Hayitov Maqsud Samadovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jigarning fibrozlanish mexanizmida kollagen almashinuvi buzilishining o‘rni», 03.00.01–Biokimyo (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Tib810.
Ilmiy rahbar: Inoyatova Firuza Hidoyatovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Nasirdjan Muxamedjanovich, biologiya fanlari doktori, professor; Ishigov Ibragim Agaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Qozog‘iston Respublikasi).
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jigarning surunkali toksik jarohatlanishining molekulyar mexanizmlarini, fibrotik jarayonlarning shakllanishini o‘rganish va ular asosida terapevtik tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tajriba sharoitida quyonlarda jigar sirrozi modelini tetraxlormetanning 30% moyli eritmasini 1 ml/kg tana og‘irligiga 30 kun davomida haftasiga 2 martadan, so‘ng 50 kunga qadar 50% moyli eritmasini 1 ml/kg qorin bo‘shlig‘iga yuborish va gepatotoksik xususiyatini oshirish maqsadida tajribaning 3-kunidan boshlab kuniga bir martadan 5% etil spirt eritmasidan 5 mldan og‘iz bo‘shlig‘iga yuborish orqali 40-60 kunlarda fibrozning II va III darajalarining rivojlanishi isbotlangan;
taklif etilayotgan modelda hayvonlarning qon zardobida hujayralararo matriksning tarkibiy qismlari N-terminal peptid (PIIINP), kollagenning IV (COL-IV) turi hamda gialuron kislotasi (HA) miqdorini standart fibrozlanish tasnifiga ko‘ra jadallashuvining ortib borishi isbotlangan;
jigarda fibrozlanish darajasini baholash maqsadida tajriba hayvonlarining qon zardobida aniqlangan biokimyoviy ko‘rsatkichlar asosida baholangan COL-IV+PIIINP+HA/albumin+siydikchil+protrombin indeksining miqdorini, soddalashtirilgan baholash usuli HA/siydikchil miqdoriga nisbati natijalariga ko‘ra HA/siydikchil indeksining samaradorligi isbotlangan;
jigarda fibrozlanish jarayonini susaytirishda yangi mahalliy dori vositalarining qon zardobidagi hujayralararo matriks tarkibiy qismlarining miqdorini kamayishi, fibroz indekslari va ma’lum darajada jigar tuzilishining tiklanishi bilan namoyon bo‘lganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi muvofiqlashtiruvchi ekspert kengashining 2024 yil 15 fevraldagi №02/073-son xulosasiga ko‘ra (ilmiy yangilikni boshqa sog‘liqni saqlash muassalariga joriy etish bo‘yicha Toshkent tibbiyot akademiyasining 2024 yil 12 martdagi 09-14790-sonli xati Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etilgan):
birinchi ilmiy yangilik: tajriba sharoitida quyonlarda jigar sirrozi modelini tetraxlormetanning 30% moyli eritmasini 1 ml/kg tana og‘irligiga 30 kun davomida haftasiga 2 martadan, so‘ng 50 kunga qadar 50% moyli eritmasini 1 ml/kg qorin bo‘shlig‘iga yuborish va gepatotoksik xususiyatini oshirish maqsadida tajribaning 3 kunidan boshlab kuniga bir martadan 5% etil spirti eritmasidan 5 mldan og‘iz bo‘shlig‘iga yuborish orqali 40-60 kunlarda fibrozning II va III darajalarining rivojlanishi isbotlangani Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bo‘yicha 19.06.2023 yildagi 252-son hamda Respublika patologik anatomiya markazi bo‘yicha 13.06.2023 yildagi 24-i-son buyruqlari bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: tetraxlormetan va spirt kiritish yo‘li bilan chaqirilgan jigar sirrozi modelida quyonlarda 20, 30, 40, 50, 60 kunlarda muddatlarga mos ravishda quloqdagi qon tomirlardan qon olinib, aynan ushbu usulda boshqa tajribalarda kalamushlardan foydalanilgan. Kalamushlardan kerakli hajmdagi qonni olishning imkoni bo‘lmaganligi sababli, qon olish uchun ularni tegishli muddatlarda dekapitatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Bu esa ko‘plab kalamushlarni nobud bo‘lishiga olib kelgan. Quyonlarda qon hajmi etarli bo‘lganligi sababli, tajribaning barcha muddatlarida 1 ta quyondan qon olinib, tajriba hayvonlarini ko‘plab saqlab qolishga olib kelishi orqali tajribaning samaradorligi baholangan. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: jigar sirrozi modellarida geliotrin modelida toksin 90 kun davomida, tetraxlormetanning o‘zi kiritilgan modelda 60 kun davomida jigar sirrozi rivojlanishi kuzatilgan. Muallif tomonidan chaqirilgan modelda esa sirroz rivojlanishi 50 kunni tashkil etgan. Boshqa modellarga nisbatan qisqa muddatda chaqirilganligi sababli, har bir hayvonga beriladigan kunlik oziq-ovqat mahsulotlarini tejash, 1 ta kalamushning 1 kunlik oziq-ovqat istemoliga o‘rtacha 1000 so‘m+1 ta hayvonni boqish uchun boquvchiga 1 kunda 500 so‘m, bitta kalamush uchun kunlik xarajat 1500 so‘mni, umumiy tajriba uchun kunlik xarajat 60x1500(so‘m)=90000 so‘mni, tajriba davomiyligi 90 kunni tashkil etsa, 90(kun)x90000(so‘m)=8100000 so‘mni, chaqirgan model uchun umumiy 2700000 so‘m sarflangan va 8100000-2700000=5400000 so‘m iqtisod qilish imkonini bergan. Xulosa: eksperimental tadqiqotlarda tajriba hayvonlarida jigarning surunkali shikastlanishi bilan rivojlanadigan jigar fibrozi modelini chaqirish uchun tadqiqotchi tomonidan 5400000 so‘mga iqtisod qilish imkonini bergan;
ikinchi ilmiy yangilik: taklif etilayotgan modelda hayvonlarning qon zardobida hujayralararo matriksning tarkibiy qismlari N-terminal peptid, kollagenning IV turi hamda gialuron kislotasi miqdorini standart fibrozlanish tasnifiga ko‘ra jadallashuvining ortib borishi isbotlangani Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bo‘yicha 19.06.2023 yildagi 252-son hamda Respublika patologik anatomiya markazi bo‘yicha 13.06.2023 yildagi 24-i-son buyruqlari bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: gastroenterologiya ilmiy-amaliy shifoxonalarida ushbu ko‘rsatkichlarni qo‘llash eksperimental va klinik tadqiqotlarda olib borilayotgan davolash samaradorligini baholash va uning qay yo‘sinda ketayotganligi, surunkali gepatitni sirrozga o‘tishini ko‘rsatib berishi, shuningdek, aniqlangan hujayralararo matriksning tarkibiy qismlari jigar fibrozini erta muddatlarida tashxislash va uni bashoratlash, jigar fibrozidan keyin rivojlanuvchi asoratlar va oqibatlarning oldini olish imkonini bergan. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: bu boshqa testlarga nisbatan spesifikligi, sezuvchanligi va diagnostik ahamiyati bo‘yicha yuqori bo‘lib, bu ko‘rsatkichlar 92-98% ni tashkil etganligi ko‘rsatib turibdi. Xulosa: qonda hujayralararo matriksning tarkibiy qismlarining miqdoriy o‘zgarishlarini aniqlash jigarning fibrozlanish bosqichlarini baholash imkonini bergan;
uchinchi ilmiy yangilik: jigarda fibrozlanish darajasini baholash maqsadida COL-IV+PIIINP+HA/albumin+siydikchil+protrombin indeksining miqdorini hamda soddalashtirilgan baholash usulida HA/siydikchil miqdoriga nisbati natijalariga ko‘ra HA/siydikchil samaradorligi isbotlanganligi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bo‘yicha 19.06.2023 yildagi 252-son hamda Respublika patologik anatomiya markazi bo‘yicha 13.06.2023 yildagi 24-i-son buyruqlari bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: hozirgi kunda jigar fibrozini erta tashxislashda standart qo‘llaniladigan usullarga ko‘ra spesifikligi, sezuvchanligi yuqorligi, standart usul hisoblangan APRI ning spesifikligi 40-50% ni tashkil etishi, taklif etilgan soddalashtirilgan usulda ko‘rsatkichning ≥20 dan past bo‘lishi fibrozning yo‘qligini (F0), 20-30 oralig‘ida bo‘lishi fibrozning birinchi darajasini (F1), 31-110 oralig‘ida bo‘lishi fibrozning ikkinchi darajasini (F2), 111-200 oralig‘ida bo‘lishi fibrozning uchinchi darajasini (F3), 200≤ dan yuqori bo‘lishi fibrozning to‘rtinchi darajasi (F4) hisoblangan sirroz rivojlanganligini ko‘rsatishi hamda kasallikning qaytalanishi va jadallashib borishini oldini olish orqali bemorning hayot sifatini yaxshilash imkonini bergan. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: jigarda fibrozlanish darajasini baholash maqsadida tajriba hayvonlarining qon zardobidagi kollagen miqdorini baholashga qaratilgan standart usul APRIda qondagi AsAT fermenti faolligi (o‘rtacha 50000 so‘m) va trombotsitlar sonini (30000 so‘m) aniqlash zarur. Bunda har bir analiz uchun 80000 so‘m sarf qilinadi. Taklif etilgan soddalashtirilgan usulda qon zardobida gialuron kislota miqdorini (240000 so‘m) va siydikchil miqdorini (30000 so‘m) aniqlash zarur. Bu esa har bir analiz uchun 270000 so‘mni tashkil etadi. Standart usul arzon bo‘lishiga qaramasdan, fibroz darajasini aniqlashda sezgirligi juda past (40-50%). Bu esa qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazilishini talab qiladi. Taklif etilgan usul esa spesifikligi yuqori (92-98%) bo‘lib, boshqa qo‘shimcha tekshiruvlarni talab etmaydi va ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish hamda jigar fibrozlanishini erta tashxislash imkonini bergan. Xulosa: jigar fibrozi darajasini erta tashxislashda solishtirma sifatida olingan standart usul APRI iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lishiga qaramasdan, tashxislash jihatdan sezgirligi pastligi, ishlatilgan ko‘rsatkichlar faqat jigar to‘qimasiga emas, boshqa a’zolarga ham xosligi, taklif qilingan usuldagi biokimyoviy ko‘rsatkichlar aynan jigarning fibrozlanishiga xosligi, fibrozlanishning erta bosqichlarida qonda ularning miqdori o‘zgarishi, shu sababdan ular miqdorini aniqlash kasallikni erta bosqichlarida tashxislash va organizmning umr davomiyligini uzaytirish, kasallikning keyingi bosqichiga o‘tishi natijasida kelib chiqadigan nogironlik ko‘rsatkichlarini kamaytirish, hayot sifatini yaxshilash imkonini bergan;
to‘rtinchi ilmiy yangilik: jigarda fibrozlanish jarayonini susaytirishda yangi mahalliy dori vositalarining qon zardobidagi hujayralararo matriks tarkibiy qismlarining miqdorini kamayishi, fibroz indekslari va ma’lum darajada jigar tuzilishining tiklanishi bilan namoyon bo‘lganligi isbotlangani Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bo‘yicha 19.06.2023 yildagi 252-son hamda Respublika patologik anatomiya markazi bo‘yicha 13.06.2023 yildagi 24-i-son buyruqlari bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: Gepames va Impel dori vositalari jigar fibrozi/sirrozida qo‘llaniladigan asosiy dori hisoblanib, gepatoprotektor va sitoprotektor ta’sir mexanizmiga ega bo‘lib, organizmda doimo hosil bo‘ladigan toksik modda hisoblangan ammiak (NH3) miqdorini kamaytiradi, gepatotsitlardagi energetik almashinuv jarayonlarini yaxshilaydi, hujayralardagi ATF-azalar ishini oshiradi, jigar hujayrasi membranalari tuzilishini mustahkamlaydi, nekrotik jarayonlarni susaytiradi hamda fibrozlanishni kamayishiga olib keladi. Qo‘llanilgan dori vositasi esa ushbu holatlarni yaxshilash imkonini bergan. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: jigardagi fibrozlanish jarayonini sekinlashtirishda qo‘llanilgan mahalliy gepatoprotektor Gepames (168000 so‘m), Impel (105000 so‘m) dori vositalari Germaniyada ishlab chiqarilgan Gepa-mers (379000 so‘m) dori vositasining analogi hisoblanadi. Muallif qo‘llagan dori vositasi xorijiy dori preparati bilan bir xil tarkibga ega bo‘lib, shuningdek, qo‘shimcha sitoprotektiv ta’sirga ega moddalar ham tutadi. Qo‘llanilgan mahalliy Gepames dori vositasi import dori vositasi Gepa-mersga (Germaniya) nisbatan (379000 so‘m-168000 so‘m=211000 so‘m) 210 ming so‘mga, Impel esa (379000 so‘m-105000 so‘m=274000 so‘m) 274 ming so‘mga arzon hisoblanadi va bu davolash uchun ketadigan sarf-xarajatlarni keskin kamaytirish imkonini bergan. Xulosa: qo‘llanilgan mahalliy antigiperammoniemik gepatoprotektor dori preparatlari qonda ammiak miqdorini kamaytirish hisobiga miyaning toksik shikastlanishidan rivojlanadigan ensefalopatiya darajasini kamaytirib, organizmning hayot faoliyatini uzaytirish hamda davolanish uchun ketadigan sarf-xarajatlarni kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish