Axmedov Azamat Kamilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi innovatsion texnologiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish», 08.00.04–Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.Ph.D/Iqt15.
Ilmiy rahbar: Umurzakov O‘ktam Pardaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.I.10.03.
Rasmiy opponentlar: G‘ulomov Saidasror Saidaxmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Shoxo‘jaeva Zebo Safoevna, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalardan foydalanish jarayonida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish hamda suv resurslarini ratsional taqsimlash bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
suv resurslarini qishloq xo‘jaligi ekinlari va tarmoqlari o‘rtasida samarali taqsimlashning uslubiy asoslari takomillashtirilgan;
hududlar bo‘yicha ekin turlariga mos ravishda suvdan foydalanish tizimini optimallashtirishga qaratilgan matematik model tavsiya etilgan;
qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni subsidiyalash va soliq imtiyozlari ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar asoslab berilgan;
Xorazm viloyatida suv tejash texnologiyalarini qo‘llash asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirishning 2030 yilgacha bo‘lgan prognozi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi innovatsion texnologiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar va amaliy tavsiyalar asosida:
iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror o‘sishi, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirish va o‘sib borayotgan aholi ehtiyojlarini inobatga olgan holda suv resurslarini iqtisodiyot tarmoqlariga ratsional taqsimlashda intervallar usuli yordamida amalga oshirish metodikasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tegishli korxona va tashkilotlari faoliyatiga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 3 oktyabrdagi 04/29-1162-son ma’lumotnomasi). Mazkur metodika suv resurslarini limit asosida taqsimlash tamoyillariga o‘zgartirish kiritish va kafolatlangan suv hisobini yuritish, suv resurslarini adolatli taqsimlash va tezkor qarorlar qabul qilishga xizmat qilgan;
irrigatsiya tizimlarining suv resurslaridan foydalanish samaradorligini aniqlash bo‘yicha taklif etilgan foydali ish koeffisientini hisoblash metodikasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tegishli tashkilotlari faoliyatiga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 3 oktyabrdagi 04/29-1162-son ma’lumotnomasi). Mazkur metodika yordamida tumanlar kesimida suvdan foydalanish samaradorligi aniqlangan. Amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, suv iste’moli ko‘rsatkichi 2013 yilda – 0,76, 2014 yilda – 0,74, 2015 yilda – 0,78 ni tashkil etgan;
suvdan foydalanish samaradorligini aniqlashda tarmoqlararo balans usulidan foydalangan holda o‘zaro aloqador tarmoqlarda yaratilgan mahsulotlar tarkibidagi mavjud suvlarni hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tegishli korxona va tashkilotlari faoliyatiga joriy etildi (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 3 oktyabrdagi 04/29-1162-son ma’lumotnomasi). Ushbu tartibning joriy etilishi tarmoqlar rivojlanishiga mos ravishda suvga bo‘lgan talabning o‘zgarishini baholash imkonini bergan;
qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanishda suv tejamkor texnologiyalardan foydalanish va ularni moliyaviy amalga oshirish imkoniyatlari ilmiy asoslangan va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tegishli korxona va tashkilotlariga joriy etish uchun qabul qilingan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 3 oktyabrdagi 04/29-1162-son ma’lumotnomasi). Hisob-kitoblarga ko‘ra, hududda suv tejash texnologiyalari qo‘llanilgan maydonlarda tejalgan suv xarajatlari 30 mln. so‘mni tashkil etgan. Ishlab chiqilgan ssenariyga asosan 622,6 mln. kub metr suvni tejash imkoniyatlari prognozlashtirilgan;
suv tanqisligiga moslashish, suv tejash texnologiyalarini qo‘llash hisobiga suv resurslaridan foydalanishda mahsuldorlikni oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tegishli korxona va tashkilotlariga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 3 oktyabrdagi 04/29-1162-son ma’lumotnomasi). Xorazm viloyatida 2013–2015 yillarda 1826,5 gektar maydonda suv tejash texnologiyalari joriy etilib, umumiy hisobda 3977 ming m3 suvni tejashga erishilgan. Tejalgan suv hisobiga o‘rtacha 230 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish imkoniyatiga ega bo‘linishi asoslangan.