Zaripov Rafiqjon Ergashboy o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda davlat tili menejmenti: sotsialingvistik aspekti va huquqiy-me’yoriy asoslar”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/Fil603.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Hakimov Muxammad Xo‘jaxonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Shaxobitdinova Shohida Hoshimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Ibrahimov Elchin, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistondagi davlat tili menejmentini til va jamiyat mushtarakligi tamoyillari asosida yoritish, huquqiy-me’yoriy asoslarini dalillash va davlat tili menejmentini samarali yo‘lga qo‘yishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan sotsialingvistik omillar, til boshqaruvining normativ asoslarini jahon tajribasi asosida belgilashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston Respublikasi davlat tili menejmenti lingvistik, huquqiy me’yorlarining nazariy-metodologik asoslari, amaliy manbalari belgilanib, ularning davlat tili menejmentidagi ahamiyatini belgilash va davlat tilining ijtimoiylashuv jarayonlarini tartibga solishda qonun hujjatlarining roli, ijtimoiy o‘zgarishlarning til menejmentiga ta’siri, davlat tili menejmentining lingvistik me’yorlari ta’limi holati aniqlangan;
O‘zbekiston til menejmentida mamlakatdagi tillar maqomini belgilash, til korpusi menejmenti va til marketologiyasini yo‘lga qo‘yishning ilmiy, texnologik, marketologik, rag‘batlantiruvchi va ijtimoiy xizmatlarga asoslangan tamoyillari dalillangan;
davlat tili menejmenti muayyan davlat, hukumat yoki hukumat rahbarlarining mamlakat hududida davlat tilini joriy etish, tartibga solish, rivojlantirishga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlari yig‘indisi hisoblanishi, ushbu jarayon o‘lkada yashovchi boshqa millatlar tillariga hurmatni saqlagan holda davlat tilini targ‘ib qilishga qaratilgan faoliyat ekanligi dalillangan;
til boshqaruvi oila, tashkilot va muassasalar, sohalar, davlat, xalqaro darajalarda bo‘lishi asoslangan, til boshqaruvi bosqichlari sifatida quyi, o‘rta va yuqori bosqichlar ajratilib, til menejmentining yuqori bosqichida davlat miqyosidagi til boshqaruvi e’tiborga olinishi, o‘rta bosqichda davlat va xalq o‘rtasida til masalalari yuzasidan ko‘prik bo‘luvchi vakolatli muassasalarning til boshqaruvidagi faoliyati nazarda tutilishi, quyi boshqaruvda esa jamiyatdagi til foydalanuvchilarining til boshqaruvidagi o‘rni hisobga olinishi asoslanib, til menejmentining me’yorlari esa til boshqaruvini olib borayotgan hukumat, muassasa, guruh tomonidan qabul qilinadigan qarorlarda ifodalanishi ochib berilgan;
til menejmentida tillar maqomi mamlakatdagi milliy ko‘p tillilik bilan bog‘liq holda tilning funksiyasiga qarab belgilanishi asoslanib, til menejmentida tillarning rasmiy, viloyat, kengroq muloqot, xalqaro, guruh, ta’lim, maktab predmeti, adabiy, diniy, OAV, faoliyat-ish, internet tili belgili funksiyalari ajratilgan va ularning til menejmentidagi maqomini belgilash tamoyillari aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda davlat tili menejmenti: sotsialingvistik aspekti va huquqiy-me’yoriy asoslari tadqiqi yuzasidan erishilgan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston davlat tili menejmenti lingvistik, huquqiy me’yorlarining nazariy metodologik asoslari, amaliy manbalarining davlat tili menejmentidagi ahamiyati, O‘zbekiston til menejmentida mamlakatdagi tillar maqomini belgilash, til korpusi menejmenti va til marketologiyasini yo‘lga qo‘yish tamoyillari, til boshqaruvi darajalari, bosqichlari, til menejmenti me’yorlari, til menejmentida tillar maqomi masalalariga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining 2020–2022-yillarda bajarilgan “Erudit” shifrli yopiq fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2023-yil 8-avgustdagi 10/1550-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyada keltirilgan ilmiy-amaliy tavsiya va xulosalar fundamental loyiha doirasida tayyorlangan dastur, lug‘at, qo‘llanma va ishlanmalarni boyitgan;
davlat tili maqomi, til menejmentida mamlakat lingvistik muhitida mavjud tillarning maqomi, til menejmentining nazariy va eksperimental ilmiy tadqiqi, tillar maqomining ilmiy tadqiqi, til menejmentida terminlarni tartibga solish mezonlari, til menejmentida nomenklatura, joy nomlari va neyming, til menejmentida terminologiya qo‘mitalari va agentliklarining roli, terminologiya qo‘mitalari va agentliklarining terminologiya, nomenklatura, joy nomlari va neyming tizimini tartibga solishdagi ahamiyati tahlili natija va xulosalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2019–2022-yillarda bajarilgan A-OT-2019-10 “O‘zbek tilida neyming: me’yoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanildi (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 13-iyundagi 01/10-1177-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqorida keltirilgan masalalar yuzasidagi asosli xulosalar amaliy grant loyihani mukammallashtirgan;
“Davlat tili haqida”gi Qonunda lingvistik jihatdan o‘zbek tilining fonetikasi, orfoepiyasi, orfografiyasi, morfemikasi, morfologiyasi, sintaksisi, leksikologiyasi me’yorlarini aks ettirgan normalar ko‘rsatilishi lozimligi va ular turli boshqa manbalarda berilishiga oid xulosalar va bu borada tadqiqotda tavsiya etilgan manbalardan; O‘zbekistonda davlat tili menejmenti huquqiy me’yorlarining nazariy-metodologik asoslari mamlakatimizda qabul qilingan 20 dan ortiq me’yoriy hujjatlar bilan belgilanishi yuzasidagi takliflar va dissertatsiyada keltirilgan normativ materiallardan; O‘zbekistonda davlat tili menejmentining amaliy manbalari sifatida turli leksikografik, ta’limiy, o‘quv-uslubiy, ilmiy-badiiy, jonli so‘zlashuv tili materiallari, uslubiy xoslangan matnlar, axborot manbalari predmetlari, elektron manbalar, korpus materiallari, dialektal lug‘atlar va adabiy tilda yaratilgan amaliy ahamiyat kasb etuvchi materiallar qaralishi mumkinligi yuzasidagi xulosalardan va taklif etilgan manbalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2021–2023-yillarda bajarilgan PZ-2020042022 “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 13-iyundagi 01/10-1178-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyada tavsiya etilgan O‘zbekistonda davlat tili menejmentining lingvistik fundamental materiallari, amaliy manbalari sifatida qaraluvchi turli leksikografik, ta’limiy, o‘quv-uslubiy, ilmiy-badiiy, jonli so‘zlashuv tili materiallari, uslubiy xoslangan matnlar, axborot manbalari predmetlari, elektron manbalar, korpus materiallari “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish”da asos manbalar sifatida olindi va platformaning mukammallashishiga xizmat qilgan;
davlat tili menejmentida mamlakat lisoniy manzarasida mavjud tillarning ta’limiga qaratilgan e’tibor, davlat tilining lingvistik me’yorlari ta’limi, ta’lim tizimida o‘qitiladigan xorijiy tillar, ta’lim tizimida o‘qitiladigan xorijiy tillarni qaysi davrdan maktab dasturiga kiritish, mamlakatda ta’lim tillari holati va boshqaruvi, ta’lim jarayonida mahalliy tillardan foydalanish, ularni saralash tamoyillari, til menejmentida maktab til siyosatining tutgan o‘rni yuzasidan bildirilgan xulosa va takliflardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2021–2023-yillarda bajarilgan RZ-202004165. “Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida og‘zaki va yozma nutqiy kompetensiyalarni rivojlantiruvchi elektron platforma yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 13-iyundagi 01/10-1179-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqorida qayd etilgan mezonlar asosida elektron platformaga joylashtiriladigan materiallar saralandi va joylashtirildi. Bu esa loyihaning mukammal ishga tushirilishiga xizmat qilgan;
terminologiya, nomenklatura, joy nomlari tizimini shakllantirishda til menejmentining amaliy manbalari hisoblangan mavjud lug‘atlardan, xususan, izohli lug‘at, imlo lug‘atlaridan foydalanish, terminologiya, nomenklatura, joy nomlari lug‘atlarini shakllantirish mezonlari, ularning onlayn, oflayn elektron ko‘rinishini joriy etish masalalariga oid xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2022–2023-yillarda bajarilgan IL-21091506 “O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovatsion ishlanmalar dasturida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 13-iyundagi 01/10-1180-son ma’lumotnomasi). Natijada nomenklatura, joy nomlari lug‘atlarini shakllantirish mezonlari, ularning onlayn, oflayn elektron ko‘rinishini joriy etish, xususan, til menejmentining amaliy manbalari hisoblangan izohli lug‘at, imlo lug‘atlaridan foydalanish tamoyillari asosida tavsiya etilgan qarashlar, mezonlar va manbalar innovatsion ishlanmalar dasturini mukammallashtirgan;
xorijiy mamlakatlar davlat tili menejmentining ilmiy-nazariy manbalari, O‘zbekistondagi mustaqillik arafasi til siyosati va amaliyoti xususiyatlari, davlat tilidan foydalanishning holati, tillararo munosabat va ularning menejmentiga oid xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Aslida qanday”, “Mavzu” ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali” davlat muassasasining 2023-yil 15-avgustdagi 06-28-1238-son ma’lumotnomasi). Natijada xorijiy mamlakatlar davlat tili menejmenti, O‘zbekistondagi mustaqillik arafasi va istiqlol davri til siyosati va amaliyoti xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar “Aslida qanday”, “Mavzu” ko‘rsatuvlari ssenariylarining takomillashishiga xizmat qilgan.