Valiev Shuxrat Ashirboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yaylov fitotsenozlari dominant turlarining chorva mollari boqilishi sharoitidagi ekofiziologik xususiyatlari (Qarnobcho‘l misolida)», 03.00.05 – Botanika, 03.00.07 – O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/B916.
Ilmiy rahbar: Rajabov Toshpo‘lot Fayzulloevich, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.02.08.
Rasmiy opponentlar: O‘roqov Sirojiddin Xudayberdievich, biologiya fanlari doktori, professor; Adilov Bexzod Abdullaevich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: chorva mollarining turli xil boqilish intensivliklari ta’siridagi Qarnobcho‘l tabiiy yaylovlarida dominant o‘siliklarining fitotsenotik, ekofiziologik va biokimyoviy o‘zgarishlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yaylovlardagi dominant turlarning ekofiziologik xususiyatlari va biokimyoviy tarkibi chorva mollari boqilish darajalariga bog‘liq ravishda o‘zgarishi ochib berilgan;
yaylovlarda boqilish intensivligining ortishi bilan fitotsenozlardagi senoz hosil qiluvchi tipik dominant tur (Artemisa diffusa Krasch. ex Poljakov) da suv taqchilligi va fotosintetik pigmentlar miqdorining ortib borishi aniqlangan;
yuqori boqilish sharoitida A.diffusa ozuqaviylik darajasining pasayishi, xususan protein va azot miqdorining o‘rtacha 40% ga va umumiy uglevodlar miqdorining 55% gacha kamayishi aniqlangan;
yaylov paskval turlarining yuqori boqilish sharoitiga fiziologik jihatdan moslashuvchanligi, raqobatbardoshligi va fitotsenozda keng tarqalish imkoniyatlari ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yaylov fitotsenozlari dominant turlarining chorva mollari boqilishi sharoitidagi ekofiziologik xususiyatlari (Qarnobcho‘l misolida) bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yaylovlarda chorva mollarining boqilishi sharoitida yaylovlar inqirozining boshlang‘ich, past, o‘rta va yuqori darajalarida yaylovlardagi dominant o‘simliklarning geobotanik ko‘rsatgichlari, fiziologik xususiyatlari, yaylov o‘simliklar qoplamining umumiy ekologik va xo‘jalik holati O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining qorako‘lchilik sub’ektlari faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 5 dekabrdagi 1-2/803-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu qorako‘lchilik sub’ektlarining 18 ming gektar yaylov maydonlarining tabiiy holatini yaxshilash, chorva mollari boqilish darajalarini me’yorlashtirish, yaylovlar tabiiy holatini saqlash hamda ulardan samarali foydalanish imkonini bergan;
o‘simliklarining fitotsenotik va ekofiziologik ko‘rsatkichlari, yaylovlarning tabiiy holatini va degradatsiya bosqichlarini baholash asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar BMT Taraqqiyot dasturining “Global ahamiyatga ega bioxilma-xillik uchun muhim bo‘lgan asosiy tog‘li hududlarda tabiiy va o‘rmon resurslarini barqaror boshqarish” nomli xalqaro loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyati Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaligi tabiiy yaylovlaridan samarali foydalanish, tabiiy holatini saqlash va degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash tadbirlarining bajarilishida ishlarida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2023 yil 28 oktyabr 03-03/3-6270-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaylovlar tabiiy holatini yaxshilash, em-xashak bazasini mustahkamlash va hosildorlikni 25% ga oshirish imkonini bergan.