Asqarova Oydinxon Karimxon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Perovskia angustifolia, Perovskia botschantzevii va Lophanthus schschurowskianus o‘simliklarining fenol birikmalari va terpenoidlari», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/K464.
Ilmiy rahbar: Botirov Erkin Xojiakbarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti, O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.05.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Abdurashid Musaxonovich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Nishonov Mirkozimjon, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Perovskia angustifolia, Perovskia botschantzevii va Lophanthus schschurowskianus o‘simliklarining fenol birikmalari va terpenoidlarini ajratib olish, ularning kimyoviy tuzilishi va biologik faolliklarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba O‘zbekiston florasidagi Perovskia botschantzevii va Lophanthus schschurowskianus o‘simliklari er ustki qismlaridan biologik faol terpenoidlar va fenol birikmalarni ajratib olish usullari ishlab chiqilgan;
P. angustifolia va P. botschantzevii o‘simliklarining er ustki qismlari efir moylarining sifat va miqdoriy tarkibi GX-MS usulida tahlil qilinganda 1,8-sineolning boy manbaalari sifatida xizmat qilishi mumkinligi isbotlangan;
L. schschurowskianus o‘simligining er ustki qismi efir moyining sifat va miqdoriy tarkibini GX-MS usulida tahlil qilinganda ko‘p miqdorda oksidlangan monoterpenlar va oksidlangan seskviterpenlar saqlashi isbotlangan;
ilk marotaba L. schschurowskianus o‘simligi er ustki qismidan qahrabo, kofe va rozmarin kislotalari, lyuteolin, sinarozid, diosmin, lyuteolin-7-O-rutinozid flavonoidlari va kofe kislotasining murakkab efiri – nepetoidin B birikmalari sof holda ajratib olingan hamda tuzilishi zamonaviy spektral usullarda isbotlangan;
Perovskia angustifolia o‘simligi er ustki qismidan 2 ta fenolkarbon kislotasi va 8 ta flavonoid sof holda ajratib olingan va (S)-GESperetinning absolyut konfiguratsiyasi ilk marta RTT usuli yordamida isbotlangan;
P. angustifolia o‘simligi ildizidan kriptotanshinon, kofe va rozmarin kislotalari sof holda ajratib olingan hamda tuzilishi zamonaviy spektral usullarda isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Perovskia angustifolia, Perovskia botschantzevii va Lophanthus schschurowskianus o‘simliklarining fitokimyoviy tadqiqotlari davomida olingan ilmiy natijalari asosida:
Perovskia angustifolia o‘simligidan ajratib olingan (S)-GESperetinning rentgen tuzilishi maʼlumotlari Kembridj xalqaro tuzilish maʼlumotlar bazasida (The Cambridge Structural Database, https://www.ccdc.cam. ac.uk/structures/) ro‘yxatga olingan (CCDC KOCGIW/2243496). Natijada, birikmaning tuzilishi, tabiati, rentgen tuzilishi tahlili yordamida olingan molekulalararo o‘zaro ta’sir va tahlil ma’lumotlaridan soha olimlarining foydalanishiga imkon yaratilgan;
Perovskia angustifolia, Perovskia botschantzevii va Lophanthus schschurowskianus o‘simliklarining quritilgan er ustki qismidan ajratib olingan efir moyi va ekstraktlarining tanlangan bakteriya va zamburug‘larga qarshi ta’siri natijalaridan “Tabiiy va sintetik birikmalarning biologik faolligini in vitro o‘rganish. Oqsil injenerligi. Rekombinant oqsillarni tayyorlash. Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan va boshqa turdagi kasalliklar diagnostikasi uchun aniq molekulyar-genetik markyorlarni ishlab chiqish” mavzusidagi bazaviy fundamental (2021-2024 yy) tadqiqotlarida ayrim kasalliklar diagnostikasi uchun molekulyar-genetik markyorlarni ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2023 yil 15 sentyabrdagi 4/1255-1954-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, efir moyi va ekstraktlar gram-musbat va gram-manfiy bakteriyalarga (B. subtilis va S. aureus) nisbatan sezilarli faollikni namoyon etishi aniqlangan va kelajakda tibbiyotda zarur bo‘lgan dori vositalarini yaratish imkonini bergan;
Perovskia angustifolia, Perovskia botschantzevii va Lophanthus schschurowskianus o‘simliklarining quritilgan er ustki qismi kimyoviy tarkibi hamda biologik faolliklaridan, Rossiya Federatsiyasining Surgut davlat universitetida «Texnologii virashhivaniya i izvlecheniya biologicheski aktivnix soedineniy severnix yagodnix kul`tur i lekarstvennix trav (YugraBioFarm)» amaliy loyihasida shimoliy mintaqa dorivor o‘simliklari tarkibidagi biologik faol birikmalarni sifat va miqdoriy jihatdan tahlil qilishda foydalanilgan (Surgut davlat universitetining 2023 yil 21 sentyabrdagi 03-01/194-son ma’lumotnomasi). Natijada, dorivor o‘simliklarni kimyoviy tarkibi va biologik faollik bo‘yicha solishtirish va loyiha uchun zarur natijalarni tahlil qilish imkonini bergan.