Utegenova Soxiba Komilovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «OIV infeksiyali bemorlarda neyrokognitiv buzilishlarning klinik-patogenetik xususiyatlari», 14.00.10 – Yuqumli kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Tib639.
Ilmiy rahbar: Bayjanov Allabergan Kadirovich, tibbiyot fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami:  Toshkent tibbiyot akademiyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.01.
Rasmiy opponentlar: Ibadova Gulnara Alievna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xudaykulova Gulnara Karimovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qozon davlat tibbiyot universiteti ( Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: OIV infeksiyali bemorlarda neyrokognitiv buzilishlar kechishining klinik-patogenetik xususiyatlarini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
OIV infeksiyali bemorlarda kognitiv funksiyalar – diqqatni jamlash, diqqat barqarorligi, uzoq muddatli xotira va ma’lumotlarga ishlov berishning sezilarli darajada pasayishi aniqlangan;
OIV infeksiyali bemorlarda kognitiv buzilishlar darajasi bilan IL-2 ishlab chiqarishning kamayishi va IL-10 ishlab chiqarishning ortishi o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligi aniqlangan;
OIV infeksiyali bemorlarda mRNK-29a ning ortishi neyrokognitiv buzilishlarni erta aniqlashda yuqori diagnostik ahamiyatga ega ekanligi isbotlangan;
OIV infeksiyali bemorlarda mRNK-134 va mRNK-3665 ning ortishi OIV demensiyasiga o‘tish xavfini prognoz qilishda asosiy mezon ekanligi  isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Ekspert kengashining 2024 yil 14 fevraldagi 1n-z/32-sonli xulosasiga ko‘ra:
birinchi ilmiy yangilik: ilmiy yangilikning mohiyati: OIV infeksiyali bemorlarda kognitiv funksiyalar – diqqatni jamlash, diqqat barqarorligi, uzoq muddatli xotira va ma’lumotlarga ishlov berishning sezilarli darajada pasayishi aniqlangan; ilmiy yangilikning ahamiyati: ilk bor OIV infeksiyali bemorlarda diqqatni jamlash, diqqat barqarorligi, uzoq muddatli xotira va ma’lumotlarga ishlov berish funksiyalarining pasayishi aniqlangan. Demensiyasi bo‘lgan OIV infeksiyali bemorlarda demensiyasiz bemorlarga ko‘ra 83,8% bemorda diqqatni jamlashning kamayishi va 74,2% bemorda diqqat barqarorligining pasayishi kuzatildi. Uzoq muddatli xotiraning pasayishi OIV demensiyali  70,9% va demensiyasiz 18,9% bemorda kuzatildi. Ma’lumotlarga ishlov berish tezligining pasayishi OIV demensiyasiz bemorlarga qaraganda demensiyali 70,9% bemorda qayd etildi, OIV demensiyasi bo‘lmagan guruhda ushbu ko‘rsatkich 29,7% ni tashkil etdi. Bu holat bemorlarning kundalik yumushlarni bajarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ko‘p hollarda ishini yo‘qotishga sabab bo‘ladi va yashash sifatini yomonlashtiradi. Bu holatni erta aniqlash bemorda o‘z vaqtida profilaktika o‘tkazilishiga va kasallik asoratlarining oldini olishga imkon beradi; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi: tadqiqot natijalari OIV infeksiyali bemorlarda neyrokognitiv buzilishlar (NKB)ni erta tashxislashni o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, tadqiqot Respublika OITSga qarshi kurashish markazining ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar klinikasi va Samarqand viloyat OITSga qarshi kurashish markazida amalga oshirildi; ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: neyrokognitiv buzilishlar markaziy asab tizimi disfunksiyasining keng tarqalgan (30-60%) va yashash sifatini yomonlashtirgan holda ba’zan nogironlik va o‘limga sabab bo‘ladigan o‘zgarishlardan biridir. Shu munosabat bilan barcha OIV infeksiyali bemorlarda NKBni erta aniqlash OIV infeksiyali bemorlarda OIV demensiyasi rivojlanish xavfini kamaytirishga imkon yaratgan; ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi quyidagilardan iborat: OIV infeksiyali bemorlarni NKBga tekshirishning iqtisodiy xarajatlari, asab tizimi faoliyatining izdan chiqishi (xotiraning pasayishi, demensiya) kasalliklarini davolashdan kelib chiqadigan iqtisodiy yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytiradi: bir bemorga bir marta davolanishga 3 340 000 so‘m sarflanadi, kognitiv o‘zgarishlarni aniqlash uchun so‘rovnoma asosida skrining o‘tkazish mablag‘ talab qilmaydi; xulosa: OIV infeksiyali bemorlarda NKBni erta tashxislash, davolash va profilaktika choralarini tadbiq etish bo‘yicha uslubiy tavsiyanoma ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 01.11.2021 yildagi 8n-r/1000-sonli xulosasi). Natijalar bemorlardagi kasallikning dastlabki bosqichida aniqlash va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatishga imkon beradi;
ikkinchi ilmiy yangilik: ilmiy yangilikning mohiyati: OIV infeksiyali bemorlarda neyrokognitiv buzilishlarning belgilarsiz va engil shakllarini tashxislashda MoCA shkalasidan foydalanishning yuqori darajada samaradorligi asoslangan; ilmiy yangilikning ahamiyati: NKB markaziy asab tizimining keng tarqalgan (30-60%) o‘zgarishlaridan biridir. Laboratoriya va instrumental tekshiruvlarda kognitiv o‘zgarishlarning belgilarsiz va engil kechishi aniqlanmaydi. Lekin, bemor kundalik yumushlarni bajara olmay qoladi. Monreal kognitiv shkala – MoCA asimptomatik va engil shakldagi kognitiv buzilishlarni aniqlash uchun 80,6% sezgirlikka ega bo‘lib, eng samarali hisoblanadi. Kognitiv buzilishlar aniqlangan OIV infeksiyali bemorlarni erta aniqlash va davolash kasallikning prognozini yaxshilaydi; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi: Respublika OITSga qarshi kurashish markazining Klinikasi va Samarqand viloyat OITSga qarshi kurashish markazida davolanayotgan OIV infeksiyali bemorlarda kognitik o‘zgarishlar MoCA shkalasi bo‘yicha aniqlangan; ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: tadqiqotlarimiz natijalari shuni ko‘rsatadiki, 206 nafar OIV infeksiyali bemorlarning 35,9% da asimptomatik va engil kognitiv o‘zgarishlar aniqlandi. Buni o‘z vaqtida tashxislash aksariyat hollarda qisqa muddatda rivojlanadigan va odatda bemor o‘limiga sabab bo‘ladigan og‘ir asorat – OIV demensisining oldini olishga imkon beradi; ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi quyidagilardan iborat: OIV infeksiyali bemorlarda NKBning belgilarsiz va engil kechgan davrida MoCA shkalasi yordamida skrining orqali erta aniqlash va ularni davolash NKBning asorati hisoblangan OIV demensiyasini davolashdan kelib chiqadigan iqtisodiy xarajatlarni ancha kamaytiradi. Engil shakldagi kognitiv buzilishlarni davolash uchun har bir bemorga yiliga 1 800 000 so‘m sarf qilinsa, demensiya aniqlangan bemorni davolash qiymati yiliga 10 020 000 so‘mni tashkil etadi; xulosa: mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, OIV infeksiyali bemorlarda kognitiv buzilishlarning og‘ir asorati – OIV demensiyasi 2% ni tashkil etib, asosan o‘lim bilan yakunlanadi. NKBni erta aniqlashni yo‘lga qo‘yish orqali kasallikning og‘ir asoratlari rivojlanishini oldini olish mumkin. «OIV infeksiyasi bo‘lgan bemorlarda neyrokognitiv kasalliklarning rivojlanishini tashxislash algoritmi» ishlab chiqilgan va amaliyotga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 29.11.2021 yildagi 8n-z/500-sonli xulosasi);
uchinchi ilmiy yangilik: ilmiy yangilikning mohiyati: OIV infeksiyali bemorlarda kognitiv buzilishlar darajasi bilan IL-2 ishlab chiqarishning kamayishi va IL-10 ishlab chiqarishning ko‘payishi o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligi aniqlangan; ilmiy yangilikning ahamiyati: IL-2 va IL-10 ko‘rsatkichlarini aniqlash usuli oson va ko‘p mablag‘ talab qilinmaydigan usul bo‘lib, immunologik tekshiruv imkoni mavjud bo‘lgan barcha davolash-profilaktika muassasalarida amaliyotda tadbiq qilish mumkin. OIV infeksiyali bemorlar har 6 oyda ambulator ko‘rikdan o‘tganda skrining test-shkalalar bilan birga ushbu tahlillarni o‘tkazish bemorlarda kognitiv o‘zgarishlarni erta aniqlash imkonini beradi va davolash choralarini o‘z vaqtida o‘tkazishni ta’minlaydi; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi: NKBning og‘ir darajasi – OIV demensiyasida IL-2 ko‘rsatkichi 8,3 pg/ml gacha tushsa, IL-10 ko‘rsatkichi 57,2 pg/ml gacha oshadi. IL-2 va IL-10 ko‘rsatkichlarini aniqlash jarayoni Respublika OITSga qarshi kurash markazi Klinikasi va Samarqand viloyat OITSga qarshi kurashish markazida OIV infeksiyali bemorlarni neyrokognitiv buzilishlarga skrining qilish amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 29 noyabrdagi №8n-z/500-sonli ma’lumotnomasi); ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: antiretrovirus terapiya (ART) samarasizligi sabablaridan biri kognitiv o‘zgarishlar bois dori vositalarini ichishga sodiqlikning bilmasligidir, bu o‘z navbatida OIV infeksiyali bemorlar orasida demensiyaning (2%) ko‘payishiga sabab bo‘ladi. IL-2 va IL-10 ko‘rsatkichlari asosida kognitiv buzilishlar mavjudligini aniqlash va oldini olish o‘lim ko‘rsatkichini nisbatan kamaytiradi; ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi quyidagilardan iborat: NKBning profilaktikasi maqsadida bir bemor uchun 900 000 so‘m sarflansa, uning oxirgi bosqichi – OIV demensiyasini davolash uchun 3 340 000 so‘m sarflanadi; xulosa: OIV infeksiyali bemorlarda kognitiv buzilishlarni tashxislash uchun IL-2 va IL-10 ko‘rsatkichlarini aniqlash samarali usullardan bo‘lib, amaliyotga tadbiq qilingan. Elektron hisoblash mashinalari uchun «Interleykin 2 va 10 – OIV infeksiyasida neyrokognitiv buzilishlar markerlari» dasturiy majmuasi yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasining Dasturiy mahsulotlar davlat reestrida 02.10.2021 yil ro‘yxatdan o‘tkazilgan (Guvohnoma № DGU 12533).
to‘rtinchi ilmiy yangilik: ilmiy yangilikning mohiyati: mRNK-29a ning oshishi neyrokognitiv buzilishlarni erta aniqlashda, mRNK-134 va mRNK-3665 ning oshishi esa belgilarsiz va engil shakllarini OIV demensiyasiga o‘tish xavfini bashorat qilishda yuqori diagnostik ahamiyatga ega ekanligi isbotlangan; ilmiy yangilikning ahamiyati: OIV demensiyali bemorlarda mRNK-29a ko‘rsatkichi 3,85±1,27 2-∆∆Ct ni tashkil qilib, NKB aniqlangan demensiyasiz bemorlarga nisbatan 4,7 baravar va NKB aniqlanmagan bemorlarga nisbatan esa 6,1 baravar yuqori qiymatda aniqlandi. mRNK134 va mRNK-3665 ko‘rsatkichlari mos ravishda (1,2 barobar) va (1,3 barobar) hamda (12,2 barobar) va (2,3 barobar) yuqori qiymatni tashkil qildi. OIV infeksiyali bemorlarda ushbu mRNKlar ekspressiyasining o‘zgarishi NKBni erta aniqlash va og‘ir asoratlar rivojlanish xavfini ko‘rsatuvchi asosiy patogenetik omillardan bo‘lib, ulardan mazkur patologiyalarni aniqlashda tashxisiy va prognostik biomarkerlar sifatida foydalanish mumkin; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi: mRNK-29a, mRNK-134 va mRNK-3665 ko‘rsatkichlarini aniqlash usuli Respublika OITSga qarshi kurashish markazi Klinikasi va Samarqand viloyat OITSga qarshi kurashish markazida OIV infeksiyali bemorlarda neyrokognitiv buzilishlarni aniqlash va asimptomatik hamda engil shakllarini OIV demensiyasiga o‘tiish xavfini bashorat qilish maqsadida amaliyotga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 29 noyabrdagi №8n-z/500-sonli ma’lumotnomasi); ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: OIV infeksiyali bemorlarda NKBning eng asosiy ko‘rinishlaridan biri – xotiraning pasayishi bo‘lib, aksariyat hollarda bemorlarning antiretrovirus dori vositalarini doimiy ichish tartibi buziladi va organizmda immunotanqislik holati kuchayadi. mRNK-29a, mRNK-134 va mRNK-3665 qiymatlarini aniqlash orqali NKBni o‘z vaqtida aniqlash va uning keyingi asoratlari rivojlanishining oldini olish imkoni yaratiladi, bu esa OIV infeksiyali bemorlarning antiretrovirus dorilar ichish tartibiga rioya qilishini yaxshilaydi va ARTning samaradorligini oshiradi. Pirovard natijada bular bemorlar yashash sifatini yaxshilaydi; ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi quyidagilardan iborat: kognitiv o‘zgarishlarning og‘ir kechishini bashorat qilish orqali sarf-xarajatlar tejab qolinadi. Demensiya tashxislangan bemorni bir marta davolanishi uchun 3 340 000 so‘m sarflansa, NKBni mRNK-29a orqali erta aniqlash va mRNK-134 hamda mRNK-3665 orqali belgilarsiz va engil shakllarini OIV demensiyasiga o‘tish xavfini aniqlash uchun 345 000 so‘m sarf qilinadi; xulosa: Elektron hisoblash mashinalari uchun «MikroRNK134 va 3665 ni aniqlash orqali OIV-demensiyani bashoratlash» dasturiy majmuasi yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasining Dasturiy mahsulotlar davlat reestrida 02.10.2021 yil ro‘yxatdan o‘tkazilgan (Guvohnoma № DGU 12534).

Yangiliklarga obuna bo‘lish