Nurullaev Jusipbay Abdiualievichning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Sobolev tipidagi ba’zi bir tenglamalarni echishning yuqori aniqlikdagi ayirmali sxemalari», 01.01.03–Hisoblash matematikasi va diskret matematika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/FM998
Ilmiy rahbar: Utebaev Dauletbay, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.FM.01.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Shadimetov Xolmatvay Maxkambaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Xudoyberganov Mirzoali O‘razalievich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Sobolev tipidagi yuqori tartibli vaqt hosilasiga nisbatan echilmagan nostatsionar tenglamalar uchun yuqori aniqlikdagi ayirmali sxemalarini qurish, ularning turg‘unlik shartlarini topish va yaqinlashish hamda aniqlik baholarini olishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
magnitlanmagan plazmadagi ion-akustik to‘lqinlar, magnitlardagi spin to‘lqinlar, engil tekislik tipidagi magnitlardagi spin to‘lqinlari, ikki haroratli plazma tenglamalari ko‘p parametrli yuqori aniqlikdagi chekli elementlar usuli asosida echilgan, approksimatsiya xatoligi, turg‘unlik shartlari va aniqlik baholari olingan;
chekli elementlar usuli asosida to‘rtinchi tartibli oddiy differensial tenglamalar sistemasi uchun to‘rtinchi tartibli aniqlikdagi yangi ko‘p parametrli ayirmali sxemalari qurilgan, approksimatsiya xatoligi, turg‘unlik shartlari olingan  va aniqlik teoremalari isbotlangan;
siqiladigan stratifikatsiyalangan aylanuvchi suyuqlik dinamikasi tenglamasi va magnitlangan plazmadagi ion-akustik to‘lqinlar tenglamalari uchun qo‘yilgan boshlang‘ich-chegaraviy masalalarni sonli echishda yuqori aniqlikdagi ayirmali sxemalar qurilgan hamda turg‘unlik shartlari olingan va yaqinlashish tezligi baholangan;
to‘rtinchi va oltinchi tartibli xususiy hosilali differensial tenglamalar uchun qo‘yilgan boshlang‘ich-chegaraviy masalalarning analitik echimi va silliqligiga minimal talablarda ayirmali sxemalar orqali olingan sonli echim o‘rtasidagi aniqlik baholari keltirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Vaqt hosilasiga nisbatan echilmagan yuqori tartibli Sobolev tipidagi tenglamalar uchun chekli elementlar usuli asosida qurilgan yuqori aniqlikdagi ko‘p parametrli ayirmali sxemalarni qurish bo‘yicha olingan natijalar quyidagi ilmiy loyihalarda amalga oshirilgan:
vaqt hosilasiga nisbatan Sobolev tipidagi yuqori tartibli tenglamalarni sonli echish usullaridan OT-F2-77-“Modellashtirish asosida ichki nuqsonlarni hisobga olgan holda yarimo‘tkazgichli asboblarning ishonchligini bashorat qilishning takomillashtirish usuli” grant loyihasida turli defektlarga ega yarimo‘tkazgich strukturalardagi jarayonlar haqida yangi ma’lumotlar olishda va ularning elektrofizik hamda optik xususiyatlarini aniqlashda foydalanilgan (Qoraqalpoq davlat universitetining 2023 yil 7 avgustdagi 01-22-04/276-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi yarimo‘tkazgichlar fizikasi masalalarida defektlarning paydo bo‘lishi sabablarini aniqlash va muayyan turg‘unlikni ta’minlaydigan yarimo‘tkazgich priborlarni yaratishdagi usullarni yangilash imkonini bergan;
Sobolev tipidagi tenglamalar uchun qurilgan yuqori aniqlikdagi ayirmali sxemalardan AL-392103042-“Janubiy Orolbo‘yi cho‘l zonalarida hudud iqlimining isishiga olib keluvchi ekologik-meteorologik jarayonlarni modellashtirish” grant loyihasida qizdirilgan yuzadan mikrozarrachalarning konvektiv ko‘tarilishining sonli modelini qurishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Tabiatshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining 2023 yil 8 avgustdagi 17.01/303-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi qizdirilgan yuzadan mikrozarrachalarning konvektiv ko‘tarilishi modelini va gaz muhiti bilan konvektiv oqimda harakatlanuvchi sferik mikrozarrachalarning molekulyar issiqlik uzatish modelini sonli  eshish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish