Ataullaev Nodirjon Odilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Avtonom ta’minlash manbalarini nazorat va boshqaruv tizimlari uchun o‘zgarmas tok magnitomodulyasion o‘zgartkichlari», 05.01.06–Hisoblash texnikasi va boshqaruv tizimlarining elementlari va qurilmalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/T545.
Ilmiy rahbar: Amirov Sulton Fayzullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.27.06.2017.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Abdukayumov Abdurashid, texnika fanlari doktori, professor; Safarov Abdurauf Malikovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: «Ilmiy-texnika markazi»MChJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: avtonom ta’minlash manbalarining ish rejimlarini nazorat qilish va boshqarish tizimlari uchun yuqori differensial sezuvchanlik, aniqlik, ishonchlilik va statik tavsiflarining keng chiziqli maydoniga ega bo‘lgan o‘zgarmas tok magnitomodulyasion o‘zgartirgichlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zgarmas tok magnitomodulyasion o‘zgartirgichining magnit tizimi koaksal joylashgan toroidal ferromagnit o‘zagi konstruktiv sxemasini o‘zgartirish asosida takomillashtirilgan;
o‘zgarmas tok magnitomodulyasion o‘zgartirgichning magnit-tranzistorli mul`tivibrator sxemasidagi trigger va bo‘luvchilarni sxemadan chiqarib, reversiv mantiqiy hisoblagich elementini qo‘llash asosida takomillashtirilgan;
o‘zgarmas tok magnitomodulyasion o‘zgartirgichining magnit tizimi va magnit-tranzistorli mul`tivibratori sxemasini birlashtirish orqali akkumulyator batareyalarining zaryadlanish, zaryadsizlanish va to‘yinish zaryadini ortishi rejimlarining og‘ishini nazorat qiluvchi yangi qurilma ishlab chiqilgan;
o‘zgarmas tok magnitomodulyasion o‘zgartirgichining texnik tavsiflarini nazariy tahlil qilish uchun statik va dinamik tavsiflari hamda impul`slarni shakllantirish jarayonlarining matematik modellari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Avtonom ta’minlash manbalarini nazorat va boshqaruv tizimlari uchun ishlab chiqilgan o‘zgarmas tok magnitomodulyasion o‘zgartkichlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
avtonom ta’minlash manbalari ish rejimlarini nazorat qilish va boshqarish tizimlari uchun ishlab chiqilgan qurilmaga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan («Sarfni o‘lchovchi elektromagnit o‘zgartirgichi», №IAP 04866-2014 y.). Natijada o‘lchash o‘zgartirgichining koaksal joylashgan toroidal ferromagnit o‘zagi konstruktiv sxemasini o‘zgartirish orqali differensial sezuvchanligi ortishiga erishilgan;
avtonom ta’minlash manbalarining ish rejimlarini nazorat qilish va boshqarish tizimlari uchun ishlab chiqilgan o‘zgarmas tok o‘lchash o‘zgartirgichi qurilmasiga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan («O‘zgarmas tok o‘lchash o‘zgartirgichi», №IAP 05590-2018 y.). Natijada o‘zgarmas tok o‘lchash o‘zgartirgichi statik tavsifining chiziqli maydoni kengayishi va qurilmaning ishonchliligi ortishiga erishilgan;
o‘zgarmas tok magnitomodulyasion o‘zgartirgichi O‘zbekiston Respublikasi «Muqobil yoqilg‘i va energiya korxonalari» assotsiatsiyasi tizimidagi korxonalarda, xususan «HUDRO ENERGY GROUP» va «SOLAR ENERGY PRODUCTS» MChJlarning akkumulyator batareyasini zaryadlanish, zaryadsizlanish va to‘yinish zaryadini ortishi rejimlarining og‘ishini nazoratlovchi qurilma ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi «Muqobil yoqilg‘i va energiya korxonalari» assotsiatsiyasining 2018 yil 7 iyundagi 507-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasi avtonom ta’minlash manbalari ish rejimlarini nazorat qilish va boshqarish tizimlari rostlash aniqligini oshirish imkonini bergan.