Sherbo‘taev Jamshid Abdurazzokovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Mahalliy xomashyolardan erga ishlov beruvchi mashinalarning detallarini tayyorlash texnologiyasini takomillashtirish va ularga mustahkamlovchi termik ishlov berish”,
05.02.01 – “Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi. Kamyob, nodir va radioaktiv elementlar texnologiyasi (Quymachilik va metallarga ishlov berish yo‘nalishi bo‘yicha)” ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/T3468.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali, (Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida.)
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti xuzuridagi DSc.03/30.12.2019.T.03.04. raqamli Ilmiy Kengash.
Ilmiy rahbar: Tilabov Baxodir Qurbanovich, texnika fanlar doktori, dotsent.
Rasmiy opponentlar: Norxudjaev Fayzulla Ramazanovich, texnika fanlari doktori, professor; Begatov Jaxongir Muxammadjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISIS”ning Olmaliq shahridagi filiali
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi erga ishlov beruvchi va chekanka qiluvchi mashinalarning ishchi organlariga o‘rnatiladigan quyma po‘lat detallarini tayyorlash texnologiyasini takomillashtirish, termik ishlov berish rejimlarini ishlab chiqish va ularning eyilishga bardoshliligi va xizmat qilish muddatini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagidan iborat:
erni chuqur yumshatuvchi lemex va paxta g‘o‘zasini kesib chekanka qiluvchi chekanka pichog‘ini tayyorlash uchun quyish texnologiyasi bo‘yicha 45 markali o‘rtauglerodli po‘lat tanlangan va shu po‘lat asosida quyma detallar ishlab chiqilgan;
qishloq xo‘jaligi mashinalari va texnikasining har ikkala detalini tayyorlash uchun C=0,42-0,47%; Si=0,18-0,38%; Mn=0,5-0,9%; Cr=10-15%; Ni=0,25-0,30%; P=0,035%; S=0,03% 45 markali po‘latning tarkibi ishlab chiqilgan;
erni chuqur yumshatuvchi lemexlari uchun optimal termik ishlov berish rejimlari (820–825°C haroratda toblash va past haroratda 170-180°C da bo‘shatish) ishlab chiqilgan va shuning asosida quyma detallarning maksimal qattiqligi HRC56-58 ga oshgan, mayda donali martensit strukturasi hosil bo‘lgan;
optimal termik ishlov berish yuqori chastotali tok bilan 815-820 °C harorat oralig‘ida toblash va past haroratda 170-180°C da bo‘shatilganda austenitning yupqa plastinkali martensitga o‘zgarishi aniqlangan, natijada quyma chekanka pichoqlarining qattiqligi HRC57-59 ga oshgan;
normal havoda sovutish bilan yakuniy optimal termik ishlov berishdan foydalanib quyma chekanka pichoqlarining ekspluatatsiya muddatini 2-3 martaga oshirish imkonini beruvchi yuqori chastotali tok bilan mustahkamlovchi termik ishlov berish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mashinalarning detallarini tayyorlash, termik ishlov berish va yuqori chastotali tok bilan toblash usullarida ularning qattiqligi va eyilishga bardoshliligini oshirish texnologiyasini takomillashtirish ilmiy-tadqiqotlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Agregat zavodi» AJ ga o‘rtauglerodli 45 markali po‘latdan erni chuqur yumshatuvchi lemexlarni tayyorlash va termik ishlash texnologiyalari joriy qilingan (11.08.2021-yilda berilgan 15/06-25-1420-sonli ma’lumotnoma). Mazkur texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash natijasida quyma detallarning qattiqligi va eyilishga bardoshliligini 1,2-1,4 martaga oshgan, metall sarfi esa 12-15% ga kamaygan.
«Agregat zavodi» AJ ga o‘rtauglerodli 45 markali po‘latdan chekanka pichoqlarini tayyorlash va yuqori chastotali tok bilan optimal toblash texnologiyalari joriy qilingan (11.08.2021-yilda berilgan 15/06-25-1420-sonli ma’lumotnoma). Mazkur usulni amaliyotga qo‘llash natijasida pichoqlarning eyilishga bardoshliligi va xizmat qilish muddati 1,3-1,5 martaga oshgan, elektr-energiyasi sarfi esa 15-20% ga kamaygan.