Oblomuradov Narzullo Naimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish», 08.00.07 – «Moliya, pul muomalasi va kredit» (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Iqt10.
Ilmiy maslahatchi: Vaxabov Abduraxim Vosiqovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.01.11.
Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, akademik G‘ulomov Saidaxror Saidaxmedovich; iqtisodiyot fanlari doktori, professor Mustafoqulov Sherzod Igamberdievich; iqtisodiyot fanlari doktori, professor Berdiyarov Baxriddin Tavasharovich.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish sharoitida milliy iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“yashil” iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari toifalari belgilangan, “yashil” obligatsiyalar va kreditlar, davlat moliyaviy dastaklari (subsidiya, grant, kredit liniyalari, kafolatlar) va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan “yashil” turdagi loyihalarni tasniflash taklif etilgan;
investisiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish tartibi loyihaning atrof muhit holatiga ta’sirini baholash, loyihani amalga oshirish natijasida etkaziladigan ekologik zarar miqdorini baholash va uning salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarga oid “yashil” mezonlarni belgilash asosida takomillashtirilgan;
yirik investisiya loyihalari bo‘yicha takliflarni baholash mezonlarida jalb qilinadigan investisiya miqdori (0≤I≤25%), eksport qilinadigan mahsulotlar ulushi (0≤E≤20%), yuqori texnologiyalarni qo‘llash darajasi (0≤T≤15%), yillik tovar aylanmasi miqdori (0≤L≤10%) va yaratiladigan ish o‘rinlari soni (0≤L≤5%) bilan bog‘liq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilash taklif etilgan;
asosiy faoliyati chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash hisoblangan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ushbu faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida belgilash orqali sanitar tozalash korxonalarining investision loyihalarni o‘z mablag‘lari va kredit mablag‘larini jalb etish hisobiga moliyalashtirish salohiyatini 1,5 barobarga oshirish asoslangan;
infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga uzoq muddatli investisiya mablag‘larini jalb etishni rag‘batlantirish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmini qo‘llash samaradorligini oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda sheriklar o‘rtasida xavf-xatarlarning taqsimlanishi va loyihaga oid samaradorlik talablarini belgilash taklifi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar asosida:
“yashil” iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari toifalarini belgilash, “yashil” obligatsiyalar va kreditlar, davlat moliyaviy dastaklari (subsidiya, grant, kredit liniyalari, kafolatlar) va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan “yashil” turdagi loyihalarni tasniflash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25 oktyabrdagi 561-son “Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining 2023 yil 20 dekabrdagi 02-28-8046-son ma’lumotnomasi). Natijada respublikamizda “yashil iqtisodiyot” rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari, “qayta tiklanuvchi” energiya loyihalari bo‘yicha muvofiqlik mezonlari tasdiqlanib, ushbu sohaga investisiya kiritishning iqtisodiy-institutsional asoslari yaratilgan;
investisiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish tartibi loyihaning atrof muhit holatiga ta’sirini baholash, loyihani amalga oshirish natijasida etkaziladigan ekologik zarar miqdorini baholash va uning salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarga oid “yashil” mezonlarni belgilash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 iyuldagi PQ-332-son “Investisiya va infratuzilmaviy loyihalarning loyihaoldi, davlat xaridiga doir tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari va texnik topshiriqlar hamda shartnomalarni ekspertizadan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Investisiya, sanoat va savdo vazirligining 2023 yil 25 dekabrdagi 05-40-15870-son ma’lumotnomasi). Natijada 2023 yilda ekologik ekspertizadan o‘tkazilgan investisiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarning loyiha hujjatlari soni 5116 tani tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 4,6 foizga oshdi va investisiya loyihalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilangan;
yirik investisiya loyihalari bo‘yicha takliflarni baholash mezonlarida jalb qilinadigan investisiya miqdori (0≤I≤25%), eksport qilinadigan mahsulotlar ulushi (0≤E≤20%), yuqori texnologiyalarni qo‘llash darajasi (0≤T≤15%), yillik tovar aylanmasi miqdori (0≤L≤10%) va yaratiladigan ish o‘rinlari soni (0≤L≤5%) bilan bog‘liq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 sentyabrdagi 592-son “Yirik investisiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Investisiya, sanoat va savdo vazirligining 2023 yil 25 dekabrdagi 05-40-15870-son ma’lumotnomasi). Natijada, faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy investisiyalar ishtirokidagi korxonalarning mamlakat yalpi eksportidagi ulushi 2020 yildagi 16,9 foizdan 2022 yilda 20,2 foizgacha, band bo‘lganlar soni 285,4 mingdan 308,9 minggacha oshishiga erishilgan;
asosiy faoliyati chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash hisoblangan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ushbu faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida belgilash orqali sanitar tozalash korxonalarining investision loyihalarni o‘z mablag‘lari va kredit mablag‘larini jalb etish hisobiga moliyalashtirish salohiyatini 1,5 barobarga oshirish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 avgustdagi PF-189-son “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligining 2023 yil 20 noyabrdagi 03-03/3-7102-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2022 yilda asosiy faoliyati chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga foyda solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar hisobiga ularning ixtiyorida jami 2,4 mlrd.so‘m miqdorida mablag‘lar qoldirilib, sanitar tozalash korxonalarining investision loyihalarni o‘z mablag‘lari va kredit mablag‘larini jalb etish hisobiga moliyalashtirish salohiyatini 24,9 mlrd.so‘mdan 38,7 mlrd.so‘mgacha oshishiga erishilgan;
infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga uzoq muddatli investisiya mablag‘larini jalb etishni rag‘batlantirish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmini qo‘llash samaradorligini oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda sheriklar o‘rtasida xavf-xatarlarning taqsimlanishi va loyihaga oid samaradorlik talablarini belgilash taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 22 yanvardagi O‘RQ-669-son “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi Qonunini ishlab chiqilishida hisobga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasining 2023 yil 21 dekabrdagi 02/5-05/5113-sonli ma’lumotnomasi) Natijada, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar soni 2022 yilda 175 tadan 2023 yilda 591 tagacha oshib (o‘tgan yilga nisbatan 238 foizga oshgan), ular orqali infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish hajmi 2,8 trln.so‘mga etgan.