Sabirova Muazzam Shuxratbek qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Toshkent iqtisodiy rayoni aholisi oilaviy tarkibining geodemografik muammolari», 11.00.02 – Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2023.4.PhD/Gr288.
Ilmiy rahbar: Tojieva Zulxumor Nazarovna, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Gr.01.06.
Rasmiy opponentlar: Jumaxanov Shavkatjon Zairjanovich, geografiya fanlari doktori, dotsent; Yuldashev Nurbek Normurodovich, geografiya fanlari falsafa doktori(PhD).
Yetakchi tashkilot: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent iqtisodiy rayoni aholisi oilaviy tarkibining geodemografik muammolarini aniqlash va ularning echimiga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent iqtisodiy rayoni oilalarida ajralish jarayoniga ta’sir etuvchi omillar (ishsizlik, ma’lumotlilik, uchinchi shaxs aralashuvi)ning o‘zaro bog‘liqligi va ularning Korrelyasiya-Spirmen koeffisienti qiymatiga ko‘ra bog‘lanish kuchining bo‘sh (0.1–0.3), o‘rtacha (0.4–0.6), yuqori (0.6–0.9) va juda yuqori (1–1) kabi ko‘satkichlari aniqlangan;
Toshkent iqtisodiy rayonining 29 ta hududi bo‘yicha geodemografik (aholining soni, milliy va yosh-jins tarkibi, ma’lumotliligi, erta nikoh, farzandsiz oilalar) ko‘rsatkichlarning nikoh va ajralish jarayonlariga ta’siri Pooled OLS estimator (POLSE), Fixed effecs estimator (FEE), Random effecs estimator (REE) modellari asosida ekonometrik modellashtirilgan;
O‘zbekiston Respublikasida nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik jarayonini takomillashtirish bo‘yicha shaxsga oid tibbiy ma’lumotlar bazasini jamlagan “Yosh oila” mobil ilovasi yaratilgan hamda undan foydalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan;
Toshkent viloyati shahar va tumanlaridagi demografik jarayonlarning (tug‘ilish, o‘lim, nikoh, ajralish va migratsiya) hududiy taqsimlanishidagi holatini mutlaq balandliklar – 400–500 metrgacha (tekislik), 400–500 dan 1000–1100 metrgacha (tog‘oldi) va 1000–1100 metrdan yuqori (tog‘li) hududlar bo‘yicha prognoz parametrlari ishlab chiqilgan hamda oilaviy tarkibi kartasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent iqtisodiy rayoni aholisi oilaviy tarkibining geodemografik asoslari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Toshkent iqtisodiy rayoni oilalarida ajralish jarayoniga ta’sir etuvchi aniqlangan omillar va ularning Korrelyasiya-Spirmen koeffisienti ko‘rsatkichlari Oila va xotin-qizlar Davlat qo‘mitasi faoliyatida “Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi”ni tayyorlashda foydalanilgan (Oila va xotin-qizlar Davlat qo‘mitasining 2023 yil 7 dekabrdagi 01-09/1752-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Demografiya ilmiy portali”ning aholi pasportidagi ma’lumotlarni boyitish imkonini bergan;
Toshkent iqtisodiy rayoni bo‘yicha geodemografik ko‘rsatkichlarning nikoh va ajralish jarayonlariga ta’sirining ekonometrik modellari O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatida “Oilaning jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirish va mustahkamlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqish”da foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining 2024 yil 22 fevraldagi 2-13-21-618-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, oilaning geodemografik rivojlanishida o‘zgarishlarning, zamonaviy oilalardagi ajralishlarning sabablari asoslangan va ajralishlarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish imkonini bergan;
O‘zbekiston Respublikasida nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik jarayonini takomillashtirish bo‘yicha shaxsga oid tibbiy ma’lumotlar bazasini jamlagan “Yosh oila” mobil ilovasi O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatida JNBL-53-sonli “Demografik rivojlanish va oila farovonlik darajasini oshirishning konsepsual yo‘nalishlarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihasini amalga oshirishda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining 2024 yil 22 fevraldagi 2-13-21-618-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, bu nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish tizimini takomillashtirish, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning, tug‘ma nuqsonlar bilan bolalar tug‘ilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ijobiy natijalarga erishish imkonini bergan;
Toshkent viloyati shahar va tumanlaridagi demografik jarayonlardan nikoh va ajralish jarayonlarining geodemografik ko‘rsatkichlarini hududiy taqsimlanishidagi holati va prognozlari Oila va xotin-qizlar Davlat qo‘mitasi faoliyatida Toshkent viloyatining 29 ta hududi bo'yicha 12 yillik ma'lumotlari asosida oilalarning demografik rivojlanishidagi o‘zgarishlarni modellashtirishda va prognozlashda foydalanilgan (Oila va xotin-qizlar Davlat qo‘mitasining 2023 yil 7 dekabrdagi 01-09/1752-son ma’lumotnomasi). Natijada, aholi oilaviy tarkibining kelgusi istiqbollarini belgilash uchun bo‘ladigan prognoz parametrlarini ishlab chiqish va oila tarkibini takomillashtirish imkonini bergan.