Mamaeva Makbal Nurjanovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasida advokatura institutining mustaqilligini ta’minlash mexanizmi: qonunchilik va amaliyotning qiyosiy tahlili”, 12.00.07 – Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Yu 639. 
Ilmiy rahbar: Salaev Nodirbek Saparbaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Abzalova Xurshida Mirziyatovna, yuridik fanlar doktori, professor; Xayriev Nodirjon Isroilovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston va Qozog‘iston qonunchiligida advokatlik instituti mustaqilligini kafolatlashning huquqiy asoslarini tashkil etuvchi normalarni, ilmiy va amaliy konseptual yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
talabgorga advokatlik guvohnomasi berilgandan e’tiboran advokat maqomini olishi hududiy adliya organi rahbarining advokat maqomini va advokatlik guvohnomasini berish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan rasmiylashtirilishi lozimligi asoslangan;
advokatura institutining mustaqilligini ta’minlash mexanizmini takomillashtirish maqsadida yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markazi orqali yosh advokatlarni tanlov orqali yetakchi xorijiy yuridik kompaniyalarda stajirovka o‘tashini tashkil etish, shu jumladan ushbu faoliyatni davlat grantlari orqali moliyalashtirilishi lozimligi asoslangan; 
advokatlik hay’ati (byurosi, firmasi) tomonidan berilgan order advokatga huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxsning manfaatlarini himoya qilish huquqini bersa-da, biroq u ishonchnomaning o‘rnini bosmasligi hamda iqtisodiy protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini bermasligi lozimligi asoslangan; 
qonuniy vakil nizoli fuqarolik-huquqiy munosabatdan chiqib ketganda (fuqaroning o‘limi, yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi va h.k.), kassatsiya instansiyasi sudi bunday shaxslarni ularning fuqarolik protsessual huquqiy vorislari bilan almashtirishga yo‘l qo‘yishi va ishdagi barcha materiallar bilan tanishish uchun imkoniyat berishi lozimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Ilmiy ishning natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan: 
talabgor unga advokatlik guvohnomasi berilgan kundan e’tiboran advokat maqomini olishi, bu hol hududiy adliya organi rahbarining advokat maqomini va advokatlik guvohnomasini berish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan rasmiylashtirilishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-sentyabrdagi 807-son Qaror bilan tasdiqlangan Advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 7-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yuridik ta’minlash departamentining 2022-yil 27-maydagi 12/21-40-son ma’lumotnomasi). Bu taklif advokatlik maqomini olishning yanada aniqlashtirishga xizmat qilgan;
advokatura institutining mustaqilligini ta’minlash mexanizmini takomillashtirish maqsadida yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markazi orqali yosh advokatlarni tanlov orqali yetakchi xorijiy yuridik kompaniyalarda stajirovka o‘tashini tashkil etish, shu jumladan, ushbu faoliyatni davlat grantlari orqali moliyalashtirish lozimligi haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli “Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorning 6-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yuridik ta’minlash departamentining 2022-yil 27-maydagi 12/21-40-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif yosh huquqshunoslarning yetakchi xorijiy yuridik firmalarda malaka oshirish imkoniyatini yaratishga xizmat qilgan;
advokatlik hay’ati (byurosi, firmasi) tomonidan berilgan order advokatga huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxsning manfaatlarini himoya qilish huquqini berishi, biroq u ishonchnomaning o‘rnini bosmasligi hamda advokatga IPKning 63-moddasida maxsus nazarda tutilgan protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini bermasligi lozimligi to‘g‘risidagi takliflaridan Oliy sud Plenumining 2019-yil 24-maydagi “Birinchi instansiya sudi tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 13-sonli qarorining 14-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy sud Plenumining 2022-yil 27-maydagi 08/393-22-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif sud majlisida ishtirok etishda advokatning orderi va ishonchnomasini chegaralashga xizmat qilgan; 
protsessual huquqiy vorislik sud protsessining har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olib, qonuniy vakil nizoli fuqarolik-huquqiy munosabatdan chiqib ketganda (fuqaroning o‘limi, yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi va h.k.), kassatsiya instansiyasi sudi bunday shaxslarni ularning huquqiy vorislari bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilishi va ularga ishdagi barcha materiallar bilan tanishish uchun imkoniyat berilishi lozimligiga oid takliflardan Oliy sud Plenumining 2021-yil 27-noyabrdagi “Fuqarolik ishlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 35-sonli qarorining 20-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy sud Plenumining 2022-yil 27-maydagi 08/393-22-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif advokat va protsessga vorislik tartibida kirgan boshqa shaxslarga ishning barcha materiallari bilan tanishish imkoniyatini yaratishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish