Avazov Normurod Hakimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Behbudiy ijodida millat va milliyat masalalari talqini”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Fil410.
Ilmiy rahbar: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Joʻraqulov Uzoq Haydarovich, filologiya fanlari doktori, professor;  Afoqova Nodira Mahmudovna , filologiya fanlari doktori, professor;  To‘laganova Sanobar Panjievna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi millat va milliyat masalasining genezisi, takomili, istilohning jadid adabiyotidagi talqini, Behbudiyning “Padarkush” dramasida milliy ma’rifat g‘oyasining badiiy ifodasi va jadid adabiyotiga ta’siri, adibning badiiy-ilmiy publisistikasida Turkiston tarixi, milliy til taqdiri va taraqqiyoti masalalarining yoritilish qonuniyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
millat va milliyat masalalarining genezisi hamda tadrijiy takomili aniqlanib, ushbu istilohning jadid adabiyoti va Mahmudxo‘ja Behbudiy ijod konsepsiyasini belgilashda muhim  o‘ringa egaligi ochib berilgan;
 “Padarkush” dramasi asosida milliy ma’rifat g‘oyasining poetik ramz va timsollar vositasida ifodalanishi yoritilib, asarning “Baxsiz kuyov” va “Juvonboz” dramalari bilan qiyosi orqali millat estetik tafakkuri hamda jadid adabiyoti takomiliga ta’siri isbotlangan;
adib badiiy-publisistik mahoratining negizi bo‘lgan ishontirish san’ati so‘z tanlash, oz so‘zda ko‘p ma’no ifodalash, fikr izchilligi va mantiqiy dalillash, fakt va ma’lumotlar keltirishda aniqlik, voqelikka munosabat bildirishda xolislik kabi mezonlarga asoslanishi “Milliy tarix haqinda”, “Turkiston tarixi kerak”, “Ehtiyoji millat”, “Turkiston”, “Duma va Turkiston”, “Turkiston muxtoriyati” kabi maqolalar misolida dalillangan;
Behbudiyning XX asr boshida Turkiston o‘lka matbuotida va nashrlarida chop etilgan ijodiy faoliyatining to‘liq bibliografiyasi tuzilib, “Kitobat ul-atfol” (“Bolalar uchun yozuv kitobi”) darsligi,  millatning erki va ozodligi, siyosiy va huquqiy madaniyatiga doir “Turk adami markaziyat firqasining nizomnomasi” ilmiy istifodaga olib kirilgan, “Kitobat ul-atfol”ning bugungi ma’rifiy islohotlar jarayoni uchun ilmiy-amaliy ahamiyati asoslangan;
Behbudiyning Turkistonda yangi maktab g‘oyasining asoschisi ekani, maorif islohi – “usuli savtiyayi tadrijiya” metodini qoʻllash yo‘lida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirgani, darsliklar yaratish borasidagi xizmatlari, yosh avlodni Vatan va millatga muhabbat ruhida tarbiyalash tizimini yaratgani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodida millat va milliyat masalalari talqini muammosini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Millat va milliyat masalalari genezisi, tadrijiy takomili, Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarida millat tarixi va ma’rifati, Turkiston xalqlari huquqiy madaniyatini o‘stirish va til taraqqiyotini ta’minlashga doir xizmatlari, maktab-maorif islohi va avlod tarbiyasiga oid qarashlari evolyusiyasiga doir tahliliy fikr va xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida  2017-2020- yillarda bajarilgan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil  4-noyabrdagi 04/1-2322-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha o‘zbek jadid adabiyotida millat va milliyat masalalari talqiniga doir ilmiy qarashlar hamda yangi nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa jadid ijodkorlari tafakkuri tadrijida Alisher Navoiyning millat va milliyat, turkiy xalqlar tili va estetik tafakkuri rivojiga doir konseptual qarashlarning o‘rni, adib ijod tutumi shakllanishi va takomilida ulug‘ mutafakkir asarlaridagi g‘oyalar zamin vazifasini o‘tagani haqidagi ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida  2018-2020- yillarda bajarilgan “PZ-20170926459 raqamli “Navoiyshunoslik tarixi” (XX-XXI asrlar)” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 4-noyabrdagi 04/1-2323-son ma’lumotnomasi). Natijada Behbudiy estetik tafakkuri va milliyat tuyg‘ulari takomilida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy konseptual qarashlarining ta’siri aniqlanib, zarur xulosalar chiqarishga asos bo‘lgan;
Mahmudxo‘ja Behbudiyning til o‘rganish, uning sofligiga erishish, tilning ijtimoiy aloqalar tizimida tutgan o‘rni masalalariga oid fikrlari hamda  o‘zbek tiliga kirib kelgan, xalq uchun tushunilishi murakkab bo‘lgan ajnabiy so‘zlarni isloh qilish, turkiy leksikaga kirgan forscha va arabcha so‘zlarni tilning tabiatiga moslashtirish, bu jarayonni tashkil etish mexanizmi bilan bog‘liq qarashlari asosidagi tahliliy xulosalar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida  2019-2022- yillarda bajarilgan “A-OT-2019-10 – “O‘zbek tilida neyming: me’yoriy huquqiy asoslarini yaratish” (2019-2022) mavzusidagi amaliy loyihada joriylangan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023 - yil 4 - noyabrdagi 04/1-2324-son ma’lumotnomasi). Natijada  Mahmudxo‘ja Behbudiyning millat va milliyat, turkiy til taqdiri va taraqqiyoti bilan bog‘liq qarashlari misolida ma’rifatparvar jadid ijodkorlarining millat va milliyat, milliy til taqdiri va taraqqiysi bilan bog‘liq konsepsiyasi mohiyati bilan boyitilgan;
Mahmudxo‘ja Behbudiyning milliy til rivoji, til o‘rganishning ahamiyati, til va zamon taraqqiyotining uyg‘unligi, millatni dunyoning mutaraqqiy xalqlari darajasiga yuksaltirish omillari, Turkiston tarixini yaratish tamoyillari  bilan bog‘liq qarashlari hamda yangi maktab g‘oyasining avlod tarbiyasida tutgan o‘rni hamda yoshlarni Vatan va millatga muhabbat ruhida tarbiyalash usullariga doir ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu”, “Tarixiy savol”, “Javohir” va “Taqdimot” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali” davlat muassasasining 2023 -yil 3 - noyabrdagi 06-28-1429-son ma’lumotnomasi) Natijada ko‘rsatuvlar mazmuni jadid adabiyotiga doir ma’lumotlar bilan boyitilib, ularning ilmiy-ma’rifiy saviyasini oshirish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish