Yakubov Islamjon Axmedjanovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mustaqillik davri o‘zbek romanlari poetikasi”, 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 2017.2.DSc/Fil63.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Yo‘ldoshev Qozoqboy Boybekovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Normatov Umarali, filologiya fanlari doktori, professor; Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Pardaeva Zulfiya Jo‘raevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mustaqillik davri o‘zbek romanlaridagi poetik yangilanishlar va ularning yuzaga kelishiga ta’sir etgan omillarni joriy adabiy jarayon konteksti va jahon adabiyoti aspektida yaxlit nazariy qarash va tasavvurlar hosilasi sifatida oydinlashtirish, poetik o‘zgarishlarning tarixiy-hayotiy asoslarini ko‘rsatish, zamonaviy romanchilikdagi o‘rni, ahamiyati, janr ichki shakllari tarkibida badiiy-estetik hodisaga aylanish jarayonlari hamda vazifalarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustaqillik davri o‘zbek romanlari poetikasining badiiy sinkretizm, semantik-struktur qatlam esselashuvi, janr modifikatsiyasi, badiiylik moduslari, epik bayon yo‘sinlari, obraz yaratish jarayonlarining yangilanish tamoyillari milliy an’analar va jahon romanchiligi tajribalari asosida ilmiy-estetik jihatdan umumlashtirilgan;
janr taraqqiyotining ilgarigi bosqichlari bilan mustaqillik davri romanlari an’ana va novatorlik, poetik tasvir yo‘sinlari jihatidan o‘zaro qiyoslanib, makon va zamon konsepsiyasi ifodasidagi yangilanishlar aniqlangan;
an’anaviy motivlarni qo‘llash natijasida shayx-valiylar obrazini yaratishda sezilarli yutuqlarga erishilgani, roman strukturasida esselashuv miqyoslari va poetik ifoda yo‘sinlari kengaygani isbotlangan;
romanlarda janr modifikatsiyasi sodir bo‘lib, badiiylik moduslari yangilanishi natijasida janrning yangi shakllari yuzaga kelgani aniqlangan va har bir shaklning struktural-semantik xossalari belgilangan;
milliy romanchilikda gibrid asarlar yuzaga kelishi, simvolik tasvirga e’tibor ortishi voqelik tasvirida ob’ektiv reallik bilan kechinma uyg‘unlashuvining natijasi ekani asoslab berilgan;
poetik ifodada dunyoning ilg‘or adiblari asarlarida kuzatilgan rang-barang epik bayon yo‘sinlari milliy asosda o‘zlashtirilishi yangicha uslub va usullarni qo‘llash orqali turli nuqtai nazarlarni muayyan roman semantikasi va kompozision markazi tevaragida yaxlit uyg‘unlashtirish natijasi ekani dalillangan;
milliy romanlarda badiiy tasvir predmeti yangilanayotgani janr taraqqiyotining ilgarigi bosqichlarida kuzatilmagan kompozisiya va shakldagi asarlar struktural-semantik tabiatini tushunib, his qiluvchi o‘quvchilar shakllanishi ehtiyojini yuzaga chiqargani yangi paradigma paydo bo‘lishining dastlabki belgilari ekani asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mustaqillik davri o‘zbek romanlari poetikasi muammolarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek romanlari strukturasidagi an’anaviy motiv va timsollar o‘rnini aniqlashga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy universitetida amalga oshirilgan 7F-7.4.9 raqamli “Hozirgi o‘zbek adabiyotidagi badiiy-uslubiy oqimlarning genezisi va asosiy tamoyillari” fundamental loyihasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qo‘mitasining 2016 yil 7 iyuldagi FTK-0313/445-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy-uslubiy oqimlar genezisi va asosiy tamoyillari aniqlanib, o‘tmish va zamonaviy tafakkur bir-biriga uzviy tutashtirilgan;
janr modifikatsiyasi, roman strukturasidagi esselashuv jarayonlari va modern romanda badiiylik moduslari haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Milliy universitetida bajarilgan OT–F8-151 raqamli “Adabiyot ensiklopediyasi” va Buxoro davlat universitetida bajarilgan F-1-06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” fundamental ilmiy-tadqiqot loyihalarida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 12 apreldagi 89-03-1403-son ma’lumotnomasi). Natijada mustaqillik davri o‘zbek romanlari poetikasining tadrijiy taraqqiyoti va hozirgi rivoji Sharqu G‘arb adabiy an’analarining sintezi negizida namoyon bo‘lishi belgilangan;
mistik-fantastik roman, roman-mif va mifopoetika masalalariga oid nazariy xulosalarga asoslanib, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida ko‘plab teleloyihalar efirga uzatilgan. Xususan, doktorlik dissertatsiyasi natijalaridan “Mezon”, “Akademik soat”, “Maktub”, “Ko‘zoynak” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali DUKning 2018 yil 18 apreldagi 02-06/230-son ma’lumotnomasi). Ilmiy-amaliy xulosalar teleloyihalar tayyorlash va ularni efirga uzatishda metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan;
dissertatsiya ilmiy natijalaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Nasr ijodiy kengashining yillik va istiqbolli rejalari doirasida 2011–2014 yillardagi hisobot yig‘ilishlarida I.Yakubov ma’ruzalari shaklida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2016 yil 27 iyuldagi 01-03/429-ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek romanlarida tasvirlangan inson qismati orqali jamiyat joriy holatini anglash, hayot haqiqati va badiiy to‘qima nisbatini belgilash imkoni yuzaga kelgan;
milliy romanlarda badiiy tasvir predmeti yangilanayotgani janr taraqqiyotining ilgarigi bosqichlarida kuzatilmagan kompozisiya va shakldagi asarlar struktural-semantik tabiatini tushunib, his qiluvchi o‘quvchilar shakllanishi bo‘yicha asoslab berilgan natijalaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik ijodiy kengashining 2013–2015 yillardagi hisobot yig‘ilishlarida I.Yakubov ma’ruzalari shaklida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2016 yil 27 iyuldagi 01-03/430-ma’lumotnomasi). Shu asosda zamonaviy roman o‘z e’tiborini qaratishi lozim bo‘lgan muammolar aniqlangan va “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib qilishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan ayrim asarlar asosli tanqid qilingan;
tadqiqotning asosiy ilmiy-nazariy xulosalaridan AQShning Atlanta shahridagi Emori universiteti O‘rta Sharq va Janubiy Osiyo fakul`teti Islom Sivilizatsiyalarini o‘rganish kafedrasida amalga oshirilgan “O‘rta Osiyo musulmon ayollari ijodida o‘zlik” tadqiqotida foydalanilgan (Emori universitetining 2018 yil 7 maydagi ma’lumotnomasi). Natijada keyingi 25 yildan ortiq davr o‘zbek romanlari poetikasining tadrijiy taraqqiyot yo‘li XX asr milliy romanchiligi an’analari bilan qiyoslangan. Zamonaviy romanlar semantik-struktur qatlamida namoyon bo‘layotgan yangilanishlar haqidagi xulosalarga tayanib, Jamila Ergasheva, Salomat Vafo, Zulfiya Qurolboy qizi kabi ayol romannavislar ijodi tadqiq etilgan;
roman strukturasida kuzatilgan esselashuv va ifoda yo‘sinidagi yangilanishlar to‘g‘risidagi fikr-qarashlardan asoslangan o‘zbek va ozarbayjon romanchiligi chog‘ishtirilgan xulosalardan Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi Nizomiy nomidagi Adabiyot instituti Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston adabiy aloqalari bo‘limida bajarilgan fundamental tadqiqotda foydalanilgan (Adabiyot institutining 2018 yil 3 maydagi ma’lumotnomasi). Natijada janr modifikatsiyasi, roman strukturasida kuzatilgan esselashuv va ifoda yo‘sinidagi yangilanishlar to‘g‘risidagi fikr-qarashlarga asoslanib, o‘zbek va ozarbayjon romanchiligi chog‘ishtirilgan, Sharq va G‘arb adabiyotida yaratilayotgan zamonaviy romanlar tipologiyasi va adabiy ta’sir muammolari haqida muhim xulosalarga ega bo‘lingan.