Ravshanov Mirjalol Akmal o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qo‘ylarda senurozning zamonaviy diagnostikasi va xirurgik usulda davolash”, 16.00.01 - Hayvonlar kasalliklari diagnostikasi, terapiyasi va xirurgiyasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/V85
Ilmiy rahbar: Narziev Baxtiyor Dalievich, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.06/30.12.2019.V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Bakirov Baxtiyar, veterinariya fanlari doktori, professor; G‘afforov Usmon Bobonazarovich, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Respublikamizning Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlaridagi qo‘ychilik xo‘jaliklari hamda aholiga qarashli qo‘ylarda senurozning tarqalishi va klinik belgilarini o‘rganish, kasallikni zamonaviy aniq tashxisi va davolashning jarrohlik usulini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor qo‘ylarda senurozga tashxis qo‘yish, pufak joylashuvi va operatsiya uchun optimal maydonni aniqlashda UTT (ultratovushli tekshiruv) usulidan foydalanish samaradorligi yuqori bo‘lishi ilmiy asoslangan;
senuroz bilan kasallangan qo‘ylar bosh qismidagi tepa va ensa suyaklarning yupqalashishi, ko‘rishning xiralashishi, ko‘z nervining shishi kabi morfo-funksional o‘zgarishlari ochib berilgan;
qo‘ylar senurozi qondagi eritrotsitlar sonini 1,2±0,5 mln/mkl (11,6%) va gemoglobin miqdorini 2,0±0,7 g/l (2,2%) ga kamayishi, EChT ning 3,1 mm/s ga tezlashishi bilan kechishi aniqlangan;
qo‘ylarda senuroz kasalligini davolash usuli senur pufagini xirurgik usulda bosh miyadan olingach hosil bo‘lgan bo‘shliqni 2 foizli dekosan eritmasi bilan yuvish va uni 0,9 foizli natriy xlorid eritmasi bilan to‘ldirish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qo‘ylarda senurozning zamonaviy diagnostikasi va xirurgik usulda davolash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
«Qo‘ylarda senurozni zamonaviy diagnostikasi va xirurgik usulda davolash bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilgan va Samarqand, Jizzax viloyatlaridagi ayrim qo‘ychilik xo‘jaliklariga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi 2024-yil 18-martdagi 02/23-179-son ma’lumotnomasi). Bu tavsiyalarni qo‘llash hisobiga qo‘ylarda senurozni diagnostika qilish va jarrohlik yo‘li bilan davolashda yuqori samaradorlikka erishilgan;
qo‘ylarning senurozida pufakning bosh miyada joylashuvini UT PT50A VET ultratovush apparati yordamida aniqlash uchun 3-5 MHz transduser (Sensor)da tasvirga olishga asoslangan diagnostika usuli ishlab chiqilgan va qo‘ychilik xo‘jaliklariga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi 2024-yil 18-martdagi 02/23-179-son ma’lumotnomasi). Ushbu diagnostika usulining joriy qilinishi natijasida senur pufagi bosh miyaning qaysi qismida, qancha chuqurlikda va uning hajmini 80% aniqlikda tashxislashga erishilgan;
qo‘ylar senurozini davolash uchun trepan yordamida kraniotomiya o‘tkazib senur pufagini bosh miyadan olib tashlash, hosil bo‘lgan bo‘shliqni 2%-li dekosan eritmasi bilan yuvish, ichki qon ketishini oldini olish va bosh miyadagi bosimni barqarorlashtirish uchun 0,9% li natriy xlorid eritmasini quyishga asoslangan jarrohlik davolash usuli takomillashtirilgan va amaliyotga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi 2024-yil 18-martdagi 02/23-179-son ma’lumotnomasi). Qo‘ylar senurozini takomillashgan xirurgik usulda davolashning iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lib sarflangan 1 so‘m xarajatlar qoplami o‘rtacha 5,2 so‘mni tashkil etgan.