Ata-Kurbanov Alisher Erkinovichning
fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qorako‘l qo‘ylarining hayotchanligi, mahsuldorligi va reproduktiv funksiyasi diagnostikasining immunobiologik jihatlari”, 16.00.02 – Hayvonlar patologiyasi, onkologiyasi va morfologiyasi. Veterinar akusherligi va hayvonlar reproduksiyasi biotexnikasi 03.00.08 – Odam va hayvonlar fiziologiyasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.DSc/V24
Ilmiy maslahatchilar: Norboev Kurbon Norbaevich, veterinariya fanlari doktori, professor; Yunusov Xudoynazar Beknazarovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy –tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.06/30.12.2019.V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Dilmurodov Nasriddin Babakulovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Kurbanov Shaniyaz, biologiya fanlari doktori, professor; Il`yasov Aziz Saidmurodovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qorako‘l qo‘ylarning hayotchanligi, mahsuldorligi va reproduktiv funksiyasi diagnostikasining ilmiy-amaliy immunobiologik asoslarini ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qorako‘l qo‘ylarining yoshi va rangini inobatga olgan holda ularning yashovchanligi, urchish faoliyati va mahsuldorligi diagnostikasining ilmiy-amaliy immunobiologik jihatlari aniqlangan;
yuqori umumiy rezistentlik, yashovchanlik va mahsuldorlik potensialiga ega qorako‘l qo‘ylarni tanlashni optimallashtirishga imkon beradigan kompleks baholash uchun immunobiologik mezonlar va parametrlar ishlab chiqilgan;
har xil rangdagi va turli yoshdagi qorako‘l qo‘ylarining tabiiy rezistentlik darajasini hisobga olgan holda ularning mahsuldorlik ko‘rsatkichlari (tirik vazni, orttirilgan tirik vazni, jun qirqimi) va yashovchanlik darajasi aniqlanib qiyosiy tahlili o‘tkazilgan;
qorako‘l qo‘ylar rangini hisobga olgan holda har xil tabiiy rezistentlik darajasiga ega qo‘ylarning urchish faoliyati va reproduktiv ko‘rsatkichlari aniqlangan;
har xil immunobiologik statusga ega sovliqlardan tug‘ilgan qo‘zilarning mahsuldorlik-konstitusional xususiyatlari va hayotchanligi aniqlangan;
qorako‘l qo‘ylarida immundefisitlarning paydo bo‘lish omillari va davrlari o‘rganilib, hayvonlarning reproduktiv faoliyati (kuyga kelish intensivligi, qayta kuyga kelish, qisirlik darajasi) va mahsuldorligiga ta’siri aniqlangan;
qorako‘l qo‘ylarda immundefisitlarini oldini olish, ularning immunologik reaktivligi, yashovchanligi va mahsuldorligini oshirish uchun immunostimulyator va biologik faol moddalar (og‘iz suti + trivitamin, immunologik organlardan tayyorlangan ekstrakt + mul`tivitamin, T-aktivin) ni qo‘llash usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qorako‘l qo‘ylarining hayotchanligi, mahsuldorligi va reproduktiv funksiyasi diagnostikasining immunobiologik jihatlari bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
«Qorako‘l qo‘ylarining immundefisitlarini aniqlash, oldini olish va davolash bo‘yicha tavsiyanoma» tasdiqlangan va veterinariya amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 21 avgustdagi 02/23-345-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalarni qo‘llash evaziga qo‘zilarning o‘sish va rivojlanishini yaxshilanishiga, immunodefisit sindromlari bilan kasallanishini 20,0 - 30,0 foizga hamda ularning chiqimini 10,0 foizga kamaytirishga erishilgan;
qorako‘l qo‘ylarini immunobiologik jihatdan kompleks baholash hamda yuqori immunobiologik statusga ega qorako‘l qo‘ylarini tanlash usullari ishlab chiqilgan va Samarqand viloyati Paxtachi tumani «Qarnab - Ota» qorako‘lchilik MChJ ga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 21 avgustdagi 02/23-345-son ma’lumotnomasi). Natijada qorako‘l terilari, go‘sht, jun mahsulotlarini ishlab chiqarishdan olingan iqtisodiy samaradorlik 1 boshga 91,7 ming so‘m sof foydani, ishlab chiqarish rentabelligi 20,6 foizni tashkil etgan;
qorako‘l qo‘ylarining reproduktiv funksiyasini oshirish va bepushtligini kamaytirishning immunobiologik diagnostika usuli ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 21 avgustdagi 02/23-345-son ma’lumotnomasi). Natijada qorako‘l qo‘ylaridan qo‘zi olish va ularning mahsuldorlik xususiyatlari hamda yashovchanligini oshirishga erishilib, qo‘zilarni etishtirishdan 100 bosh sovliqga 14,2 mln. so‘m, 1 bosh qo‘ziga 185,2 ming so‘m sof foyda olish imkoniyati yaratilgan;
qorako‘l qo‘ylar immundefisitlarini oldini olish, ularning immunologik reaktivligi, yashovchanligi va mahsuldorligini oshirish uchun immunostimulyator va biologik faol moddalar (og‘iz suti + trivitamin, immunologik organlardan tayyorlangan ekstrakt +multivitamin, T-aktivin) ni qo‘llash usuli ishlab chiqilgan va qorako‘lchilik xo‘jaliklariga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 21 avgustdagi 02/23-345-son ma’lumotnomasi). Natijada qorako‘l qo‘ylarining immundefisitlarini oldini olish orqali ularning immun reaktivligi, hayotchanligi va mahsuldorligini oshirishga erishilgan.