Temirova Nilufar Tojinorovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Venger karp (Cyprinus carpio L.) balig‘ini intensiv usulda etishtirishning texnologik asoslari”, 06.02.03 – Xususiy zootexniya. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Qx742
Ilmiy rahbar: Kuzmetov Abdulaxmet Raymberdievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02
Rasmiy opponentlar: Kamilov Baxtiyar Ganievich, biologiya fanlari doktori, professor; Sobirov Jobir Jamolovich, biologiya fanlari falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Venger karp balig‘i zotining o‘sishi, serpushtligi, oziqlanish xususiyatlarini baholash va intensiv usulda etishtirishning texnologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba Venger karp balig‘ini intensiv usulda etishtirishning urchitish, chavoq boqish, va o‘stirish jarayonlaridan iborat texnologik jarayonlari yaratilgan;
Venger karpi chavoqlarining vaznini zooplankton kul’turasini hovuzga kiritish asosida 15-25 g dan 40 g gacha, “Bactovit uz” biopreperatini qo‘llash asosida kunlik o‘rtacha vaznning ortishini sutkasiga 0,3 g gacha oshirish mumkinligi aniqlangan.
Venger karp balig‘ini intensiv usulda mahalliy omuxta em va qo‘shimcha qora livinka (Hermetia illucens) tirik ozuqa bilan oziqlantirish ularning individual tirik vaznini 350-500 grammga oshirishning imkoniyati mavjudligi tajriba-sinovlari asosida isbotlangan;
Venger karp balig‘ining reproduktiv sifati, urg‘ochilarning o‘rtacha mutlaq serpushtligi 886,7 ming dona uvuldiriq, uning o‘sish ko‘rsatkichi Ukrain karplarga nisbatan 254,7 ming dona uvuldiriqga ko‘pligi aniqlangan;
ilk marotaba Venger karp zoti erkagi Ukrain karp zoti urg‘ochisi bilan chatishtirish asosida mahsuldor, kasalliklarga chidamli gibrid chavoqlar olingan va ularning iqtisodiy samaradorligi ochib berilgan;
Venger karp zoti erkagi Ukrain karp zoti urg‘ochisi bilan chatishtirish asosida olingan gibrid chavoqlarining chiqishi 80% ni tashkil qilishi va 242-360 ming dona baliq chavoqlari olish mumkinligi aniqlangan va chavoqlarining o‘rtacha vaznini 40-50 g gacha oshishi isbotlangan;
bir yillik gibrid baliqlarning o‘sishining ortishi o‘rtacha 442,45 g ga, vazni o‘rtacha 9,91 marta oshirish mumkinligi isbotlangan;
gibrid va gibrid bo‘lmagan lichinkalardan olingan foyda I-nazorat guruh baliqlarda 31.9 %, II-tajriba guruhidagi baliqlarda 34.8 % tashkil etishi, III-tajriba guruhidagi baliqlarda 33.1% ga to‘g‘ri kelishi, rentabellik darajasi gibrid lichinkalarda 2,9 % ga ko‘p bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Venger karp (Cyprinus carpio L.) balig‘ini intensiv usulda etishtirishning texnologik asoslari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Baliqchilikda yuqori mahsuldor zotlarni yaratishning samarali gibridizatsiya usullari Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi “Khorrot fish house” UK ho‘jaligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 17-oktyabrdagi 02/22-05/5294-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “Venger” zotli karp balig‘ining erkagi bilan, “Ukrain” karpining urg‘ochisi chatishtirilishidan olingan gibrid holdagi lichinkalar chiqishi 80 % ni tashkil qilib 360 000 dona hamda “Ukrain” karpining erkagi bilan “Ukrain” karpining urg‘ochisi chatishtirilishidan olingan gibrid bo‘lmagan lichinkalar chiqishi 80 % ni tashkil qilib 242 000 dona baliq chavoqlari olishga erishilgan. Lichinkalarning yashovchanligi gibrid bo‘lmagan lichinkalarga nisbatan 118 000 donani va 0,15 % ga yuqori bo‘lishi kuzatilgan. Olingan iqtisodiy samaradorlik 175 000 so‘mni tashkil etgan;
Gipofiz ineksiyasiga ijobiy javob beradigan va oson ikra beradigan “Venger” karp urg‘ochi baliqlarining mutlaq va nisbiy serpushtlik xususiyatlarini oshirish usuli Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Damachi baliq” MChJ ho‘jaligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 17-oktyabrdagi 02/22-05/5294-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “Venger” karp urg‘ochi baliqlarining o‘rtacha mutlaq serpushtligi 886,7 ming dona uvuldiriqni, “Ukrain” kaprlarida 632,0 ming dona uvuldiriqni hamda ularning o‘sish ko‘ratkichlari “Ukrain” karplarga nisbatan 254,7 ming dona uvuldiriqni, nisbiy serpushtligi – 22,2 dona uvildiriqni tashkil etgan. Bunda lichinkalarning iqtisodiy samaradorligi 12,8 % ga oshishiga erishilgan;
Suv hovuzlarda baliqlarni o‘stirish uchun harorat, gidrokimyoviy rejim, tabiiy ozuqa bazasini shakllantirish usuli Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi “Chinoz white fish” MChJ ho‘jaligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 17-oktyabrdagi 02/22-05/5294-sonli ma’lumotnomasi). Natijada gibrid va gibrid bo‘lmagan baliq chavoqlarining o‘rtacha vazni 42-53 grammni tashkil etib, gibrid bo‘lmagan chavoqlarga nisbatan 8-11 grammga va 15 % ga o‘sishi yuqoriligi aniqlangan. Gibrid lichinkalarning iqtisodiy samaradorligini 1 575 000 so‘mga oshishiga erishilgan.