2024 yilning 14 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Ilm-fan va ilmiy faoliyatda korrupsiya va byurokratiya: muammo va uning echimlari” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti mas’ullari hamda Akademiyaning professor-o‘qituvchilari, mustaqil izlanuvchilari va tayanch doktorantlari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Mamasiddiqov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimiz ilm-fani rivojida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarning ilmiy izlanishlarini qo‘lab-quvvatlash borasida yaratilayotgan sharoitlar xususida fikr yuritdi.
“Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiya omillari va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish” mavzusida Oliy attestatsiya komissiyasi bosh ilmiy kotibi, t.f.d., professor A.Shermuxamedov so‘z yuritib, OAK faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, axborot almashinuvda raqamlashtirish orqali korrupsiya omilllarini bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Davra suhbati onlayn tarzda ham namoyish etilib, keng ilmiy jamoatchilikning o‘zaro muloqoti va fikr almashinuviga imkoniyat yaratildi.
Ilm-fan va ilmiy faoliyatga doir dolzarb mavzularda fikr-mulohoza yuritilgan davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan yo‘llangan barcha savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berilib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
OAK Axborot xizmati