Nasimov Jaxongir Akromovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Olmosli kolonkali burg‘ilashda kern va shlam namunasini olishning sifatini miqdoriy baholash», 04.00.15 – Geologik razvedka ishlari texnologiyasi va texnikasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/T3627.
Ilmiy rahbar: Djuraev Rustam Umarxanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mineral resurslar instituti DM.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, PhD.03/31.03.2023.T.03.06.
Rasmiy opponentlar: Zokirov Azamjon Alimdjanovich, texnika fanlari doktori, professor; Baratov Baxtiyor Nusratovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: “Regionalgeologiya” DUK.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy-Qizilqum va Toshkent oldi mintaqalarida qattiq turdagi foydali qazilmalar uchun quduqlarni olmosli kolonkali burg‘ilashda kern va shlam namunalari olishning sifat ko‘rsatkichlarini miqdoriy baholash mezonlarini ishlab chiqish orqali geologiya qidiruv ishlari ishonchliligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yaxlit, kam darzlangan, darzlangan va ko‘p darzlangan tog‘ jinslaridan olinayotgan kern, kern-shlam va shlam namunalari sifatining burg‘ilash texnologik rejim parametrlariga o‘zaro korrelyasion bog‘liqligi aniqlangan;
kern, kern-shlam va shlam namunalarining hosil bo‘lishi, saqlanishi va isroflanishi koeffisientlari ko‘rinishidagi geologik namuna olish sifatining miqdoriy mezonlari aniqlangan;
burg‘ilash namunalaridagi tasodifiy (Ss), tizimli texnik-texnologik (St) va geologik xatoliklar (Si) negizida geologik ma’lumotlarning ishonchlilik darajasi bo‘yicha burg‘ilash sifatini optimal boshqarish imkoniyatlari asoslangan;
gidravlikalashtirilgan burg‘ilash uskunalarining bilvosita indikator xossalariga ko‘ra burg‘ilash sifatini tezkor nazorat qilish maqsadida texnik-texnologik qaror qabul qilish uchun elementlarning «vazndorlik» koeffisientini hisoblash uslubi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Burg‘ilash ishlari yakuniy natijalari sifatining alohida xususiyatlarini miqdoriy jihatdan ifodalash va baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Wireline texnologik tizimida qidiruv quduqlarini burg‘ilashdan olinadigan namunalarning “vazndorlik” koeffisienti «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 2 martdagi 04-0400-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, burg‘ilash ishlari sifati miqdoriy baholanib, quduq bo‘ylab kern olinishini 100% ga etkazish imkonini bergan;
darzlangan, kuchli darzlangan tog‘ jinslari va ma’danlarini burg‘ilashda namunalardan etarlicha ma’lumotlarni olishning ehtimoliy tavsiflarini aniqlash metodikasi «O‘zbek geologiya qidiruv» AJga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 2 martdagi 04-0400-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, zamonaviy burg‘ilash texnik vositalari va texnologik tizimlarini to‘g‘ri tanlab olish va qo‘llash bilan burg‘ilash unumdorligini 6,5% ga oshirish imkonini bergan;
qidiruv quduqlarini burg‘ilashdan olinadigan kernlarda tizimli va tasodifiy geologik, texnik, texnologik xatoliklar hisobiga undagi geologik ma’lumotlarning ishonchliligini aniqlash tasnifi «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ amaliyotiga tadbiq qilingan (O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 2 martdagi 04-0400-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, chuqur quduqlardan kern olish uchun foydalaniladigan samarador uskunalar ulushini 66% ga etkazish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish