Kasimova Ra’no Raxmatulloevnaning

falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek to‘y va motam marosim fol`klori matnlarining inglizcha tarjimasida etnografizmlarning berilishi», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil.153.

Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSs.27.06.2017.Fil.21.01

Rasmiy opponentlar: Safarov Shahriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Turdimov Shomirza G‘anievich, filologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek xalqining oilaviy-maishiy turmush tarzi bilan bog‘liq to‘y va motam marosimlari fol`klorining tabiati, ijtimoiy-axloqiy mohiyati, xalq og‘zaki ijodi matnlarining ingliz tiliga o‘girilishi, bunda etnografizmlarning berilishini asoslashdan iborat.

III. Tadqiqotining ilmiy yangiligi:

o‘zbek to‘y va motam marosimlari fol`klori namunalarining xorij sharqshunoslari tomonidan ingliz tiliga o‘girilishiga asos bo‘lgan ijtimoiy-psixologik, mehmondo‘stlik, bolajonlik, saxovatpeshalik, oilaparvarlik omillari isbotlangan;

etnografizmlarning tilshunoslikda leksik birlik, adabiyotshunoslikda esa obrazli vosita sifatida namoyon bo‘lishi asoslangan;

o‘zbek to‘y va motam marosimlari fol`klorining inglizcha o‘girmalari asosida etnografizmlarning talqiniga, tarjimasiga va tavsifiga xos lisoniy, semantik va uslubiy xususiyatlar dalillangan;

o‘zbek to‘y va motam marosimlariga aloqador etnografizmlarning xalq o‘yinlari, udumlar nomi, milliy matolar, qarindosh-urug‘larga murojaat shakllari kabi turlari tasniflangan;

o‘zbek milliy taomlari va kiyim-kechaklari, turli marosim atributlari nomini ifodalovchi etnografizmlarning inglizcha tarjimada tasviriy, transformatsion, kal`ka, muqobilini topish usullari orqali aks ettirilishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek to‘y va motam marosimlari fol`klori etnografizmlarining xususiyatlarini ochib berish, etnografizmlarni asliyatdan tarjima qilish muammolarini bartaraf etish yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida: o‘zbek marosim fol`klorining xorijiy mamlakatlarda o‘rganilishi, uning ingliz tiliga tarjima qilinishi, fol`klor asarlarida raqamlar mohiyati, etnografizmlarning tasnifi, ularning morfologik o‘zgarishlari, o‘zbek etnografik leksikasining lingvo-tarixiy jihatdan qatlamlarga ajratilishiga doir xulosa va tavsiyalar Buxoro davlat universiteti o‘quv jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi OO‘MTVning 2017 yil 22 noyabrdagi 89-03-2885-son ma’lumotnomasi). Natijada «Tarjima nazariyasi va amaliyoti», «O‘zbek fol`klori», «Adabiy-badiiy tahlil metodlari», «Qiyosiy adabiyotshunoslik» va «Qiyosiy tilshunoslik» fanlarini takomillashtirish hamda o‘qitish samaradorligini oshirishiga xizmat qilgan;

jahon tilshunosligidagi ilg‘or tadqiq metodlari, chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslikka oid atamalar izohi, o‘zbek to‘y va motam marosimlari fol`klorining o‘zbekcha-inglizcha etnografizmlari muqobillikda ifodalanishiga xos xususiyatlarni aniqlash kabi xulosalardan OT-F8-057 «O‘zbek tilini sistemaviy tadqiq etishning metodologik asoslari, metod va prinsiplarini shakllantirish» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 18 oktyabrdagi FTA-02-11/906-son ma’lumotnomasi). Natijada etnografizmlarni tavsiflashning muammolari aniqlanib, uning metodologik asoslari bo‘yicha, metod va prinsiplarini shakllantirish echimlarini o‘rganishga xizmat qilgan;

o‘zbek marosim fol`klorining, xususan, to‘y va motam marosimlari fol`klorining inglizcha tarjimasida etnografizmlar ifodalanishiga xos xususiyatlarga oid ilmiy natijalardan F-1-06 «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 17 noyabrdagi FTA-02-11/1102-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi asosida o‘zbek to‘y va motam marosimi qo‘shiqlarining asliyatdan tarjima qilinishi bilan bog‘liq muammolar qiyosiy aspektda o‘rganilib, tarjimon mahoratini aniqlashga xizmat qilgan;

o‘zbek xalqining oilaviy-maishiy, mavsumiy marosimlari va milliy urf-odatlarning butun bashariyatni uyg‘unlikka, obodlikka etaklovchi qadriyat ekanligi, ularning inglizcha tarjimalari bilan bog‘liq fikr-mulohazalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining «Assalom, Buxoro», «Diyor yangiliklari» turkum ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2017 yil 27 oktyabrdagi 1/271-son ma’lumotnomasi, 2018 yil 7 fevraldagi 1/58-son xati). Natijada milliy qadriyatlarimizning bir qator xorijlik etnograf olimlar tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingani, o‘zbek fol`kloriga bo‘lgan katta qiziqishni namoyon etishi kabi xulosalari teletomoshabinlarning ushbu masalalar yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘lishiga asos bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish