Zufarov Axmad Marsovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kontrabandaning jinoyat-huquqiy jihatlari”, 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Yu1073.
Ilmiy rahbar: Ne’matov Jasur Aminjonovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Kabulov Rustam, yuridik fanlar doktori, professor; Xasanov Temur Xolmamatovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi milliy, xorijiy va xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-nazariy manbalar tahlili asosida kontrabandaning jinoyat-huquqiy asoslariga oid ilmiy qarashlarni hamda unga qarshi kurashishning jinoyat-huquqiy vositalarining samaradorligini va ta’sirchanligini oshirish yuzasidan jinoyat qonuni, sud-huquq va huquqni qo‘llash faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan ilmiy va amaliy jihatdan asoslantirilgan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kontrabanda ashyolarini o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlarni kvalifikatsiya qilishda kontrabanda predmetlari miqdori huquqiy ahamiyat kasb etmasligi, shuningdek, shaxs kontrabanda predmeti bo‘lgan ashyolar bilan bir qatorda JK 182-moddasi ta’siriga tushuvchi tovarlarni ham bojxona chegarasi orqali o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatni sodir esa, uning harakatlari JK 182 va 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozimligi asoslantirilgan;
bojxona chegarasidan diniy materiallarni noqonuniy olib o‘tgan shaxsning harakatlariga to‘g‘ri huquqiy baho berish maqsadida sud-dinshunoslik ekspertizasi tayinlash orqali diniy ekstremizm, separatizm, aqidaparastlik g‘oyalari targ‘iboti mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash, agar ekspertiza natijalariga ko‘ra ushbu materiallarda yuqoridagi g‘oyalar targ‘iboti mavjudligi aniqlansa, shaxsning harakatlarini JK 246-moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish lozimligi, shuningdek, uchuvchisiz uchadigan apparatdan foydalangan holda bojxona chegarasidan kontabanda predmetlari o‘tkazilganida, qilmish JK 2444 yoxud 2481-moddasi bilan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozimligi asoslab berilgan;
olib kirish yoki olib chiqish qonunchilikka muvofiq taqiqlangan yoki cheklangan tovarlarni “yashil” yo‘lakda og‘zaki deklaratsiyalashtirish mumkin emasligini, shaxs “yashil” yo‘lak bo‘yicha bojxona chegarasi orqali olib kirish/olib chiqish taqiqlangan yoki cheklangan tovarlarni olib o‘tayotgani gumon qilinganda yoxud bu haqida axborot mavjud bo‘lsa, bojxona organining mansabdor shaxsi bunday shaxsga nisbatan bojxona qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlaydigan bojxona nazoratini qo‘llash zarurati asoslab berilgan;
“yashil” yo‘lak orqali o‘tadigan yoki jo‘nab ketadigan shaxsda olib kirish yoki olib chiqish taqiqlangan yoki cheklangan tovarlar borligi aniqlanganda yoxud “qizil” yo‘lak orqali o‘tadigan shaxsda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan, yozma ravishda deklaratsiyalashtirishi shart bo‘lgan tovarlar borligi aniqlanganda, bunday shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Kontrabandaning jinoyat-huquqiy jihatlarini tadqiq etish natijalari asosida:
bojxona chegarasi orqali JK 246-moddasi 1-qismida qayd etilgan kontrabanda ashyolarini o‘tkazishda ifodalangan harakatlarni kvalifikatsiya qilishda kontrabanda predmetlari miqdori huquqiy ahamiyat kasb etmasligi, shuningdek, agar shaxs JK 182-moddasi ta’siriga tushuvchi tovarlarni bojxona chegarasi orqali o‘tkazish bilan bir qatorda kontrabanda jinoyatini sodir esa, uning harakatlari JK 182 va 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi “Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 2-sonli Qarorining 17-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 27-martdagi PL-14-23-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar kontrabandani to‘g‘ri kvalifikatsiya qilishga, mazkur jinoyatga qarshi kurashni samarali tashkil etishga, bu boradagi huquqni qo‘llash amaliyotidagi kamchiliklarni bartaraf etishga, kontrabanda uchun javobgarlikka oid jinoyat ishlarini ko‘rishda qonun normalarini turlicha talqin qilish va qilmishlarga noto‘g‘ri huquqiy baho berish kabi xatoliklarning oldini olishga xizmat qilgan;
diniy materiallar bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda olib o‘tilgan har bir holatda shaxsning harakatlarini to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish uchun ularda diniy ekstremizm, separatizm, aqidaparastlik g‘oyalari targ‘iboti mavjud yoki mavjud emasligi masalasini aniqlash maqsadida sud-dinshunoslik ekspertizasi tayinlash, agar ekspertiza natijalariga ko‘ra materiallarda diniy ekstremizm, separatizm, aqidaparastlik g‘oyalari targ‘iboti mavjudligi aniqlansa, shaxsning harakatlarini JK 246-moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish, shuningdek, bojxona nazoratini chetlab, kontrabanda ashyolarini uchuvchisiz uchadigan apparatdan foydalanilgan holda bojxona chegarasidan o‘tkazilganida, JK 2444 yoxud 2481-moddasi bilan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi “Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 2-sonli Qarorining 18 va 19-bandlarini tayyorlashda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 27-martdagi PL-14-23-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar kontrabanda uchun jinoiy javobgarlikni qo‘llashda qonuniylik va odillik prinsiplariga rioya etilishini hamda mazkur jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipini ta’minlashga xizmat qilgan;
olib kirish yoki olib chiqish qonunchilikka muvofiq taqiqlangan yoki cheklangan tovarlarni “yashil” yo‘lakda og‘zaki deklaratsiyalashtirish mumkin emasligi, shaxs “yashil” yo‘lak bo‘yicha bojxona chegarasi orqali olib kirish/olib chiqish taqiqlangan yoki cheklangan tovarlarni olib o‘tayotganida yoxud bu haqida axborot mavjud bo‘lsa, bojxona organining mansabdor shaxsi bunday shaxsga nisbatan bojxona qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlaydigan bojxona nazoratini qo‘llash huquqiga egaligiga oid takliflari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktabrdagi 814-son Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 12-bandi ikkinchi xatboshisini va 15-bandini shakllantirishda e’tiborga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 6-apreldagi 12-15-9-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish, nazoratning samarali usullarini qo‘llash hamda kontrabanda jinoyatlarining oldini olishga xizmat qilgan.
“yashil” yo‘lak orqali o‘tadigan yoki jo‘nab ketadigan shaxsda olib kirish yoki olib chiqish taqiqlangan yoki cheklangan tovarlar borligi aniqlangan holatlarda yoxud “qizil” yo‘lak orqali o‘tadigan jismoniy shaxsda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan, yozma ravishda deklaratsiyalashtirishi shart bo‘lgan tovarlar borligi aniqlangan holatlarda, bunday shaxslar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilishini belgilab qo‘yishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktabrdagi 814-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 16 va 20-bandlarini shakllantirishda e’tiborga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 6-apreldagi 12-15-9-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishda kontrabanda jinoyatlariga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish