Bobojonov Mardonbek Erkinovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qimmatli qog‘ozlar vositasida tuziladigan repo bitimlarini qo‘llashning fuqarolik-huquqiy ta’minlash masalalari», 12.00.03–Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Yu41.

Ilmiy rahbar: Borotov Mirodiljon Xomudjonovich, yuridik fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.27.06.2017.Yu.22.01.

Rasmiy opponentlar: Sindarov Komil Oydinovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Yuldashev Jaxongir Inomovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: repo bitimining huquqiy tabiatini tizimli tahlil qilish, uning amal qilish mexanizmini asoslash, sohadagi chet el tajribasini va xalqaro huquqiy hujjatlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

birjalarda qimmatli qog‘ozlarni muayyan muddat o‘tgach, avvaldan belgilangan narx bo‘yicha qayta sotib olish sharti bilan tuziladigan qimmatli qog‘ozlarga doir oldi-sotdi bitimlar  (repo) tuzilishi mumkinligi asoslangan;

birja tovarlarining aksiya, obligatsiya va hosila kabi qimmatli qog‘oz turlari aniqlashtirilib, hosila moliyaviy vositalar birja tovari bo‘lishi mumkinligi asoslangan;

depozitar tilxatlar nominal qiymatga ega bo‘lmagan qimmatli qog‘oz ekanligi va u taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlarning muayyan soniga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlashi va uning egasi ushbu qimmatli qog‘oz emitentidan depozitar tilxat o‘rniga taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlarning tegishli sonini olish huquqini mustahkamlashi asoslangan;

repo bitimi bo‘yicha hisob-kitoblar mijozning barcha pul talablarini uning barcha pul majburiyatlariga nisbatan hisobga olish mexanizmini nazarda tutuvchi netting tizimini qo‘llash orqali amalga oshirish asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Qimmatli qog‘ozlar vositasida tuziladigan repo bitimlarini qo‘llashning fuqarolik-huquqiy ta’minlash tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

belgilangan tartibda birja savdolariga qo‘yilgan muayyan turdagi va sifatdagi tovar, shu jumladan hosila moliyaviy vositalar (derivativlar) birja tovari bo‘lishi mumkinligiga oid taklif «Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning (yangi tahriri) 10-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 16 dekabrdagi 05-44/630-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif birja tovarlarining turlarini kengaytirib, hosila moliyaviy vositalar yordamida repo bitimini tuzishning huquqiy asosini yaratishga xizmat qiladi;

birjalarda qimmatli qog‘ozlarni muayyan muddat o‘tgach, avvaldan belgilangan narx bo‘yicha qayta sotib olish sharti bilan tuziladigan qimmatli qog‘ozlarga doir oldi-sotdi bitimlari (repo) tuzilishi mumkinligi to‘g‘risidagi taklif «Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning (yangi tahriri) 10-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 16 dekabrdagi 05-44/630-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi repo bitimini qonun darajasida belgilanishiga va uni  tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan keng qo‘llanilishiga xizmat qilgan;

depozitar tilxatlarga «nominal qiymatga ega bo‘lmagan qimmatli qog‘oz bo‘lib, u taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlarning muayyan soniga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlaydi va uning egasining ushbu qimmatli qog‘oz emitentidan depozitar tilxat o‘rniga taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlarning tegishli sonini olishini hamda taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlar bilan mustahkamlangan huquqlarning depozitar tilxat egasi tomonidan amalga oshirilishi bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatilishini talab qilish huquqini mustahkamlaydi» deb ishlab chiqilgan ta’rif «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi qonunining (yangi tahriri) 3-moddasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 16 dekabrdagi 05-45/631-son ma’lumotnomasi). Bu qimmatli qog‘ozlar turlarining  kengayishiga va repo bitimi ob’ektlari doirasini yanada aniqlashtirishga xizmat qilgan;

repo bitimi tuzish jarayonida qo‘llaniladigan netting atamasiga mijozning barcha pul talablarini uning barcha pul majburiyatlariga nisbatan hisobga olish orqali amalga oshiriladigan kliring usuli deb ishlab chiqilgan ta’rifdan «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi qonunning (yangi tahriri) 3-moddasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 16 dekabrdagi 05-45/631-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi mamlakatimiz qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashuviga va milliy fond bozorlarimizni jahon fond bozorlariga integratsiyalashuvini kuchaytirishga xizmat qilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish