,25% da efir moylari miqdori aniqlangan;
dorivor, efir moyli o‘simliklar urug‘larining unuvchanlik ko‘rsatkichlari hamda vegetativ organlari yordamida ko‘karuvchanlik samaradorligini oshirish orqali, turli tuproq-ekologik dala sharoitlarda amaliyotda ko‘paytirishga tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ayrim istiqbolli efir moyli o‘simliklarni turli ekologik sharoitlarda etishtirish texnologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
efir moyli o‘simliklarni xalq xo‘jaligida etkazib berishni ta’minlash borasida tadbirlarini amalga oshirish hamda farmatsevtika resurs bazasini mustahkamlash uchun tavsiya etilgan 4 ta istiqbolli efir moyli o‘simlik turlari O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani o‘rmon xo‘jaligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2021 yil 6 apreldagi 4/2021-M-5-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Yakkabog‘ ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jalik er maydonlarida dorivor marmarak (Salvia officinalis L.), dorivor lavanda (Lavandula angustifolia Mill.), baland bo‘yli andiz (Inula helenium L.), maydagul tog‘rayhon (Origanum tyttanthum Gontsch.) turlarining onalik plantatsiyalari tashkil etilib, ushbu o‘simlik turlarining yo‘qolib ketayotgan tabiiy populyasiyalarini qayta tiklash imkonini bergan;
qishloq xo‘jaligida er va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda tuproq-ekologik sharoiti og‘ir hududlarni ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasining Guliston tumani inspeksiyasi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2021 yil 12 apreldagi 04-02/8-1463-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, respublikamiz hududida kamayib borayotgan dorivor efir moyli o‘simliklarni madaniy sharoitda ko‘paytirish hisobiga ho‘l vazni dorivor marmarakdan 26,30-160,05 s/ga, dorivor lavandadan 20,40-140,15 s/ga, qora andizdan 30,25-180,75 s/ga hosildorlik olish imkonini bergan.