Xudayarov Muzaffar Burxonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jamoat binolari energetik samaradorligini baholash uchun energiya iste’moli monitoringi», 05.05.01–Energetika tizimlari va majmualari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/T42.
Ilmiy maslahatchi: Salixov Temur Pattaxovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: «Ilmiy-texnik markaz» MChJ.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti va «Ilmiy-texnika markazi» MChJ, DSc.27.06.2017.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Kamalov Tolyagan Sirajiddinovich, texnika fanlari doktori, professor; Gayibov Tulkin Shernazarovich, texnika fanlari doktori, professor; Aripov Nazirjon Mukaramovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: «Qishloqenergoloyiha» AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jamoat binolari energetik samaradorligini baholash uchun ularning energiya iste’molini tadqiq etish va energiya iste’moli monitoringining ilmiy-uslubiy ta’minoti, usullari, algoritmlari va kompyuter dasturlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yillik siklda bajariladigan va alohida bino hamda tizimli darajani hisobga oluvchi binolar energiya iste’moli monitoringining kompleks uslubiyati ishlab chiqilgan;
korrelyasion va regression tahlil yordamida ta’sir etuvchi klimatik faktorlar ichidan eng katta ta’sir etuvchisini aniqlash uslubi va u orqali jamoat binolari energiya iste’molini monitoring qilish va solishtirish usullari ishlab chiqilgan;
texnotsenozlar nazariyasi va rang tahlili asosida turli jamoat binolaridan iborat to‘plamda energiya iste’moli yuqori bo‘lgan binolarni aniqlash uslubi ishlab chiqilgan;
to‘plamning umumiy energiya iste’molini rejalashtirish uchun sun’iy neyron tarmoqlar va matematik statistika usullari asosida alohida binolar energiya iste’molining prognoz qo‘rsatkichlari aniqlangan va keyingi yildagi energiya iste’molining buyurtma ko‘rsatkichlari asoslangan;
to‘plamning umumiy energiya iste’molini boshqarish uchun klaster tahlili asosida me’yorlash usuli va kompyuter dasturi ishlab chiqilgan va uning yordamida jamoat binolari energiya iste’molini baholovchi yillik me’yorlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jamoat binolari energetik samaradorligini baholash uchun ularning energiya iste’moli monitoringi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
energetik tekshiruvlarni o‘tkazish metodologiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura qurilish qo‘mitasi tomonidan bajarilgan «O‘zbekistonda ijtimoiy soha ob’ektlarining energetik samaradorligini oshirish» loyihasida tanlab olingan Toshkent, Qashqadaryo, Navoiy, Farg‘ona, Andijon viloyatlari va Qoraqolpog‘iston Respublikasida joylashgan bir va ikki qavatli oltita maktab va ikkita qishloq vrachlik punkti binolarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura qurilish qo‘mitasining 2017 yil 3 noyabrdagi 12125/11-03-son ma’lumotnomasi). Natijada binolarda sarflanadigan energiya iste’molini o‘rtacha 50%ga (yiliga 8 bino bo‘yicha 1 414 732 kVt∙soatga) kamaytirish imkoni yaratilgan;
energiya iste’molini monitoring qilishda «Nazorat va Me’yorlashtirish» usuli O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura qurilish qo‘mitasi tomonidan bajarilgan «O‘zbekistonda ijtimoiy soxa ob’ektlarining energetik samaradorligini oshirish» loyixasida tanlab olingan sakkizta jamoat binosida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura qurilish qo‘mitasining 2017 yil 3 noyabrdagi 12125/11-03-son ma’lumotnomasi). Natijada binolarni isitish tizimida ishlatiladigan yoqilg‘i sarfini 5–10%ga kamaytirish imkoni yaratilgan;
energiya iste’molini monitoring qilishda bino ish rejimini e’tiborga oluvchi usul O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura qurilish qo‘mitasi tomonidan bajarilgan «O‘zbekistonda ijtimoiy soha ob’ektlarining energetik samaradorligini oshirish» loyihasida tanlab olingan sakkizta jamoat binosida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura qurilish qo‘mitasining 2017 yil 3 noyabrdagi 12125/11-03-son ma’lumotnomasi). Natijada binolardagi yillik elektr energiya iste’molini 5–10%ga kamaytirish imkoni yaratilgan;
energiya iste’moli “muammoli” bo‘lgan ob’ektlarni aniqlash, energiya iste’molini bashorat etish va yillik me’yorlarini aniqlash usullari FA-A5-FO52 raqamli «Yoqilg‘i-energetika majmuasi korxonalarida energiya tejalishini boshqarishning integrallashgan axborot tizimini ishlab chiqish» grant loyihasida (2014-2017) tizim ichidagi energiya iste’moli yuqori bo‘lgan ob’ektlarni aniqlashda, tizimdagi har bir ob’ektning keyingi yildagi bashorat ko‘rsatkichlari va yillik me’yorlarini aniqlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 1 dekabrdagi FTA-02-11/1220-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi tizim ichiga kiruvchi energiya iste’moli yuqori bo‘lgan ob’ektlarni va ulardagi energiya sarfi qanchaga ortganligini aniqlash, har bir ob’ekt energiya iste’molini bashoratlash, yillik me’yorlarini aniq baholash imkonini bergan.