Kodirov Abduaxad Abduraximovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Alifatik va geterotsiklik nitrillar hamda amidlar sintezi, kvant kimyoviy tasnifi, modifikatsiyasi, biologik faolligi”, 02.00.03 – Organik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.DSc/K136.
Ilmiy maslahatchi: Elmuradov Burxon Juraevich kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Qarshi davlat universiteti, O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘simlik moddalari kimyosi institute, DSc. 02/30.01.2020.K/T.104.01.
Rasmiy opponentlar Abdushukurov Anvar Kabirovich, kimyo fanlari doktori, professor; Bozorov Xurshed Abdulloevich, kimyo fanlari doktori (DSc), professor; Jo‘raqulov Sherzod Niyatqobulovich, kimyo fanlari doktori (DSc), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: alifatik, aromatik va geterotsiklik aminlar qatorida Strecker reaksiyasi yordamida aminonitrillarning takomillashgan bir reaktorli sintez usullarini ishlab chiqish, ularning maqsadli kimyoviy o‘zgarishlarini amalga oshirish, natijalarni qiyosiy tahlil etish, olingan birikmalarning tuzilishini, fizik-kimyoviy va biologik xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor alifatik, aromatik, geterotsiklik aminlar va alifatik diaminlarning asetonsiangidrin bilan kondensatsiyasi sistematik tarzda tadqiq etilib, substrat tuzilishi, reagentlar nisbati, reaksiya harorati va davomiyligiga bog‘liq holda turli tuzilishga ega mono- va bis-aminonitrillar hosil bo‘lishi aniqlangan;
aminlar va diaminlarni ayrim organik (asetonsiangidrin, ASN) va noorganik sianidlarning (NaCN, KCN, NH4CN) aseton bilan aralashmasi ishtirokida kislotali sharoitda sianlash reaksiyalari bir reaktorli multikomponent sintez (One-pot synthesis) mexanizmida ketishi aniqlangan va muqobil (alternativ) sianlovchi agent sifatida tavsiya etilgan;
aminonitrillarning sintezi qaytar jarayon bo‘lib, reaksiyalar suv tortuvchi agentlar (quruq Na2SO4, K2CO3, CaCl2) yoki suvni haydash bilan olib borilishi nisbatan qisqa vaqtda va yuqori unumda mahsulotlar hosil bo‘lishi aniqlangan;
diaminlar va ACh ishtirokida nukleofil almashinish reaksiyalari reagentlarning 1:1 nisbatida ancha past haroratda (-150S) yuqori unumlar bilan selektiv tarzda mono-aminonitrillar hosil bo‘lishi, haroratning pasaytirilishi yoki ko‘tarilishi mahsulot unumi kamayishiga yoki mono- va bis-aminonitrillar aralashmasi hosil bo‘lishiga olib kelishi aniqlangan;
diaminlarning asetonsiangidrin va muqobil sianlovchi agentlar [(sianidlar+aseton)] ishtirokida nukleofil almashinish reaksiyalari reagentlarning 1:2 nisbatida yumshoq sharoitda (20-250S) ketib, faqat bis-aminonitrillar hosil bo‘lishi aniqlangan;
para-holatida elektrodonor guruh tutgan almashingan anilinlarning mono-aminonitrillar hosil bo‘lish reaksiyalari (A, B, C, D usullar) anilinga nisbatan yuqoriroq unum bilan borishi kuzatilgan, buni anilinning asosliligi pastligi, fazoviy omillar, metil va metoksi guruhlarning elektronodonorlik ta’sirida aminlarning asosliligi ortishi va nukleofil almashinish reaksiyalarining oson ketishi bilan tushuntirilgan hamda reaksiya mexanizmi tavsiya etilgan;
ketonlar (metiletilketon, siklogeksanon), benzaldegid va p-almashingan benzaldegidlar asosida sintez qilingan siangidrinlarning alifatik, geterotsiklik va aromatik aminlar bilan nukleofil almashinish reaksiyalari amalga oshirilgan va mono- va bis-aminonitrillarning multikomponent bir reaktorli sintez usullari hamda reaksiyalar mexanizmi taklif etilgan;
ilk bor tabiiy alkaloid sitizinning asetonsiangidrin va ayrim aromatik aldegidlar bilan ishqoriy katalizator (K2CO3) ishtirokida reaksiyasi natijasida molekulasida qo‘shimcha asimmetrik uglerod atomi saqlagan aminonitrillar sintezi amalga oshirilgan va ularning diastereomerlar holida ekanligi RTT tahlili hamda fizik-tadqiqot usullari yordamida isbotlangan;
tadqiqotlar davomida sintez qilingan yoki qiyosiy tanlab olingan (amino)nitrillar, ularni modifikatsiya mahsulotlarining tuzilishi va reaksion qobiliyatini kvant-kimyoviy tadqiq etish (Gaussian98 dasturi, B3LYP/6-311G, DFT-B3LYP usullari) natijasida molekulada elektronoakseptor guruhlar (nitril, amid, tioamid) bo‘lishi zaryadlar taqsimlanishiga sezilarli ta’sir etishi va elektrofil agentlar bilan boradigan (ipso-almashinish va elektrofil birikish) reaksiyalarining yo‘nalishlari nazariy asoslab berilgan;
sintez qilingan ba’zi bis-aminonitrillarning turli sharoitlarda to‘liq gidrolizi noselektiv tarzda ketib, har ikki nitril guruhining gidrolizlanishi natijasida yuqori unumlar bilan organik sintez uchun muhim bilding-blok bo‘lib xizmat qiluvchi yangi bis-aminokislota - 2,2'-(butan-1,4-diilbis(azandiil))bis(2-metilpropan kislota) hosil bo‘lishi aniqlangan va reaksiya mexanizmi tavsiya etilgan;
olingan ba’zi mono- va bis-aminonitrillarning gidrolizi, elektrofil reagentlar (kislota angidridlari va xlorangidridlari) ta’sirida mono- va di-almashingan hosilalarining sintezi amalga oshirilgan va reaksiyalar borishiga ta’sir etuvchi omillar (harorat, katalizator) aniqlangan va reaksiyalar mexanizmi tavsiya etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
α-Aminonitrillar va ularning turli yangi hosilalarini sintez qilish, kimyoviy o‘zgarishlari natijasida olingan birikmalarni tuzilishini va biologik faolligini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘stiruvchanlik xususiyatga ega N,N-bis-(α-sianizopropil) etilendiamin uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk Markazining ixtiroga patenti olingan (№IAP 07542, 2023 yil). Natijada qishloq xo‘jaligida keng qo‘llash uchun suvda oson eruvchan, kam zaharli va yuqori samarali sintetik stimulyator yaratilgan;
O‘zbekistan Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 17 iyuldagi 314-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Organik kimyo fanidan laboratoriya mashg‘ulotlari uchun” o‘quv darsligi chop etilgan (ruxsatnoma №314-207. 2023y.). Natijada, mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar uchun zamonaviy kimyoviy tajribalarni o‘zida aks ettirgan darslikdan foydalanish imkoniyati yaratilgan;
geterotsiklik aminlar va aromatik aldegidlarning asetonsiangidrin ishtirokida asimmetrik uglerod atomi saqlagan nitrillarning sintez usullari 2012-2016 yillarda bajarilgan FA-F7-T207 "Biologik faol geterotsiklik birikmalar molekulasida asimmetrik markaz hosil qilishning nazariy muammolari" mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2023 yil 8 noyabrdagi 4/1255-2483-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida tabiiy (sitizin alkaloidi) va sintetik (piperidin, morfolin) ikkilamchi aminlarning asimmetrik uglerod atomi saqlagan nitrillarining samarali olinish usullarini yaratish imkonini bergan;
o‘stiruvchanlik xususiyatga ega vositaning g‘o‘za hosildorligini oshirishi aniqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 21 noyabrdagi 04/30-04/8646-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘stiruvchanlik xususiyatga ega vosita bilan ishlov berilgan g‘o‘zaning turli kasalliklarga chidamliligi oshishi va hosilning erta etilishi natijasida hosildorlik 40 s/ga, rentabellik 11.8% ni tashkil etishi aniqlangan;
o‘stiruvchanlik xususiyatga ega vosita qator fermer xo‘jaliklarida tajriba-sinov amaliyotlarida qo‘llanilgan (O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari Kengashining 2022 yil 23 dekabrdagi 01/03-3392-son ma’lumotnomasi). Natijalar asosida preparat klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy samaradorligini oshirishda qo‘llash uchun tavsiya etilgan va qo‘shimcha hosil olish imkoni yaratilgan;
yuqori o‘stiruvchanlik xususiyatini namoyon etuvchi “Oltin kuz” preparatiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk Markazidan tovar belgisiga guvohnoma (MGU 47964, 2023 yil) olingan.