Altinboev Nuriddin Abdumannonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turk maqollaridagi “oila” konseptining lingvomadaniy tadqiqi”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1778.
Ilmiy rahbar: Omonov Qudratulla Sharipovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Hamidov Xayrulla Xudoyorovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Qulmamatov Do‘stmamat Sattorovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi turk maqollarida oila va u bilan bog‘liq birliklarning konsept sifatidagi o‘rni hamda ularning lingvomadaniy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tilshunoslikdagi konsept va madaniy konsept tushunchalarining ilmiy tavsifi asosida turk maqollarida oila bosh o‘rinda turuvchi asosiy qadriyatlardan biri ekani asoslangan;
turk olam lisoniy manzarasida erkak, ayol, farzand bilan bog‘liq maqollarda baxtiyorlik hissining asosan, oila va u bilan bog‘liq jarayonlar qurshovida voqelanishi isbotlangan;
turk maqollarida oila konseptining metaforik talqinida “oila – baxt”, “oila – uy”, “oila – ostona”, “oila - huzur-halovat”, “oila – o‘choq” singari talqini va uning leksik-semantik sathdagi verballashuvi dalillangan;
“oila” konseptida “erkak - daromad, pul, ustun, qo‘rquv, nazorat, xo‘roz, sel, sharob”; “ayol - ot, dengiz, ko‘l, olov, shayton, quruvchi, davomiylik”; “farzand - narsa-buyum, egulik, o‘simlik, haqso‘z, boylik, tashvish, dard, xarajat” obrazlarida konseptuallashuvi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turk maqollarida “oila” konseptini lingvomadaniy jihatdan tahlil qilish asosida:
turk maqollarida “oila” konseptining qadriyatga oid komponentlari, erkak, ayol, farzand obrazlarining konseptuallashuvi hamda maqollarda oila konseptining metaforik talqini va uning leksik-semantik sathdagi verballashuvi bilan bog‘liq xulosalardan Turk milliy madaniy markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyatini rivojlantirish ishlari hamda markaz tomonidan o‘tkazilgan ilmiy yig‘inlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Turk milliy madaniy markazining 2023-yil 25-avgustdagi 15-son ma’lumotnomasi). Natijada markaz tomonidan o‘tkazilgan ilmiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar saviyasining oshirilishiga va turk oilasi to‘g‘risidagi bilimlar bilan qardosh xalqlarni yaqindan tanishtirishga xizmat qilgan;
turk tilidagi oila bilan bog‘liq maqollar, ularning ma’no va izohini yoritish, oila bilan bog‘liq qadriyatlar va an’analar, maqollarda ilgari surilgan g‘oyalar bilan bog‘liq kuzatuvlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (hozirda Bilimlarni baholash agentligi (BBA)ning “Chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash sertifikati” tarkibiga kiruvchi “Turk tili darajasini bilishga oid testlar” tuzishda (leksik va grammatik kompetensiyalar bo‘limida) foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2022-yil 1-avgustdagi 17-son ma’lumotnomasi). Natijada, turk tilini bilishga qaratilgan yozma va og‘zaki kompetensiyalarni aniqlash uchun (B1, B2, C1 daraja imtihonlarida) beriladigan vazifalar rang-barangligining oshirilishiga, imtihon savollarining mazmun va mohiyatini mukammallashtirilishiga asos bo‘lib xizmat qilgan;
turk xalqi milliy tafakkurida oilaning o‘rni, oila bilan bog‘liq maqollarda er va ayolning o‘rni, farzandlar va ota-ona o‘rtasidagi munosabatlarning aks etishi bilan bog‘liq natijalaridan O‘zbekiston milliy teleradio-kompaniyasi “Foreign languaGES” telekanalining “Good morning, Uzbekistan!” va “Hasbihal” ko‘rsatuvlarining senariylarini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2022-yil 14-apreldagi 01-25-758-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur ko‘rsatuvlarning ommabopligini ta’minlashda va tomoshabinlarga turk madaniyatidagi oila bilan bog‘liq qarashlarni yaqindan tanishtirishda xizmat qilgan.