Qodirov Olimjon Zohirzodaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shoxetov maydoni (G‘arbiy Auminzatov) oltin ma’danlashuvining mineralogik-geokimyoviy xususiyatlari va qidiruv belgilari», 04.00.02 – Qattiq foydali qazilma konlarining geologiyasi, ularni qidirish va razvedka qilish. Metallogeniya va geokimyo (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/GM202.
Ilmiy rahbar: Karabaev Mamatxan Sadirovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Geologiya va geofizika instituti” DM.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Mineral resurslar instituti” DM, DSc.24/30.12.2019.GM.40.01.
Rasmiy opponentlar: Movlanov Jaxongir Jo‘rabekovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Umarov Akromiddin Zayniddinovich, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Auminza tog‘laridagi Shoxetov istiqbolli maydonining ma’dan qamrovchi tog‘ jinslari, ma’danlarning mineralogik-petrografik tavsifi, hamda asosiy va hamroh elementlarning tarqalish xususiyatlarini aniqlash, izlash-bashoratlash mezonlarini ajratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Shoxetov istiqbolli maydonidagi ma’danlar va metasomatik tog‘ jinslarining asosiy turlari ajratilgan, oltin ma’danlashuv shimoliy-g‘arbiy tektonik burdalanish zonalari bilan nazoratlanuvchi turli xil ma’dan oldi o‘zgarishlari bilan chegaralanganligi aniqlangan;
birinchi marta Shoxetov istiqbolli maydonida ma’dan shakllantiruvchi mineral paragenezislari ajratilgan va bir qator yangi minerallar aniqlangan, hamda ularga xos kimyoviy xususiyatlari ochib berilgan;
asosiy va hamroh elementlarning turli tog‘ jinslar va ma’dan turlarida tarqalish xususiyatlari aniqlangan, ularning ma’danlashuvga indikatorlik ahamiyati asoslangan;
yashirin oltin ma’danlashuvini izlashning geologik-mineralogik va geokimyoviy qidirish belgilari ajratilgan va ularni geologiya qidiruv ishlari amaliyotida qo‘llashga tavsiya etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Auminza tog‘laridagi Shoxetov istiqbolli maydonida tog‘ jinslari va ma’danlarning moddiy tarkibini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
oltin ma’danlashuvi va ularni qamrab turgan tog‘ jinslarining turlarini ajratish va ularning mineralogik-petrografik tavsiflari, mahsuldor mineral paragenezislari bo‘yicha olingan natijalar «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ amaliyotiga joriy qilingan (Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2024 yil 8 yanvardagi 08-0095-son ma’lumotnomasi). Natijalar geologiya qidiruv ishlarini olib borishda tog‘ jinslari va ma’danlarning moddiy tarkibini batafsil aniqlash imkonini bergan;
asosiy va hamroh elementlarning ma’dan turlari va tog‘ jinslaridagi tarqalish xususiyatlariga tegishli ma’lumotlar «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ amaliyotiga joriy qilingan (Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2024 yil 8 yanvardagi 08-0095-son ma’lumotnomasi). Natijada, oltin ma’danlashuvi namoyon bo‘lgan maydonlar chegaralariga aniqlik kiritish imkonini bergan;
oltin ma’danlashuvining geologik-mineralogik va geokimyoviy qidiruv-bashoratlash kompleksi «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ amaliyotiga joriy qilingan (Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2024 yil 8 yanvardagi 08-0095-son ma’lumotnomasi). Natijada, Auminza tog‘larida oltin ma’danlashuviga istiqbolli maydonlarni aniqlash imkonini bergan.