Yusupov Rustam Abdimuratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Er osti gidrosferasini gidrogeologik modellashtirish masalalarini echishda matematik va dasturiy ta’minotini ishlab chiqish”, 05.01.07 – Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4 PhD/T2481
Ilmiy rahbar: Xabibullaev Ibrohim, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.13/30.12.2021.T.142.01.
Rasmiy opponentlar: Nazirova Elmira Shodmonqulovna texnika fanlari doktori, professor; Murodov Farrux Abdukaxarovich texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), k.i.x.;
Yetakchi tashkilot: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi gidrogeologik muhitda suv xo‘jalik faoliyati o‘zgarishi bilan er osti suvlarini olish inshooti hududlarida ichimlik suvi zaxiralarni samarali baholashning geofiltratsion matematik modelini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
daryo o‘zani va sohilbo‘yi suv olish inshootlari hududida yuzaga keladigan turg‘unmas oqim rejimi xususiyatlarini hisobga olgan holda geofiltratsiya jarayonlarining matematik modeli ishlab chiqilgan;
suv olish inshooti ish rejimi, daryo oqimi va er osti suvlari gidrogeologik shart-sharoitlarining o‘zgarish xususiyatlarini ifodalovchi matematik model va hisoblash algoritmlari yaratilgan;
gidrogeologik bog‘langan suvli qatlamlarning kvaziturg‘unmas oqim rejimi bo‘yicha galereyali, yarusli va klasterli suv olish jarayonining gidrodinamikasini modeli takomillashtirilgan;
suv sathi tebranishlarini yaratilgan gidrodinamik model va dasturiy majmuasi asosida suvli qatlamlarda geofiltratsiya xususiyatlari, ta’sir hududlari chegaralari aniqlangan va raqamli xaritalari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Er osti gidrosferasini gidrogeologik masalalarini echishda suv olish inshooti hududlarida turg‘unmas oqim rejimining geofiltratsiya jarayonlarini matematik modellashtirish va dasturiy ta’minoti asosida:
geofiltratsiya jarayonlarining matematik modeli, daryo o‘zani va sohilbo‘yi hududlaridagi kvaziturg‘unmas oqim rejimi bo‘yicha Damxo‘ja suv olish inshootida galereyali, yarusli va klasterli suv olish jarayonining gidrodinamik modeli va hisoblash algoritmlari hamda dasturiy majmuasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral qo‘mitasi “O‘zbekgidrogeologiya” DUK tasarrufidagi Zarafshon gidrogeologik stansiyasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022 yil 21 noyabrdagi 33-8/3538-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqotlar natijalari Damxo‘ja suv olish inshooti hududiy suvli qatlamlarida suv tanqisligi va o‘zgargan gidrogeologik sharoitlarida suv resurslarini baholash imkonini bergan;
suv olish inshootining ish rejimini sxemalashtirish, suv konining murakkab va o‘zgaruvchan sharoitida suv olishning mukammalligini aniqlash tamoyillarini tezkor tanlash imkonini beradigan algoritmlar, ta’sir hududlar chegaralari aniqlash va raqamli xaritalash usullari va “daryo-quduq-model” geofiltratsiya dasturiy majmui Janubiy Qozog‘iston Gidrogeologiya va meliorativ ekspedisiyasi Respublika-davlat korxonasida joriy qilingan (Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Janubiy Qozog‘iston Gidrogeologiya va meliorativ ekspedisiyasi Respublika-davlat korxonasining 2022 yil 09 sentyabrdagi 365-son ma’lumotnomasi). Ilmiy-tadqiqot natijalarining qo‘llanilishi er osti gidrosferasida suv balansini aniqlash, suv xo‘jalik sharoitini o‘zgarishi holatini samarali boshqaruv tizimini shakllantirish imkonini bergan.