Qobulov Bekzod Sherali o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Sudga qadar ish yurituvida shaxs huquqlarini cheklash mexanizmini takomillashtirish”, 12.00.09 “Jinoyat-protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi” ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Yu1094.
Ilmiy rahbar: Mirazov Davron Miragzamovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, DSc.32/30.12.2020. Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Raxmonova Surayyo Maxmudovna, yuridik fanlar doktori, professor; Mo‘minov Bexzod Abduvaxobovich, yuridik fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi sudga qadar ish yurituvida shaxs huquqlarini cheklash mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan taklif 
va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
tintuv, bank siri bo‘lgan ma’lumotlarni olib qo‘yish hamda telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish kabi tergov harakatlarini o‘tkazishga ruxsat berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish zarurati asoslantirilgan;
majburlov choralari qatoriga mol-mulkni xatlash protsessual chorasini kiritish, mol-mulk daxlsizligini ta’minlashda sud nazoratini o‘rnatish maqsadida mol-mulkni xatlashga ruxsat berish vakolatini prokurorlardan sudga o‘tkazish lozimligi asoslantirilgan;
shaxsga uning huquqlari va ushlab turish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi, istalgan vaqtda sukut saqlash, unga qarshi va uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarni so‘roq qilinishini talab qilish huquqini amalga oshirishga barcha imkoniyatlar yaratilishi lozimligi asoslantirilgan.
JPKga shaxs amalda ushlangan yoki unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan vaqtda uning sog‘lig‘ini majburiy tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni belgilovchi normalarni joriy etish zarurati asoslantirilgan;
shaxs huquqlarini cheklovchi choralarni qo‘llash jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy etish, mazkur jarayonlarni raqamlashtirish hamda idoralararo yagona integratsion platforma yaratish orqali sanksiya olish bilan bog‘liq hujjat aylanmasini elektron shaklda amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish zarurati asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, tintuv va boshqa ayrim tergov harakatlarini o‘tkazishga ruxsat berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish borasidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 31-moddasi ikkinchi qismida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2023-yil 12-sentyabrdagi 04/2-09/3421-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi shaxslarning jinoyat protsessida shaxsiy hayotiy va oilaviy sirlarini daxlsizligini ta’minlashga huquqiy asos yaratgan;
majburlov choralari qatoriga mol-mulkni xatlash protsessual chorasini kiritish, mol-mulk daxlsizligini ta’minlashda sud nazoratini o‘rnatish maqsadida mol-mulkni xatlashga ruxsat berish vakolatini prokurorlardan sudga o‘tkazish borasidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-11-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2023-2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi”ni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturining birinchi bobi 1-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 27-martdagi 08/207-223-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi shaxslarning jinoyat protsessida mulkiy huquqlari daxlsizligini ta’minlashning obektiv mexanizmlarini joriy etishga huquqiy asos yaratgan;
shaxsga uning huquqlari va ushlab turish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi, istalgan vaqtda sukut saqlash, unga qarshi va uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarni so‘roq qilinishini talab qilish huquqi amalga oshirishga barcha imkoniyatlar yaratilishi borasidagi takliflar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatida inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini to‘laqonli ta’minlash haqida”gi qo‘shma qarorning 4-bandi uchinchi va to‘rtinchi xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023-yil 7-sentyabrdagi 27/2-269-23-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi jinoyat protsessida ushlab turish majburlov chorasini qo‘llashda shaxslar huquq va manfaatlarini muhofaza qilinishida ishonchli kafolatlarni ta’minlashga huquqiy asos yaratgan;
JPKga shaxs amalda ushlangan yoki unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan vaqtda uning sog‘lig‘ini majburiy tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni belgilovchi normalarni joriy etish borasidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 
14-maydagi PQ-3723-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida ishlab chiqilayotgan Jinoyat-protsessual kodeksining yangi tahrirdagi loyihasidagi 273-moddasi to‘rtinchi qismida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2023-yil 12-oktyabrdagi 8/10-2209/8-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi jinoyat protsessida shaxslar huquq va manfaatlarini muhofaza qilinishi va qiynoqlarni oldini olishga huquqiy asos yaratgan;
shaxs huquqlarini cheklovchi choralarni qo‘llash jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy etish, idoralararo yagona integratsion platforma yaratish orqali sanksiya olish bilan bog‘liq hujjat aylanmasini yo‘lga qo‘yish borasidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-11-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2023-2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi”ni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturining ettinchi bobi 21-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 27-martdagi 08/207-223-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi sudga qadar ish yurituvida vaqt tejalishiga, cheklovchi choralarni qo‘llashda shaffoflikni ta’minlashga va resurslarni optimallashishiga huquqiy asos yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish