Oliy attestatsiya komissiyasida pedagogika, tibbiyot (05.01.2024), tarix va filologiya (26.01.2024) fanlari yo‘nalishida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari tahlili hamda ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli fanlarga ixtisoslashgan ilmiy kengashlar rahbarlari ishtirok etdi.
Jamiyatning ijtimoiy-madaniy, ma’naviy-ma’rifiy, ilm-fan bo‘yicha yuksalishida pedagogika, tarix, filologiya hamda tibbiyot fanlarining o‘rin muhim. Zero, dunyoda globallashuv jarayoni shiddatli va keskin tus olgan bugun kunda mazkur fanlar bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ilmiy maktablar faoliyatini kuchaytirish, ilm-fan sohasiga kirib kelayotgan yosh olimlarni qullab-quvvatlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Yig‘ilishda Yangi O‘zbekistonda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar xususida axborot berilib, navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Ilmiy tadqiqotlar amaliy samaradorligini oshirish, innovatsion va ilg‘or xalqaro tadqiqot uslublarini keng joriy etish hamda sohada shaffoflikni ta’minlashga doir amaliy tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish so‘nggida Ilmiy kengashlar faoliyatini nizom talablariga ko‘ra tashkil qilish hamda axborot-tahlil xulosalari bo‘yicha savollarga atroflicha javob olindi.
Axborot xizmati