Almardanov Hamidilla Abdig‘anievichning
doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Biomassadan muqobil yoqilg‘ilar olish uchun geliopiroliz qurilmasini ishlab chiqish”, 05.05.06-“Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/T3949
Ilmiy rahbar: Uzoqov G‘ulom Norboevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.09.2020.T.111.03. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Axatov Jasurjon Saidovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Yuldoshev Isroil Abrievich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya ishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi biomassadan muqobil yoqilg‘ilar olish uchun parabolik quyosh konsentratorli geliopiroliz qurilmasini ishlab chiqish va energiya samaradorligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
parabolik quyosh konsentratori va quvursimon piroliz reaktorini kombinatsiyalashtirish asosida yuqori konsentratsiyalashtirilgan quyosh nurlanishi energiyasi bilan biomassa va uglevodorodli chiqindilarni termik qayta ishlash imkonini beradigan, qo‘shimcha issiqlik akkumulyatorli va quyoshga nisbatan kuzatish tizimli takomillashtirilgan geliopiroliz qurilmasining texnologik sxemasi ishlab chiqilgan;
biomassa va organik chiqindilarni yuqori konsentratsiyalashtirilgan quyosh energiyasi bilan termik qayta ishlash imkonini beradigan, piroliz jarayonining ikkilamchi issiqligidan foydalanib biomassani dastlabki quritish uchun issiqlik almashinuvi apparati bilan qo‘shimcha jihozlangan energiya samarador geliopiroliz qurilmasining konstruksiyasi yaratilgan;
geliopiroliz jarayonida reaktordagi harorat rejimining quyosh radiatsiyasi, atrof muhit harorati, parabolik quyosh konsentrator aperturasi, biomassaning issiqlik sig‘imi va reaktor o‘lchamlariga bog‘liqligini hisoblash imkonini beradigan reaktor issiqlik balansining tenglamalari asosida matematik modeli ishlab chiqilgan;
issiqlik akkumulyatorli parabolik quyosh konsentratori asosida yuqori konsentratsiyalashtirilgan quyosh nurlanishi energiyasidan foydalanib biomassadan muqobil yoqilg‘ilar olishning geliopiroliz texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Biomassadan muqobil yoqilg‘ilar olish uchun geliopiroliz qurilmasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
markazlashgan energiya ta’minotidan uzoqda joylashgan iste’molchilarning (dehqon va fermer xo‘jaliklari) maishiy ehtiyojlari uchun ishlab chiqilgan parabolik quyosh konsentratorli geliopiroliz qurilmasi va uning texnologik sxemalari Chiroqchi tumanidagi “Suxrob” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 22-noyabrdagi №07/22-05/5989-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, parabolik quyosh konsentratorli kichik quvvatli geliopiroliz qurilmasida Qashqadaryo viloyati iqlim sharoitlarida yillik 900÷1000 kg biomassa yoki organik chiqindilarni qayta ishlash imkoniyati yaratilgan;
parabolik quyosh konsentratorli geliopiroliz qurilmasi yordamida yiliga o‘rtacha 300÷350 m3 gazsimon yoqilg‘i, 350÷400 kg suyuq piroliz yoqilg‘isi hamda 200÷300 kg qattiq muqobil yoqilg‘ilar olishga erishilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 22-noyabrdagi №07/22-05/5989-sonli ma’lumotnomasi);
biomassadan piroliz usulida muqobil yoqilg‘ilar olish geliopiroliz texnologiyasi Chiroqchi tumani “Suxrob” fermer xo‘jaligida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 22-noyabrdagi №07/22-05/5989-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, piroliz texnologiyasida parabolik quyosh konsentratorlaridan foydalanish orqali qurilmaning energiya samaradorligi 10÷12 % ga oshirilgan.