Kulbasheva Xurshida Xasanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Epoksidlangan o‘simlik moylari asosida polivinilxlorid uchun ikkilamchi plastifikatorlar olish va qo‘llash», 02.00.14 - Organik moddalar va ular asosida materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/T4112.
Ilmiy rahbar: Turaev Xayit Xudaynazarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, DSc.03/31.01.2023.K/T.78.01.
Rasmiy opponentlar: Beknazarov Hasan Soyibnazarovich, texnika fanlari doktori, professor; Chorieva Nigora Barotalievna, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘simlik moylarini epoksidlash va polivinilxlorid uchun ikkilamchi plastifikator sifatida qo‘llash texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kungaboqar, kunjut va zig‘ir moylarini vodorod peroksid yordamida epoksidlash natijasida polivinilxlorid uchun ikkilamchi plastifikator sifatida ishlatiladigan epoksidlangan moylar olingan;
katalizator tetraetilammoniy bromid ishtirokida o‘simlik moylarini 30% li vodorod peroksid bilan epoksidlash unumi 85% bo‘lishi aniqlangan;
epoksidlangan o‘simlik moylari asosidagi ikkilamchi plastifikatorlarni birlamchi plastifikator dioktilftalat bilan mos holda 20:80 massa nisbatida polivinilxloridga aralashtirish natijasida olingan polivinilxlorid namunasining fizik-mexanik xossalari yaxshilanishi aniqlangan;
o‘simlik moylarini epoksidlash va polivinilxlorid uchun ikkilamchi plastifikator sifatida qo‘llash texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Epoksidlangan oʻsimlik moylari asosida polivinilxlorid uchun ikkilamchi plastifikator olish va qoʻllash boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
vodorod peroksid bilan o‘simlik moylarini oksidlab epoksidlangan moylar olish texnologiyasi “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” da ikkilamchi plastifikatorlar olish uchun amaliyotga joriy qilingan (“Muborak gazni qayta ishlash zavodi” ning 2023-yil 5-oktyabrdagi 18/04-son ma’lumotnomasi). Natijada, mahalliy xomashyolar asosida arzon, zaharsiz, import o‘rnini bosuvchi ikkilamchi plastifikatorlar olish imkonini bergan;
epoksidlangan o‘simlik moylari asosiga olingan ikkilamchi plastifikatorlar “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” da polivinilxloridning fizik-mexanik xossalarini yaxshilovchi qo‘shimcha sifatida qo‘llanilgan (“Muborak gazni qayta ishlash zavodi” ning 2023-yil 5-oktyabrdagi 18/04-son ma’lumotnomasi). Natijada, issiqlikka chidamli, elastik, fizik-mexanik xossalari yaxshilangan ekologik toza polivinilxlorid materiallar ishlab chiqarish imkonini bergan.