Shagilova Gulxatisha Koptleuovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpog‘iston Respublikasida elektron hukumatni shakllantirishning huquqiy asoslari va rivojlanish istiqbollari”, 12.00.02 – “Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi” ixtisosligi bo‘yicha (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Yu853.
Ilmiy rahbar: Kutibaeva Elizaveta Duysenbaevna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universiteti PhD.03/30.12.2019.Yu.20.02.
Rasmiy opponentlar: Ro‘zmetov Xayrullo Ibadullaevich yuridik fanlar doktori, professor; Kabulov Xojabay Aldashovich yuridik fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Qoraqalpog‘iston Respublikasida elektron hukumatni shakllantirishning huquqiy asoslari va rivojlanish istiqbollarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
elektron hukumat tizimini joriy etish davlat boshqaruvining samaradorligi ko‘tarilishiga, aholining ishonchi va roziligi darajasini oshirishiga, korrupsiya xavfini kamaytirilishiga, shaffoflik va davlat xizmatlari ko‘rsatilishini monitoring qilish imkoniyatlari kengaytirilishiga xizmat qilishi asoslantirilgan;
qonuniylik, javobgarlik va samaradorlik prinsiplarini huquqiy tartibga solinishi fuqarolarning ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta'minlaydigan ishonchli, shaffof va tejamkor elektron hukumat tizimini yaratishga xizmat qilishi asoslantirilgan;
elektron hukumat infratuzilmasiga mobil tizimlar va idoralararo integratsiya platformalarini nazarda tutish uning samaradorligini oshirish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash uchun strategik muhim qadamligi, bu esa mamlakatning raqamli iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga yordam berishi asoslangan;
huquqiy xatarlarni tahlil qilishga va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishga qodir bo‘lgan malakali kadrlarni tayyorlash zarurligi, ular o‘z navbatida davlat boshqaruvining shaffofligi va ochiqligini oshirishga, shuningdek aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilashga, axborot jamiyatini rivojlantirishga, fuqarolarning hayot sifatini oshirishga va huquqiy davlatni mustahkamlashga yordam berishi asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra quyidagi takliflar ishlab chiqildi va joriy qilingan:
davlat hokimiyati ijro etuvchi organlari tomonidan xizmatlar, axborot taqdim etish, shuningdek, demokratik tartib-qoidalarni ta’minlash maqsadida Internet va boshqa raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali davlat apparati ochiqligini oshirish zarurligi to‘g‘risidagi taklif Qoraqalpog‘iston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunini qabul qilishda qo‘llanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i KenGESining Mahalliy hokimiyatning vakillikli va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari hamda davlat organlarining ochiqligini ta’minlash masalalari qo‘mitasining 2022-yil 15-noyabrdagi 19-684/1-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashning huquqiy asoslari mustahkamlanishiga xizmat qilgan;
davlat xizmatlari markazining davlat xizmatlarini ko‘rsatishga vakolatli organ sifatidagi huquqiy maqomini mustahkamlash zarurligi to‘g‘risidagi taklif «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasiga o‘zgartirishlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2023-yil 11-maydagi 04/10-10-34-son dalolatnomasi). Ushbu taklif davlat xizmatlari markazining davlat xizmatlarini korsatadigan vakolatli organ sifatida huquqiy maqomini mustahkamlagan;
elektron hukumatning qonuniylik, javobgarlik, samaradorlik kabi tamoyillarini huquqiy mustahkamlash zarurligi to‘g‘risidagi taklifdan «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga o‘zgartishlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2023-yil 11-maydagi 04/10-10-34-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning huquqiy mustahkamlanishi ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati samaradorligini oshirishga, ularning davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga, mansabdor shaxslarning o‘z vakolatlarini amalga oshirish uchun javobgarligini oshirishga xizmat qilgan;
elektron hukumat infratuzilmasiga mobil tizimlarni, shuningdek elektron hukumatni elektron hukumat infratuzilmasining tarkibiy qismi sifatida idoralararo integratsiya platformalarini kiritish zarurligi to‘g‘risidagi taklif «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga o‘zgartirishlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2023-yil 11-maydagi 04/10-10-34-son dalolatnomasi). Ushbu taklif davlat organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda o‘zaro munosabatlarning elektron shakllarining huquqiy ahamiyati va ishonchliligini ta’minlaydigan yagona texnologik infratuzilmani shakllantirishga xizmat qilgan;
elektron hukumatni rivojlantirish va ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning huquqiy asoslarini o‘rgatish zarurligi bakalavr va magistrlar o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va elektron hukumat sohasida nazariy-huquqiy bilimlari shakllanishiga xizmat qilishi to‘g‘risidagi taklifdan «Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat organlarining idoralararo elektron hamkorligi» o‘quv qo‘llanmasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 25-avgustdagi 391-sonli buyrug‘i). O‘quv qo‘llanmadan foydalanish 60420100 - «Huquqshunoslik» yo‘nalishi talabalari va 5A240101 - «Davlat huquqi va boshqaruvi (faoliyat turlari bo‘yicha)» yo‘nalishi magistrantlarining O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasida elektron hukumatni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha nazariy va huquqiy bilimlarini chuqurlashtirish imkonini beradi.