Xudoyberdiev Jaloldin Xasanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Qoraqalpoq jelvakli fosforitlari asosida donadorlangan oddiy superfosfat olish texnologiyasi», 02.00.13 – Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T3240.
Ilmiy rahbar: Reymov Axmed Mambetkarimovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.T.20.03.
Rasmiy opponentlar: Alimov Umarbek Kadirbergenovich, texnika fanlari doktori; Allaniyazov Davron Orazimbetovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy hodim.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpoq jelvakli fosforitlarini soddalashtirilgan tizimda sulfat kislotali faollashtirish asosida donadorlangan oddiy superfosfat olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qoraqalpog‘iston jelvakli fosforitlarida fosfor tutgan asosiy minerallar kurskit va frankolit bo‘lishi hamda ularning tarkib va xossalari batafsil aniqlangan;
sulfat kislotaning stexiometriyadan 70-75% miqdorlari maqbul me’yorlar ekanligi va ushbu me’yorlarda suvda eruvchan fosforning nisbiy shakli 50% dan yuqori bo‘lgan faollashgan oddiy superfosfat hosil bo‘lishi isbotlangan;
oddiy superfosfat donalarini olishda ammoniyli, ishqorli eritmalar va suvning maqbul miqdorlari hamda konsentratsiyalari aniqlangan va bunda donalarning mustahkamligi 2 MPa dan yuqori qiymatlarga ega bo‘lishi aniqlangan;
konsentrlangan N3RO4, angidrit (CaSO4) va Ca(H2PO4)2 hosil qilish mexanizmlarini ta’minlovchi ikki bosqichli oddiy superfosfat olish mexanizmi asoslangan;
struktura hosil qiluvchi va kimyoviy meliorant xossalariga ega bo‘lgan suvda eruvchan oddiy superfosfat olishning resurstejamkor texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Qoraqalpoq jelvakli fosforitlaridan faollashtirilgan oddiy superfosfat olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Qoraqalpoq fosforitlarini sulfat kislotali faollashtirish yo‘li bilan oddiy superfosfat olish texnologiyasi «Elektrokimyozavod» QK-AJning “2022-2024 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan («Elektrokimyozavod» QK-AJda 2022 yil 7 iyundagi 217-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarkibida fosfordan tashqari kalsiy va oltingugurt tutgan faollashgan birlamchi fosforli o‘g‘it olish imkonini bergan;
superfosfat kukunlariga ammoniyli va ishqorli tuzlarning bog‘lovchi eritmalari bilan ishlov berish orqali yaxshilangan xossadagi birlamchi fosforli o‘g‘it olish texnologiyasi «Elektrokimyozavod» QK-AJning “2022-2024 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan («Elektrokimyozavod» QK-AJda 2022 yil 7 iyundagi 217-son ma’lumotnomasi). Natijada, tovar fraksiyalari 92-98% va donalar mustahkamligi 2-4 MPa bo‘lgan mahsulot olish imkoni yaratilgan;
Qoraqalpoq fosforitiga angidritli sxemada ikki bosqichli ishlov berish orqali oddiy superfosfat olish texnologiyasi «Elektrokimyozavod» QK-AJning “2022-2024 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati” ga kiritilgan («Elektrokimyozavod» QK-AJda 2022 yil 7 iyundagi 217-son ma’lumotnomasi). Natijada, struktura hosil qiluvchi va kimyoviy meliorant xossalariga ega PSaS-tutgan o‘g‘itlar assortimentini kengaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish