Sayt test rejimida ishlamoqda

Djaykov Gafur Muratbaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Obektlarning ichki tuzilmasini maxsus egri chiziqlar oilasida shovqinli ma’lumotlar bo‘yicha tiklash model va algoritmlari”, 05.01.07 – Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/T712.
Ilmiy maslahatchi: Uteuliev Nietbay Uteulievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01
Rasmiy opponentlar: Begmatov Akram Hasanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Hayotov Abdullo Rahmonovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Djumanov Jamoljon Xudayqulovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Etakchi tashkilot: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy- tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: siniq chiziqlar, kesmalar, parabolalar, yarim aylanalar, aylanalar oilalari doirasida shovqinlangan integral ma’lumotlardan foydalanib obektlarning ichki tuzilmalarini tiklash modellari, usullari va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
manbadan obektga kelib tushgan va qaytgan nurlar bo‘yicha obekt ichki tuzilishini tasvir ko‘rinishida tiklash usuli asosida siniq chiziqlar oilasida integral geometriya masalasining matematik modeli takomillashtirilgan va Tixonov regulyarizatsiyasi asosida turg‘un algoritmi ishlab chiqilgan;
vazn funksiyasi parabolik ko‘rinishda bo‘lgan kesmalar oilasida integral geometriya masalasining Fure va Laplas almashtirishlarini qo‘llashga asoslangan qayta tiklash formulasi olingan va Tixonov regulyarizatsiyasi asosida turg‘un algoritmi ishlab chiqilgan;
yuqori chastotali shovqin darajasini pasaytirish uchun turg‘un ko‘paytuvchini qurish asosida yarim aylanalar oilasida integral geometriya masalasining matematik modeli takomillashtirilgan va obektlarning ichki tuzilishini tiklashning turg‘un algoritmi ishlab chiqilgan;
integral ma’lumotlarda shovqinni pasaytirish uchun qurilgan Tixonov regulyarizatsiyasi asosida parabolalar oilasida integral geometriya masalasining matematik modeli takomillashtirilgan va integral xarakteristikalari bo‘yicha funksiyalarni tiklashning turg‘un algoritmi ishlab chiqilgan;
birinchi o‘zgaruvchi bo‘yicha Fure teskari diskret almashtirishini qo‘llash asosida aylanalar oilasida integral geometriya masalasining matematik modeli takomillashtirilgan va turg‘un ko‘paytuvchi asosida taqribiy echimlar ketma-ketligini qurish usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Integral ma’lumotlar asosida obekt ichki tuzilmasini tasvir ko‘rinishida tiklash usullari va dasturiy majmualari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar:
manbadan obektga kelib tushgan va qaytgan nurlar bo‘yicha obekt ichki tuzilishini tasvir ko‘rinishida tiklash usuli asosida ishlab chiqilgan dasturiy majmua Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023-yil 29-sentyabrdagi 01/7956-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Tixonov regulyarizatsiyasi asosida qurilgan algoritmni amalga oshirish obekt kesimlarida zichlik taqsimotini qayta tiklashning aniqligini 9% oshirishga olib kelish imkonini bergan;
vazn funksiyasi parabolik ko‘rinishda bo‘lgan kesmalar oilasida integral geometriya masalasining qayta tiklash formulasi asosida ishlab chiqilgan dasturiy majmua Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani shifoxonasiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023-yil 29-sentyabrdagi 01/7956-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Rentgen apparatidan olingan sonli tajriba asosida ishlab chiqilgan tiklash formulasi integral ma’lumotlardan foydalanib tasvir shaklida tiklashning yuqori aniqligiga erishish imkonini bergan;
eksponensial vazn funksiyasi bilan berilgan integral geometriya masalasining obekt ichki tuzilishini zichlik bo‘yicha tiklash algoritmi asosida ishlab chiqilgan dasturiy majmua Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar shifoxonasida joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023-yil 29-sentyabrdagi 01/7956-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqilgan algoritmni amalga oshirish zichlik bo‘yicha obekt ichki tuzilmasini tasvir ko‘rinishida tiklash aniqligini 5% ga oshirish va natijalarning sifatini yaxshilash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish