Adilbekova Dilorom Baxtierovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Onadagi surunkali toksik gepatit sharoitida tug‘ilgan avlodning me’da-ichak qon tomir to‘qimalarining postnatal taraqqiyoti», 14.00.02–Morfologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Tib268.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06. 2017.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Mavlyan-Xodjaev Ravshan Shuxratovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Axmedov Shavkat Maxmudovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Teshaev Shuxrat Jumaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Xalqaro qozoq-turk universiteti (Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: onadagi surunkali toksik gepatit sharoitida tug‘ilgan avlodlar me’da-ichak tizimi qon tomir to‘qimalarining erta postnatal ontogenez davrida shakllanishi morfofunksional xususiyatlarini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba surunkali toksik gepatitga chalingan ona kalamushlardan tug‘ilgan avlodlarda me’da, ingichka ichak, yo‘g‘on ichak va ularning a’zo ichi qon tomirlari postnatal shakllanishi xususiyatlari kompleks tarzda morfologik va morfometrik jihatdan o‘rganilgan;
ona kalamushdagi surunkali jigar patologiyasi, ulardan tug‘ilgan va oziqlantirilgan kalamush bolalari me’da-ichak tizimi a’zolari qon tomir-to‘qima strukturalarining postnatal o‘sishi va shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan;
me’dada me’da chuqurchalarining chuqurligi, me’da bezlari uzunligi va shilliq pardaning xususiy plastinkasi qalinligi kamayishi, qoplovchi epiteliy hujayralari va me’daning xususiy bezlari o‘rtacha sonining kamayishi, shuningdek asosiy va parietal hujayralarning differensiallanishi va funksional zo‘riqishini buzilishining submikroskopik belgilari bilan birga kechganligi, ingichka ichakda salbiy ta’sir oqibatlari kriptalarning kambial hujayralari mitotik faolligining kamayishi va enterotsitlar proliferatsiyasi, differensiallanishi jarayonlarining sekinlashishi natijasida “kripta-vorsinka” tizimi komponentlari o‘sish sur’atining orqada qolishi ko‘rinishlarida namoyon bo‘lishi isbotlangan;
sog‘lom kalamushlar va surunkali toksik gepatitli kalamushlar suti avlod me’da-ichak tizimi a’zolarining qon tomir o‘zani va to‘qimalari postnatal rivojlanishi va shakllanishiga o‘ziga xos ta’sir qilishi isbotlangan;
sog‘lom kalamushlardan tug‘ilgan avlodlarni surunkali toksik gepatitli kalamushlar ko‘krak suti bilan oziqlantirilganda avlod me’da va ichagi qon tomir-to‘qima strukturalari postnatal rivojlanishi sur’atiga bir muncha tormozlovchi ta’sir ko‘rsatishi, me’da shilliq qavatidagi me’da chuqurchalari shakllanishi jarayonlarining sekinlashishi, ingichka ichakda “kripta-vorsinka” tizimi va yo‘g‘on ichakdagi kriptalar va ular hujayralari miqdoriy parametrlarining kamayishi jarayonlarida namoyon bo‘lishi isbotlangan;
surunkali toksik gepatitli kalamushlardan tug‘ilgan avlodni sog‘lom kalamushlar suti bilan oziqlantirish me’da-ichak trakti a’zolarining qon tomir-to‘qima strukturalari postnatal rivojlanishi, shakllanishi sur’atlariga ijobiy ta`sir qilishi, bu jarayonlarning sezilarli darajadagi tezlashishiga olib kelishi isbotlangan;
kalamushlarning homilador bo‘lishigacha bo‘lgan davrlarda surunkali toksik gepatitini gepatoprotektorlar va vitaminlar kompleksi bilan davolash, ona kalamush gepatitining avlodga salbiy ta’siri samarasini sezilarli darajada pasayishiga va avlodlarda me’da-ichak tizimi a’zolarining qon tomir-to‘qimalari postnatal rivojlanishi va shaklanishi jarayonlarining yaxshilanishiga olib kelishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Onadagi surunkali toksik gepatit sharoitida tug‘ilgan avlodda me’da-ichak tizimi qon tomir-to‘qimalarining postnatal shakllanishi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Onadagi surunkali toksik gepatit sharoitida avlodning me’da-ichak trakti qon tomir-to‘qima strukturalarining postnatal shakllanishi» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015 yil 15 iyundagi 6-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma onadagi surunkali jigar patologiyasi ta’sirini aniqlash va ularning salbiy ta’sirining oldini olish va profilaktik chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan;
«Postnatal`noe formirovanie jeludochno-kishechnogo trakta potomstva v usloviyax xronicheskogo toksicheskogo gepatita u materi» uslubiy tavsiyanomasi ishlab chiqilgan va sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 9 martdagi 197-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma surunkali toksik gepatit sharoitida tug‘ilgan avlod me’da-ichak tizimidagi patomorfologik o‘zgarishlarni aniqlash va tashxislash bu ta’sirlar oqibatida yuzaga keladigan salbiy oqibatlarning oldini olish va davolash mexanizmlarini ishlab chiqish imkonini bergan;
onadagi surunkali toksik gepatit sharoitida tug‘ilgan avlodda me’da-ichak tizimi qon tomir-to‘qimalarining postnatal shakllanishi jarayonlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Toshkent tibbiyot akademiyasi va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi eksperimental laboratoriyalari faoliyatiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 23 martdagi 8N-d/11-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi avlod hayotining ilk davrlarida ona jigari patologiyasining salbiy ta’sirini erta tashxislash va bashoratlash usullarini ishlab chiqishga imkon yaratgan. Bu o‘z navbatida, ona kasalligining salbiy ta’sirlarini oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, nogironlikka olib kelishini 20–35% qisqarishiga va davolanishga ketadigan sarf-xarajatlarni kamaytiradi hamda homiladorlik yoki ilk bolalik davrlarida ona jigari patologiyasi salbiy ta’siri sharoitida bo‘lgan bolalarda tug‘ilgandan keyingi uzoq davrlarda yuzaga keladigan kasalliklarni oldini olish imkonini bergan.