Murodov G‘ayratning

fandoktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

IUmumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tarixiy romanning mushtaraklik va o‘ziga xosliklar uyg‘unligi muammolari”, 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Fil61.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:  Buxoro davlat universiteti.

Ilmiy maslahatchi: Nazarov Baxtiyor Aminovich, filologiya fanlari doktori, akademik.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.

Rasmiy opponentlar: Karimov BahodirNurmetovich, filologiya fanlari doktori; Umurov Hotam Ikromovich, filologiya fanlari doktori, professor; To‘raev Damin, filologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat  pedagogika instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: XX asr davomida shakllanib, rivojlanish yo‘liga kirgan o‘zbek tarixiy romanchiligining rivojlanish tamoyillarini aniqlash, yangi romanchilik maktabi badiiy-poetik taraqqiyotining «ichki» (milliy adabiyot) va «tashqi» (jahon adabiyoti) aloqa-munosabatlarini oydinlashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

milliy tarixiy romanning badiiy olami, adabiy-badiiy manbalari, taraqqiyot omillari va mushtaraklik hamda o‘ziga xos jihatlari, Markaziy Osiyo adabiyotlarida yuzaga kelgan aksariyat tarixiy romanlar A.Qodiriy boshlab bergan romanchilik maktabiga daxldorligi belgilangan;

birinchi o‘zbek romanlari (“O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”), shuningdek, “Kecha va kunduz”, “Doxunda”, “Qullar”, “Qutlug‘ qon”  jahon adabiyotida XIX asrda shakllangan an’anaviy tarixiy roman (“Val`ter Skott romani”)ga mansubligi aniqlangan;

har bir badiiy matn, shu jumladan, tarixiy roman jahon (Sharqu G‘arb) adabiyoti ko‘p asrlar davomida to‘plagan badiiy-poetik tajriba, harakat, aloqa-bog‘lanishlar mahsuli ekanligi oydinlashtirilib, fol`klor janrlari, ayniqsa, epopeya (epos), Sharq mumtoz adabiyoti zaxirasi, G‘arb (Evropa) romanchiligi yutuqlarining o‘rganilayotgan badiiy hududdagi tarixiy romanlarga ta’siri belgilangan;

A.Qodiriy,  S.Ayniy,  Oybek,  M.Avezov kabi romannavislarning epik ijodida  “monologik tafakkur”ning ustuvor o‘rni aniqlanib, ushbu badiiy-estetik ong shaklining Markaziy Osiyo adabiyotlaridagi yetakchi mavqei ko‘rsatilgan;

A.Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, O.Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”da “monologik va polifonik tafakkur” uyg‘unligi, bu hodisaning o‘ziga xos jihatlari, o‘zbek tarixiy romanchiligida G‘arb epik adabiyotlarida keng tarqalgan freydizm (psixoanaliz), “ong oqimi” singari badiiy usullarning in’ikosi, ularning milliy badiiy zamin, hudud qonuniyatlari, mezonlari bilan uyg‘unlashuvi ko‘rsatilgan;

“Navoiy”, “Abay yo‘li”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni”  yirik epik asarlari tadqiqi  jarayonida tarixiy-biografik romanning o‘ziga xos jihatlari, uning an’anaviy tarixiy romandan farqli hamda mushtaraklik jihatlari qayd etilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Tarixiy roman badiiy olamida mujassamlashgan mushtaraklik va o‘ziga xosliklar uyg‘unligi, o‘zbek tarixiy romanining vujudga kelishiga sabab bo‘lgan madaniy-ma’rifiy omillar, mazkur janr turi badiiy taraqqiyotining asosiy tamoyillari, o‘zbek zamonaviy adabiyotida tarixiy romanning vujudga kelishi, uning an’anaviy tarixiy roman va tarixiy-biografik roman kabi shakllariga xos xususiyatlar, ularning badiiy-poetik alomatlari, muayyan badiiy matnlar tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:

Buxoro davlat universitetida bajarilgan OT-F3-090 raqamli “Jadid adabiyoti – jahon ilg‘or adabiyotining sintezi sifatida” va F-1-06 raqmali “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” fundamental loyihalarida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 4 apreldagi  89-03-1254-son ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy romanning adabiy-badiiy jarayon tarixidagi o‘rni, janriy-poetik xususiyatlari, milliy so‘z san’atida tarixiy romanning yuzaga kelishining madaniy-ma’rifiy, adabiy-badiiy omillari,  milliy tarixiy romanning jahon so‘z san’ati bilan aloqa-bog‘lanishlari haqida ilmiy-nazariy xulosalar chiqarilgan, tarixiy romanlarning badiiy-poetik manbalari va taraqqiyot tamoyillari, o‘ziga xos poetikasi, g‘oyaviy-kompozision qurilishi, obrazlar tarkibi, ijodkor mahorati, tarixiy haqiqatni, hujjatlilikni va psixologizmni qay darajada aks ettirishi singari bir qator muhim va dolzarb muammolar echilgan;

Markaziy Osiyo milliy adabiyotlarida yaratilgan tarixiy romanlarning genetik-shajaraviy omili bevosita Sharq mumtoz so‘z san’atiga bog‘liqligi; A.Qodiriy, S.Ayniy, M.Avezov, Oybek kabi atoqli ijodkorlarning yirik epik asarlarida  Sharq mumtoz adabiyoti namunalari markazida turgan komil inson konsepsiyasining davom ettirilgani va rivojlantirilgani; Sharq mumtoz so‘z san’ati va zamonaviy milliy adabiyotlarda yaratilgan komil inson timsollarining  ta’lim-tarbiya jarayonidagi ulkan ahamiyati haqidagi natijalardan Samarqand davlat universitetida bajarilgan 7.4.13 “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi” fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 19 maydagi 89-03-1927-son ma’lumotnomasi). Natijada Sharq mumtoz so‘z san’ati va zamonaviy milliy adabiyotlarning bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligi, yangi milliy adabiyot rivojlanishida mumtoz so‘z san’ati ustuvor manba sifatida xizmat qilganligi, komil inson konsepsiyasi hamma zamonlarda Sharq so‘z san’atining asosiy diqqat markazida bo‘lganligi, shunday barkamol shaxs obrazi yosh avlod tarbiyasi va takomilida muhim ahamiyat kasb etishi  haqidagi ilmiy-nazariy qarashlar bilan boyitilgan;

dissertatsiya asosida nashr etilgan “Moziy va badiiy adabiyot” (1994), “Tarixiy roman: genezisi, keyingi taraqqiyoti” (2005) monografiyalaridagi umumlashma fikrlardan Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Nizomiy nomidagi Adabiyot institutining “Szbək ədəbiyyate (ədəbi portret cizgiləri, arayudermalar, m`sahibələr”; II. “Ədəbi cərəyanlaren yeni təmay`lləri”; III, “Abdulla Qədiri: 1. “Abdulla Qədiri və Azərbaycan ədəbiyyate”, 2. “Abdulla Qədiri: tənqid, təhlil və yuərhlər”) ilmiy loyiha hamda tadqiqotlarida istifoda etilib, dissertatsiyadagi o‘zbek adabiyotida an’anaviy tarixiy romanning yuzaga kelish sabablari va uning o‘ziga xos jihatlari, “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarining o‘xshashlik jihatlari, adabiy-badiiy an’analar va tarixiy roman janrining inkishofi, tarixiy roman janrida epik tafakkur taraqqiyoti haqidagi xulosalardan foydalanilgan (Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Adabiyot institutining 2018 yil 24 martdagi 12-son ma’lumotnomasi). Shu asosda o‘zbek adabiyotining turkiy xalqlar tarixiy romanchiligi bilan aloqa-munosabatlari, birinchi o‘zbek romanlarining badiiy-genetik manbalari. ularning jahon epik adabiyotidagi o‘rni va ahamiyati, tarixiy shaxs va badiiy obraz orasidagi aloqadorlik, an’anaviy tarixiy roman va tarixiy-biografik roman orasidagi o‘xshash va tafovutli jihatlar  haqidagi xulosalar bilan boyitilgan;

o‘zbek adabiyotida tarixiy romanning yuzaga kelishi, Abdulla Qodiriy romanlarining o‘ziga xosligi, roman-dilogiya, roman-trilogiya kabi badiiy shakllarning moziyni aks ettirishdagi imkoniyatlari, o‘zbek tarixiy romanchilik an’analarining Markaziy Osiyo tarixiy romanchiligida davom ettirilishi haqidagi xulosalardan Turkiya Jumhuriyati Karabuk universiteti “O‘zbek adabiyoti”, “Matn sharhi”, “Ilmiy tadqiqot usullari” fanlari hamda Ilmiy tadqiqotlar loyihalari koordinatorligining davlat granti asosidagi  KBUBAP-17-YL-184 raqamli “Mirzakalon Ismoiliyning  “Farg‘ona tong otguncha” romanining tahlili” mavzusidagi ilmiy loyihasida foydalanilgan (Karabuk davlat universitetining 2018 yil 9 apreldagi 008/6-son ma’lumotnomasi). Natijada jahon nasri taraqqiyotida Abdulla Qodiriy ijodining o‘ziga xos mavqei, o‘zbek tarixiy romanchiligining badiiy-poetik taraqqiyoti, millat tarixida yorqin iz qoldirgan tarixiy shaxslar obrazining yirik epik shakl namunalarida ifodalanishi, roman-dilogiya, roman-trilogiyaning moziyni badiiy aks ettirishdagi imkoniyatlari, tarixiy zamon ifodasidagi alohida jihatlar, tarixiy romanning o‘ziga xosligi hamda boshqa janrlar bilan mushtarakligi  haqidagi umumlashma-xulosalarga kelingan.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining “Adabiyot darsi”, “Munosabat”, “Adabiy muhit” kabi teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarida tadqiqotchi tomonidan tavsiya etilgan milliy va jahon tarixiy romanchiligining sara namunalari haqidagi xulosalardan foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining 2018 yil 9 yanvardagi 1/9-son ma’lumotnomasi). Natijada “yangi romanchilik maktabi”ning ma’rifiy-estetik ahamiyati, yosh avlod tafakkuri rivoji, dunyoqarashining takomilida milliy romanlarning, xususan, A.Qodiriy epik merosining yuksak ahamiyati, milliy nasrning jahon so‘z san’atidagi alohida o‘rni xususidagi xulosaviy fikr-qarashlar ommalashishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish