Hafizova Muxlisa Abdig‘ani qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ijodkor badiiy tafakkurining shakllanishida adabiy muhit, an’ana va tarjimaning o‘rni (E. Vohidov ijodi misolida)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Fil1585.
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Miliev Suvon, filologiya fanlari doktori; Bahriddinova Dildora Bahriddinovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Erkin Vohidov ijodining shakllanishida obektiv va subektiv omillar, jumladan, turli ijodiy maktablar, adabiy to‘garaklarning o‘rni va ahamiyati, adabiy manbalar – adabiy muhit, an’na va tarjimaning ijodkor badiiy mahorati va tasvir uslubining shakllanish jarayoni, shuningdek, shoir hayoti va ijodini u yashagan tarixiy-adabiy davr kontekstida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijodkor badiiy olamining shakllanish bosqichlari adabiy-tarixiy davr, shu davrdagi ijodiy muhit, xalq ongi va ruhiyatida kecha boshlagan yangilanish jarayoni, E.Vohidov va u mansub bo‘lgan avlod vakillari ijodida mavzu doirasi va badiiy tafakkurning yangilanishi masalalariga aniqlik kiritilgan;
shoir badiiy izlanishlari jarayonida murojaat etgan mavzu, she’riy shakl va ifoda usullarining turfaligi, ijodkor poetik arsenalining doim boyib turganidan shahodat berishi, E.Vohidov she’riyati mavzu ko‘lamining xilma-xilligi ichki va tashqi omillarga bog‘liqligi davr adabiy muhitiga aloqadorligi dalillangan;
E.Vohidovning o‘zigacha bo‘lgan o‘zbek shoirlari ijodini yaxshi o‘rganganligi, uning adabiy bahs va suhbatlar, adabiy muhit, adabiy manbalarning ta’siri doirasida ijodiy takomillashgani asoslab berilgan;
E.Vohidovning so‘z tanlashda mumtoz meros bisotidan o‘rinli va unumli foydalanishi Navoiy, Fuzuliy ijodi, Sog‘uniy suhbatlari ta’siri doirasida rivojlanganligi, shuningdek, poetik-falsafiy tafakkuri va badiiy mahoratining oshishida shoir tarjimonlik faoliyatining ahamiyati va roli ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ijodkor badiiy tafakkurining shakllanishida adabiy muhit, an’ana va tarjimaning o‘rni (E. Vohidov ijodi misolida) mavzusida olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Erkin Vohidovning so‘z tanlashda mumtoz meros bisotidan o‘rinli va unumli foydalanishda, Navoiy va Fuzuliy ijodi, Sog‘uniy suhbatlari ta’sirida ijodiy kamol topishiga oid ilmiy xulosalardan O‘zR Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida amalga oshirilgan OT-F1-77-raqamli “O‘zbek adabiyoti durdonalari 100 jildligini nashrga tayyorlash” (2017-2021 yy.) fundamental ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2023-yil 3-apreldagi 3/1255-673-son ma’lumotnomasi). Natijada, shoirning badiiy izlanishlarida qo‘llanilgan mavzu ko‘lamining xilma-xilligi, g‘azalnavis shoir sifatida shakllanganligini yanada ilmiy asoslashga erishilgan;
XX asrning 60-yillarigacha bo‘lgan davrda o‘zbek lirikasida ijtimoiy siyosiy masala ustunlik qilgan edi. Ayni shu masalani Erkin Vohidov hamda shoir yashagan davr vakillaridan boshlab mavzu doirasining yangilanganligini asoslashda, E. Vohidov ijodining shakllanishida adabiy manbalarning roli va ahamiyati haqidagi qarashlar, xususan, ijodkor badiiy mahorati hamda ifoda uslubi dinamikasini ochib berishga oid xulosalaridan O‘zR Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida OT-F1-80 “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” (2012-2016 yy.) fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2023-yil 3-apreldagi 3/1255-673-son ma’lumotnomasi). Natijada, Erkin Vohidov ijodining shakllanishidagi asosiy omillarni yanada har tomonlama ilmiy baholashga erishish imkonini bergan;
Erkin Vohidov ijodining shakllanishi, ijodkor laboratoriyasi ilk ijod namunalari, ijod yo‘lidagi ustozlari haqida ma’lumotlar, “Gʻayratiy maktabi” va uning Erkin Vohidov ijodi shakllanishidagi o‘rni, Ijodkorning shakllanishida Sog‘uniy bilan ijodiy muloqotning ahamiyatiga oid xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiy tanqid kengashi hisobot yig‘ilishlarida, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida o‘tkazilgan mahorat darslarida, “Onajonim she’riyat” adabiy to‘garak faoliyatida tadqiqot natijalaridan unumli foydalanilgan (Yozuvchilar uyushmasining 2022-yil 14-iyundagi 01-03/788-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarga ijodkor laboratoriyasini o‘rganish, uni tadqiq etishda xolislik bilan yondashish kerakligi, qiyosiy tahlillarda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ko‘rsatib berilgan.