Adilov Bobir Behbudievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ma’muriy qamoqqa olish jazosining qo‘llanilishi va ijrosini takomillashtirish”, 12.00.02 – Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Yu1023.
Ilmiy rahbar: Yuldashev Djaxongir Xayitovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Yu.20.02.
Rasmiy opponentlar: Bekov Ixtiyor Rustamovich, yuridik fanlar doktori, professor; Xojiev Erkin Tuygunovich, yuridik fanlar nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy qamoqqa olish jazosining qo‘llanilishi va ijrosini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini ma’muriy-huquqiy vositalar orqali kafolatlashni kuchaytirish maqsadida shahvoniy shilqimlik va oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik huquqbuzarliklarini sodir etganlik uchun ma’muriy qamoqqa olish tarzidagi jazo chorasining qo‘llanilishi lozimligi asoslantirilgan;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxs jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan taqdirda, sud haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish tariqasidagi jazoning to‘rt soatini bir kunlik ma’muriy qamoqqa almashtirishi mumkinligi asoslantirilgan;
ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning o‘zi yoki oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar etkazilganligi, shuningdek yaqin qarindoshining vafoti yoxud kasalligi natijasida og‘ir ahvolda ekanligi uning maxsus qabulxona hududidan vaqtinchalik chetga chiqishi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi lozimligi asoslantirilgan;
ma’muriy qamoqqa olish jazosini o‘tayotgan shaxslar huquqlarining kafolatlanish darajasini yanada oshirish maqsadida ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqti ma’muriy qamoqni o‘tash muddatiga qo‘shib hisoblanishi shartligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda ma’muriy qamoqqa olish jazosining qo‘llanilishi va ijrosini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
shahvoniy shilqimlik va oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik huquqbuzarliklarini sodir etganlik uchun ma’muriy qamoqqa olish tarzidagi jazo chorasini qo‘llashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonunining 5-moddasi oltinchi va o‘n birinchi bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil 6-iyundagi 04/10-10-45-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning qonunchilikda o‘z aksini topishi shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini ma’muriy-huquqiy vositalar orqali kafolatlashni kuchaytirishga xizmat qilgan;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxs jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan taqdirda, sud haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish tariqasidagi jazoning to‘rt soatini bir kunlik ma’muriy qamoqqa almashtirishi mumkinligini qonunchilikda belgilashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonunining 5-moddasi to‘rtinchi bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil 6-iyundagi 04/10-10-45-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qonunchilikda o‘z aksini topishi javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga hamda jazo turlarining ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan;
yaqin qarindoshining vafoti yoki hayotiga tahdid soluvchi og‘ir kasallik, shuningdek ma’muriy qamoqqa olingan shaxsning o‘zi yoki oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar etkazilishiga sabab bo‘lgan hodisalarni qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxona hududidan vaqtinchalik chetga chiqish asoslari sifatida belgilashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 15-maydagi 135-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalar hududidan ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning chetga chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning to‘rtinchi bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi departamentining 2023-yil 10-iyuldagi 15/3026-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish asoslari yaratilishiga xizmat qilgan;
ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqtini ma’muriy qamoqni o‘tash muddatiga qo‘shib hisoblashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 15-maydagi 135-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalar hududidan ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning chetga chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning ikkinchi bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi departamentining 2023-yil 10-iyuldagi 15/3026-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi ma’muriy qamoqqa olish jazosini o‘tayotgan shaxslar huquqlarining kafolatlanish darajasini yanada oshirishga xizmat qilgan.