Oliy attestatsiya komissiyasida 25 mart kuni O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi qoshida tashkil etilgan “Yosh olimlar ligasi” loyihasi ishtirokchilari bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida xalqimizning erkin va farovon, Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash hamda adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash yuzasidan belgilangan beshta ustuvor yo‘nalish va yuz maqsadni qamrab olgan chora-tadbirlar doirasida tashkil etildi.

Davra suhbatida Yangi O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish, uzluksiz ta’lim tizimida yosh avlodni barkamol voyaga etkazish, iqtidorlarini namoyon etishda amalga oshirilayotgan tub islohotlar hamda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi, sohada shaffoflik va xolislikni ta’minlash, attestatsiya jarayonlarini raqamlashtirish, korrupsiyaviy holatlarga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan dolzarb vazifalar xususida ma’lumot berib o‘tildi.
OAK mas’ul mutaxassislari tomonidan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar”, “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiya natijalari”, “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonini raqamlashtirish” mavzularida amaliy faoliyat asosida umumiy axborot berildi.

     

2024 yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davomida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining tegishli bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zLiDePning “Yoshlar qanoti” jamoatchilik Kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan davra suhbatida “Yosh olimlar ligasi” a’zolari Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatiga doir o‘zlarini qiziqtirgan qo‘shimcha savollariga ham atroflicha javob oldi.

   

Davra suhbati yakunida OAK mas’ullari tomonidan talaba hamda yosh olimlarga kelajakda mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida munosib xizmat qiluvchi raqobatbardosh mutaxassis-kadrlar bo‘lib kamol topishiga ishonch bildirilib, ilmiy-ijodiy, intellektual faoliyatida muhim bo‘lgan bebaho ilmiy-adabiy kitoblar to‘plami tuhfa etildi.

OAK Axborot xizmati

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish