Muxitdinova Badea Muslixiddinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida
I.Umumiy ma’lumotlar.
“XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida adabiy zullisonaynlik an’anasi (Saidahmad Vasliy Samarqandiy asarlari misolida)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/Fil694.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Ibodulla Kamolovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/05.05.2023.Fil.02.11.
Rasmiy opponentlar: Qobilov Usmon Uralovich, filologiya fanlari doktori, professor; Salimiy Nosirjon Yusufzoda, filologiya fanlari doktori, akademik; Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Vasliy Samarqandiy ijodi misolida adabiy zullisonaynlik hodisasining o‘zbek adabiyotidagi tarixiy tadriji hamda o‘ziga xos xususiyatlarini poetik, tarixiy, qiyosiy-tipologik jihatdan ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Musulmon Sharqi mintaqasida rivojlangan arab, fors va o‘zbek adabiyotlarida zullisonaynlik hodisasining tohiriylar, somoniylar, safforiylar hokimiyati davrlarida teng rivojlanganligi, kotiblik, hattotlik, tarjimachilik ishlari arab va fors tillarida bir tartibda olib borilganligi, adabiy zullisonaynlikning shakllanganligi “Lubob ul-albob”, “Majmuai asarhoi adabiy”, “Osori muntahab”, “Tarixi adabiyoti Eron” kabi asarlar orqali dalillangan;
o‘zbek mumtoz adabiyotidagi zullisonaynlik an’anasi Nizomiy, Xoqoniy, So‘zaniy Samarqandiy kabi shoirlarning she’rlarida turkiy birikmalar, o‘zbekcha so‘zlar kiritilishi natijasida g‘azal, qasida, doston, masnaviy, to‘rtlik singari janrlarning rivojlanganligi hamda komil, vofir bahrlarida she’r aytish, muannas shaklidagi so‘zlar qo‘llanilganligi ochib berilgan;
she’rshunoslikda XVII asr oxiri va XIX asr boshlarida ijod qilgan zullisonayn shoir va shoiralar muammo, tarix, qit’a janrlariga mansub she’rlar yaratganligi, latif hikoyalar, qiziqarli qissalar hamda tarixnomalar yozganligi, natijada mulamma’, lafziy va ma’naviy, tazmin singari san’atlarning rivojlanganligi ochib berilgan;
ikki tilli devon tuzish an’anasining leksik, uslubiy, shakl va mazmun jihatdan uyg‘un tarzda rivojlanganligi, Movarounnahrda o‘zbek va tojik xalqlarining bilingvistik muhiti hamda poetik tafakkurdagi ishqiy, diniy-ma’rifiy va didaktik-axloqiy kabi irfoniy she’rlari mavjudligi aniqlangan;
Vasliy Samarqandiyning turkiy va forsiy “Tuhfat ul ahbob”, “Armug‘oni do‘ston” asarlarining mavzu va mundarijaviy yangilanish jarayonlari, adabiy ta’sir, izdoshlik masalalari hamda shoirning mumtoz adabiyot tasavvufiy g‘oyalari bilan uzviy yo‘g‘rilgan ta’limoti go‘zallik, komillik, ruh axloqi, din, falsafa, ma’rifat va haqiqat kabi tushunchalar orqali ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya hamda ishlanmalar asosida:
Musulmon Sharqi mintaqasida rivojlangan arab, fors va o‘zbek adabiyotlarida zullisonaynlik hodisasining tohiriylar, somoniylar, safforiylar hokimiyati davrlarida teng rivojlanganligi, kotiblik, hattotlik tarjimachilik ishlari arab va fors tillarida bir tartibda olib borilganligi, adabiy zullisonaynlikning shakllanishi “Lubob ul-albob”, “Majmuai asarhoi adabiy”, “Osori muntahab”, “Tarixi adabiyoti Eron” kabi asarlar orqali dalillanganligi kabi nazariy xulosalardan 2017-2020-yillarga mo‘ljallangan FA-F1-OO5 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2023-yil 7-dekabrdagi 494/1-son dalolatnomasi). Natijada, ikki tilda baravar ijod qilgan kotiblar va olimlar ham borligi zullisonaynlik faqat tarjimonlar orasida emas, balki kotib va tilshunos olimlar doirasida ham mavjudligini aniqlashga asos bo‘lgan;
o‘zbek mumtoz adabiyotiga zullisonaynlik an’anasi Nizomiy, Xoqoniy, So‘zaniy Samarqandiy kabi shoirlarning she’rlarida turkiy birikmalar, o‘zbekcha so‘zlar kiritilishi natijasida g‘azal, qasida, doston, masnaviy, to‘rtlik singari janrlarning rivojlanishi hamda aruz bahrlarida unumli ijod qilish, she’r va so‘z shakllarining qo‘llanilish xususiyatlari kabi xulosa va umumlashmalardan 2012-2016-yillarga mo‘ljallangan FA-F1-GOO2 “Qoraqalpoq folklori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” nomli fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2023-yil 7-dekabrdagi 493/1-son dalolatnomasi). Ilmiy natijalarning amaliyotga tatbiq etilishi Vasliy Samarqandiy kabi zullisonayn shoirlarning go‘zal an’analarini ijodiy rivojlantirish barobarida, so‘nggi asrlarda deyarli qo‘llanilmagan qasida janrining yanada rivojlantirganligi, qasidalari faqat madh mavzusida bo‘lmay, axloq, mav’iza, irfon kabi turli yo‘nalishlarda yozilganligi, shunga muvofiq asarlarning tili, uslubi va poetik vositalari takomillashgani xususidagi mulohazalarni dalillashga xizmat qilgan;
Vasliy Samarqandiyning turkiy va forsiy “Tuhfat ul ahbob”, “Armug‘oni do‘ston” asarlarining mavzu va mundarijaviy yangilanish jarayonlari, adabiy ta’sir, izdoshlik masalalari hamda shoirning mumtoz adabiyot tasavvufiy g‘oyalari bilan uzviy yo‘g‘rilgan ta’limoti go‘zallik, komillik, ruh axloqi, din, falsafa, ma’rifat va haqiqat kabi tushunchalar haqidagi xulosalardan Samarqand davlat universitetida 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan F3-202001047-“O‘zbekistonda madrasa ta’limi tarixi” elektron portalini yaratish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida istifoda qilingan (Sharof Rashidov nomidagi SamDUning 2023-yil 5-dekabrdagi 10-6318-son ma’lumotnomasi). Natijada, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida yashab ijod qilgan Vasliy Samarqandiy ham ijodiy faoliyatini ikki tilda olib borganligi, o‘z ijod namunalari vositasida Samarqand adabiy muhitida zullisonaynlik an’anasini yangi pog‘onaga olib chiqqanligi, Vasliyning fors-tojik adabiyotidagi yirik salaflari – Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Badriddin Hiloliy, Mirzo Bedil an’analarini rivojlantirganligi, shoir ijodida maktab va maorifni isloh qilish zarurati she’riy yo‘sinda ifoda etilganligi bilan xizmat qilgan;
ikki tilli devon tuzish an’anasining leksik, uslubiy, shakl va mazmun jihatdan uyg‘un tarzda rivojlanganligi, Movarounnahrda o‘zbek va tojik xalqlarining bilingvistik muhiti hamda poetik tafakkurdagi ishqiy, diniy-ma’rifiy va didaktik-axloqiy kabi irfoniy she’rlari mavjudligi kabi masalalarini tadqiq etishda Evropa Ittifoqi tomonidan “Erasmus +” dasturining 2016-2018-yillarga mo‘ljallangan “561624-EPP-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUSQCBHE IMEP: O‘zbekistonda Oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” nomli loyihasi doirasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2023-yil 5-dekabrdagi 1202/02-son ma’lumotnomasi). Natijada, zullisonaynlik hodisasining tarixiy va ijtimoiy-falsafiy negizlarini aniqlash, qadimgi davrlardan bugungi kungacha bo‘lgan milliy adabiyotlar rivojida adabiy hodisaning ta’sirini o‘rganishdagi xulosalardan foydalanishga asos bo‘lgan;
she’rshunoslikda XVII asr oxiri va XIX asr boshlarida ijod qilgan zullisonayn shoir va shoiralar muammo, tarix, qit’a janrlarini yaratganligi, latif hikoyalar, qiziqarli qissalar hamda tarixnomalar yozganligi, mulamma’, lafziy va ma’naviy, tazmin singari san’atlarning rivojlanganligi kabi xulosa va umumlashmalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” davlat unitar korxonasining “Boboso‘z”, “Tong nafasi” ko‘rsatuvlarining senariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining 2023-yil 5-dekabrdagi 01-02-03/246-son ma’lumotnomasi). Natijada, ular buyuk salaflari ijodidan ta’sirlanib, ayni zamonda o‘zlari yaratgan she’riyatning ham mazmun, ham badiiy jozibadorlik jihatidan o‘ziga xosligi, originalligini ta’minlashga erishganliklari haqidagi xulosa va umumlashmalarni asoslashga muhim manbalardan biri bo‘lib xizmat qilgan;
Samarqand viloyati O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda, davra suhbatlarida, XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida ijod etgan Vasliy Samarqandiyning turkiy va forsiy asarlarining mavzu va mundarijaviy yangilanish jarayonlari, adabiy ta’sir, izdoshlik masalalari hamda shoirning mumtoz adabiyot tasavvufiy g‘oyalari bilan uzviy yo‘g‘rilgan ta’limoti go‘zallik, komillik, ruh axloqi, din, falsafa, ma’rifat va haqiqat kabi tushunchalar orqali ochib berilganligi yuzasidan chiqarilgan ilmiy-amaliy xulosalardan foydalanilgan va natijalarga erishilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limining 2023-yil 7-dekabrdagi 52-son ma’lumotnomasi). Natijada, Vasliy Samarqandiy ijodi misolida adabiy zullisonaynlik hodisasining o‘zbek adabiyotidagi tarixiy taraqqiyoti poetik, tarixiy, qiyosiy-tipologik jihatdan yoritilishiga xizmat qilgan.