Xoliddinov Ilxombek Xosiljonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Elektr tarmoqlarida nosimmetriyani tadqiq etishning uslubiyotini takomillashtirish”, 05.05.02 – “Elektrotexnika. Elektr energiya stansiyalari, tizimlari. Elektrotexnik majmualar va qurilmalar” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/T568.
Ilmiy maslahatchi: Allaev Kahraman Rahimovich, O‘R FA akademigi, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/10.12.2019.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Xudayarov Muzaffar Burxanovich, texnika fanlari doktori, professor; Nazarichev Aleksandr Nikolaevich, texnika fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi), Kolesnikov Igor Konstantinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: “Issiqlikelektrloyiha” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nosimmetrik holatdagi taqsimlash elektr tarmoqlarining samaradorligini miqdoriy umumlashgan baholash uslubiyatini noaniq mantiqdan foydalanib takomillashtirish va kuchlanish nosimmetriyasini nazorat qiluvchi qurilmasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
taqsimlash elektr tarmoqlarida elektr energiya sifat ko‘rsatkichlarini o‘lchash qurilmasi kuchlanish nosimmetriyasi koeffisientini hisobga olgan holda energiya yo‘qotishlarini aniqlaydigan qo‘shimcha blokni ishlab chiqish asosida takomillashtirilgan;
taqsimlash elektr tarmoqlarida kuchlanish shaklining nosimmetriyasi, nosinusoidalligi va og‘ishi, uzilishlar soni va davomiyligi hamda tarmoq uzunligi va o‘tkazish qobiliyati ko‘rsatkichlarining binar taqqoslash matrisasini qurish asosida elektr tarmog‘i samaradorligi sinflarini aniqlash taklif etilgan;
nosimmetrik holatidagi taqsimlash elektr tarmoqlari samaradorligini elektr energiyasining sifati, elektr ta’minoti tizimining ishonchliligi va energiya yo‘qotishlari omillarini hisobga olgan holda noaniq mantiqdan foydalanib ko‘p omilli baholash usuli ishlab chiqilgan;
nosimmetrik holatidagi taqsimlash elektr tarmog‘ida elektr yuklamalarining tarqoqligi va mavsumiyligi xususiyatlarini hisobga olib, noaniq mantiq asosida kiruvchi parametrlar sifatida kuchlanish nosimmetriya koeffisientlari va tok qiymatlarini e’tiborga olgan holda yuklamalarni simmetriyalash usuli takomillashtirigan;
nosimmetrik holatidagi taqsimlash elektr tarmoqlarini kompensasiya qurilmasi bilan simmetriyalash usulining imitasion modeli va algoritmi tarmoqdagi energiya yo‘qotishlarini va kuchlanish nosimmetriyasining teskari va nol ketma-ketliklarini tahlil qilish asosida yaratilgan;
taqsimlash elektr tarmoqlarida notekis taqsimlangan va mavsumiy o‘zgaruvchan yuklamalarni simmetriyalash, bir fazali tarmoq uzilishlarida ta’minotni qayta tiklash imkonini beruvchi kuchlanish nosimmetriyasining teskari va nol ketma-ketlik koeffisientlarini nazorat qilish qurilmasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Elektr tarmoqlarida nosimmetriyani tadqiq qilish uslubiyatini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
taqsimlash elektr tarmoqlarida elektr energiya sifat ko‘rsatkichlarini o‘lchash uchun mo‘ljallangan "Malika-01 M" qurilmasi O‘zbekiston intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan (Ustroystvo dlya registratsii dopolnitel`nix poter` elektroenergii pri nesimmetrii nagruzok v nizkovol`tnix elektricheskix; FAP 01892-son, 2022 y., FAP 01166-son, 2016 y.). Natijada taqsimlash tarmoqlarida elektr energiya sifat ko‘rsatkichlarni o‘lchash uchun mo‘ljallangan xorijiy o‘lchash vositalariga qaraganda 3 barobar arzon, import o‘rnini bosuvchi milliy mahsulot ishlab chiqilgan;
nosimmetrik holatidagi taqsimlash elektr tarmog‘ida elektr yuklamalarining tarqoqligi va mavsumiyligi xususiyatlarini hisobga olib, noaniq mantiq asosida yuklamalarni simmetriyalash usuli "Hududiy elektr tarmoqlari" AJga joriy qilingan ("Hududiy elektr tarmoqlari" AJning 2023 yil 24 noyabrdagi 01-04-19/954-sonli ma’lumotnomasi). Natijada nosimmetrik holatlarda 1,45% qo‘shimcha yo‘qotishlarni aniqlash hamda ushbu yo‘qotishlarni 1,21 % ga kamaytirish imkonini bergan;
nosimmetrik holatidagi taqsimlash elektr tarmoqlarini kompensasiya qurilmasi bilan simmetriyalash usulining imitasion modeli va algoritmi "Hududiy elektr tarmoqlari" AJga joriy qilingan ("Hududiy elektr tarmoqlari" AJning 2023 yil 24 noyabrdagi 01-04-19/954-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kuchlanish nosimmetriya koeffisientini 7,7 % dan 2% gacha kamaytirish va taqsimlash tarmog‘ining o‘tkazuvchanligni 2 barobar oshirish imkonini bergan;
taqsimlash elektr tarmoqlarida notekis taqsimlangan va mavsumiy o‘zgaruvchan yuklamalarni simmetriyalash uchun mo‘ljallangan "Malika-02 M" qurilmasi "Hududiy elektr tarmoqlari" AJga joriy qilingan ("Hududiy elektr tarmoqlari" AJning 2023 yil 24 noyabrdagi 01-04-19/954-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kuchlanish nosimmetriya koeffisientini nazorat qilish hisobiga yiliga 481 000 000 (to‘rt yuz sakson bir million) so‘m miqdorida iqtisodiy samaraga erishish imkonini bergan.